«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Fransiya chempionatining saviyasi jamoasiga Chempionlar ligasida boshqa klublarga nisbatan ustunlik berishi haqidagi fikrlarga munosabat bildirdi. Bunday qarashlarga ko‘ra, ichki chempionatda tarkibni kengroq rotatsiya qilish imkoniyati «PSJ»ga Yevropa maydonida qo‘l keladi.
«Bu «PSJ» atrofidagi odatiy shov-shuvlar. Bu yerga kelishimdan oldin ham «PSJ» Fransiya chempionatining saviyasi sababli Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lolmaydi, degan fikrlarni eshitardim. Endi esa biz ushbu musobaqada g‘olib chiqqanimizdan keyin ham xuddi shu gaplarni aytishmoqda — go‘yoki buning barchasi Fransiya chempionatining saviyasi bilan bog‘liq emish. Har doim shikoyat qiladiganlar topiladi. Biz esa barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz», — dedi Enrike matbuot anjumanida.
Hafta davomida «PSJ» Chempionlar ligasi doirasida «Manchester Siti»ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi.













