Fransiyaning «Tuluza» klubi darvozaboni Giyom Rest faoliyatida katta qadam tashlashi mumkin. Jurnalist Ekrem Konurning ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, 21 yoshli posbonga Parijning «PSJ» klubi qiziqish bildirmoqda.
Parijliklar jamoa tarkibini uzoq muddatli istiqbolda shakllantirish strategiyasi doirasida Restning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, fransuz darvozaboni «PSJ»da Matvey Safonovga raqobatchiga aylanishi mumkin.
Avvalroq ommaviy axborot vositalarida Giyom Restning xizmatlariga Madridning «Real» klubi ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Rest 2013 yilning yozidan buyon «Tuluza» klubi tizimida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning jamoa bilan amaldagi shartnomasi 2027/2028 yilgi mavsum yakuniga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, 21 yoshli darvozabonning transfer qiymati 18 million yevroga baholanmoqda.













