"Barselona" klubi 19 yoshli yarim himoyachi Mark Bernal bilan amaldagi shartnomani uzaytirishni rejalashtirmoqda.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, kataloniyaliklar o‘z tarbiyalanuvchisi bilan imzolanadigan yangi kelishuvga futbolchining tovon pulini 500 million yevro etib belgilaydigan bandni kiritish niyatida.
Ta’kidlash joiz, "Barselona"ning boshqa bir qator futbolchilari shartnomalarida ham xuddi shunday miqdordagi tovon puli belgilangan.
Xususan, Dani Olmo, Pau Kubarsi, Fermin Lopes va yana bir nechta futbolchining shartnomasida tovon puli 500 million yevroga teng.
Pedri, Rafinya Dias va jamoaning boshqa ayrim asosiy futbolchilari uchun belgilangan tovon puli esa bir milliard yevroga yetadi.
Mark Bernal joriy mavsumda "Barselona" safida barcha musobaqalar doirasida o‘nta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita golli uzatmani amalga oshirdi.













