Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/10 19:00 Bunyodkor 1-1 So‘g‘diyona
16/10 19:00 Qo‘qon-1912 2-4 Neftchi
16/10 19:00 Surxon 0-0 Xorazm
16/10 23:45 Frozinone 4-2 Sassuolo
17/10 00:00 Deportivo 1-1 Levante
17/10 18:00 Lokomotiv - Nasaf
17/10 19:00 Dinamo - Buxoro
17/10 19:00 Navbahor - Paxtakor

Ulug‘bek Baqoyev: «Chiroyli va agressiv futbol namoyish etishga harakat qilamiz»

Ulug‘bek Baqoyev: «Chiroyli va agressiv futbol namoyish etishga harakat qilamiz»

Baho:
+ | -

«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev Superliganing 24-turidan o‘rin olgan «Bunyodkor» — «So‘g‘diyona» (1:1) uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etdi.

— O‘yin haqidagi fikrlaringiz?

— Birinchi bo‘limda «Bunyodkor» o‘yinni ko‘proq nazorat qildi va vaziyatlar yaratdi. Haqiqiy yuz foizlik imkoniyatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, yarim vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Zarba berishdi, to‘pni nazorat qilishdi va hokazo.

Futbolda shunday holatlar bo‘lib turadi. Shuning uchun 1:1 hisobidagi durang, albatta, biz uchun yaxshi natija emas. Jamoamizda bir g‘alati holat kuzatilyapti: gohida ketma-ket uch-to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozonamiz, ba’zida esa shuncha o‘yin davomida g‘alaba qozona olmaymiz.

Shunga qaramay, futbolchilarga maydondagi fidoyiliklari uchun rahmat aytaman. Endi keyingi uchrashuvga tayyorlanamiz. Oldinda Kubok o‘yini bor. Tiklanib olishimiz, puxta tayyorgarlik ko‘rishimiz va maydonga g‘alaba uchun chiqishimiz kerak.

— Doriyevning o‘yini haqida nima deya olasiz? Avval u ko‘plab vaziyatlar yaratardi, ammo ularni golga aylantirishda muammolar bor edi. Hozir esa imkoniyatlaridan ancha samarali foydalanmoqda.

— Biz taktik sxemani o‘zgartirganimiz yo‘q. Hammasi avvalgidek qolgan. Faqat futbolchilar o‘yin davomida maydondagi harakatlarini, joylashuvlarini to‘g‘ri belgilashlari kerak. Ba’zida ular o‘zlari oldinga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan paytda pastroqda qolib ketishadi. Mashg‘ulotlarda bu jihatlar ustida ishlayapmiz.

Maydonda esa futbolchilarga ko‘rsatmalarni yetkazish ham oson emas: kimdir eshitadi, kimdir esa uzoqda bo‘ladi. Ammo taktikamiz o‘zgarmagan.

Bugun shunday o‘yin bo‘ldi. «Bunyodkor» faollashganidan keyin hisobni saqlab qolish maqsadida almashtirishlarni amalga oshirdik. 83 va 86-daqiqalarda o‘zgarishlar qildik. Bizda yana bitta almashtirish imkoniyati qolgani uchun ikki nafar futbolchini almashtirdik.

Futbolchilarga e’tirozim yo‘q. Ularga fidoyiliklari va o‘yin intizomi uchun rahmat aytaman. Biroq jismoniy jihatdan kuchimiz yetmadi, desam ham bo‘ladi. Uchrashuv oxirida jamoa biroz pasayib qoldi.

— Lyupche raqiblar uchun tobora xavfli futbolchiga aylanmoqda. Biroq raqiblar uni yaxshi o‘rganib, maydonda ikki-uch nafar futbolchi bilan to‘sishga harakat qilishyapti. Bunday vaziyatda unga qanday yordam berish mumkin?

— Qarang, futbolchi hujumda faol va agressiv o‘ynasa, raqiblarni aldab o‘tishdan qo‘rqmasa, hatto ikki-uch nafar raqibni ham ortda qoldirishga harakat qilsa, bu uning kuchli jihati hisoblanadi.

