Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan 2027 yilgi Osiyo Kubogiga tayyorgarlik rejaga muvofiq davom etmoqda. Bu haqda mahalliy musobaqa tashkilotchilari ma’lum qildi.
SPA axborot agentligining xabar berishicha, turnirga tayyorgarlik tasdiqlangan jadvalga muvofiq Osiyo Futbol Konfederasiyasi (OFK) bilan yaqin hamkorlikda davom etmoqda. Tashkilotchilar “ushbu qit’a miqyosidagi tadbir va turnirni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan resurslarni safarbar qilish va o‘z ishlarini davom ettirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqladi”.
Avvalroq OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Al Xalifa Shveysariyaning Syurix shahrida bo‘lib o‘tgan FIFA Kengashidan so‘ng turnir keyinga qoldirilishi mumkinligini aytgandi. Bunga sabab qilib Saudiya Arabistonidagi notinch vaziyat ko‘rsatilgan.
OFK prezidenti vaziyat hali o‘zgarishi mumkinligi, shu sababli noyabr oyining oxirigacha kutish kerakligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan variantlardan biri Osiyo Kubogi musobaqasini 2028 yilga qoldirishdir.
Osiyo Kubogi 2027 yil 7 yanvardan 5 fevralgacha Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. O‘yinlar uchta shaharda: Ar-Riyod, Jidda va Al-Xobarda o‘tkaziladi.