Albatta, har bir raqib jamoa tarkibimizni o‘rganadi, futbolchilarning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qiladi. Bu — futbolning oddiy qonuniyati.

Doriyev to‘pni qabul qilishi bilan unga ikki-uch nafar himoyachi tashlanadi. Qolaversa, boshqa futbolchilar ham ularni sug‘urtalab turishadi. Shu sababli unga qiyin. Bir tomondan esa bu yaxshi holat: demak, raqiblar uni kuchli futbolchi sifatida tan olishyapti va undan xavfsirashyapti.

Agar uning yonida yana bir agressiv, hujumda faol harakat qiladigan futbolchi bo‘lsa, Doriyevga ancha oson bo‘lardi. Raqiblar faqat uni to‘sish bilan cheklana olmasdi.

— Yosh futbolchilarning yakkama-yakka vaziyatlarda raqibni aldab o‘tishga kamroq harakat qilishiga nima sabab? Zamonaviy futbolda individual mahorat qanchalik muhim?

— Bilmayman, lekin yosh futbolchilarning ba’zilari negadir agressiv o‘ynashdan qo‘rqishadi. Albatta, hammasiga ham bunday deb bo‘lmaydi. Ko‘pchiligi raqibni aldab o‘tishga harakat qilish o‘rniga, to‘pni nazorat qilish va xavfsizroq o‘ynashni afzal ko‘radi. Ammo ba’zi vaziyatlarda raqibni aldab o‘tishga jasorat bilan harakat qilish kerak. Individual harakatlar, shaxsiy mahorat zamonaviy futbolda juda muhim.

Biz bu haqda ko‘p gapiramiz. Lekin ba’zan shunday futbolchilar bo‘ladiki, ularning iqtidori ko‘zga tashlanadi, keyin esa katta futboldan sezilmay ketishadi. Masalan, Ma’rufovlar ham shunday ketib qolishdi, deyarli bilinmay qolishdi.

Bunday futbolchilarning ustunligi shunda ediki, ular yosh bo‘lsa-da, o‘ziga ishonar, jasorat bilan harakat qilardi. Raqibni aldab o‘tishdan va to‘pni yo‘qotishdan qo‘rqmasdi. Menimcha, yosh futbolchilarda aynan shu xususiyatlarni rivojlantirishimiz kerak.

— «Bunyodkor» akademiyasidan ko‘plab yosh futbolchilar yetishib chiqmoqda va asosiy jamoaga kirib kelmoqda. «So‘g‘diyona» akademiyasi ham kelajakda shunday natijalarga erisha oladimi?

— «Bunyodkor»da yosh futbolchilarni tayyorlaydigan akademiya bor. U yerda har bir pozisiya uchun yetarlicha futbolchilar yetishtiriladi. Mening fikrimcha, ularda har bir pozisiyaga Superliga darajasiga mos keladigan besh-o‘n nafargacha futbolchi bor.

Bugungi kunda «So‘g‘diyona» ham o‘z akademiyasini tashkil qildi. Adashmasam, bunga ikki-uch yil bo‘ldi. Yana besh-olti yil o‘tsa, «So‘g‘diyona» akademiyasi ham o‘z mevasini bera boshlaydi. Shunda mahalliy yosh futbolchilar asosiy jamoaga kirib keladi, boshqa yoshlar esa ularning o‘rnini to‘ldiradi.

Bu — tabiiy jarayon. Eng muhimi, yosh futbolchilarga imkoniyat berish va ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratish.

— Keyingi o‘yindan muxlislar nimani kutishlari mumkin?

— Yaxshi o‘yin kutishlari mumkin. Chiroyli va agressiv futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Men har doim shunday o‘yin tarafdoriman.

Manba: @pfcsogdianauz
Kiritildi: 07:10, 17.10.2026.
O'qildi: 419 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик