O‘zbekiston chempionatining 25-turidan o‘rin olgan dastlabki bahs yakuniga yetdi. Toshkentdagi “Lokomotiv” stadionida kechgan bellashuvda “qaldirg‘ochlar” g‘alaba qozonib, turnir jadvalidagi holatini yaxshilab oldi.
O‘zbekiston Superligasining 25-turi doirasida Toshkentning “Bunyodkor” Muborakning “Mash’al” jamoasiga qarshi maydonga tushib, muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.
Toshkentdagi “Lokomotiv” stadionida kechgan bahsni mehmonlar ancha faol boshlashdi. Uchrashuvning 11-daqiqasidayoq Ergash Ismoilovning uzatmasidan so‘ng Zafar Akramov hisobni ochib, muborakliklarni oldinga olib chiqdi — 0:1.
Biroq qabul qilib olingan goldan so‘ng “qaldirg‘ochlar” tezda o‘zlariga kelishdi. 18-daqiqada Amir To‘raqulovning ajoyib uzatmasidan unumli foydalangan Islom Anvarov muvozanatni tikladi. Mezbonlar buning o‘zi bilan to‘xtab qolishmadi: 33-daqiqada yana o‘sha Amir To‘raqulovning assistentligida Shamsiddin Tursunmahammadov raqib darvozasini ishg‘ol qilib, “Bunyodkor”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda har ikki jamoa murabbiylari zaxiradan o‘yinchilarni tushirib, uchrashuv tempini oshirishga harakat qilishdi. “Mash’al” muvozanatni tiklash uchun bir qator xavfli hujumlar tashkil etgan bo‘lsa-da, “Bunyodkor” himoyachilari xatosiz harakat qilib, 2:1 hisobidagi irodali g‘alabani saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng “Bunyodkor” 26 ochko bilan 13-o‘ringa ko‘tarildi. Hisobida 4 ochko bo‘lgan “Mash’al” esa turnir jadvalining so‘nggi pog‘onasida qolmoqda.
O‘zbekiston Superligasi. 25-tur
“Bunyodkor” — “Mash’al” 2:1
Gollar: 0:1 — Zafar Akramov (11), 1:1 — Islom Anvarov (18), 2:1 — Shamsiddin Tursunmahammadov (33).
“Bunyodkor”: Abdumavlon Abdujalilov, Matiya Krivokapich (Shahzodjon Ne’matjonov, 84), Amir To‘raqulov, Muhammad Hakimov, Muzaffar Olimjonov (Sardor Abdunabiyev, 80), Narimonjon Ahmadjonov, Islom Anvarov (Eldor Naimov, 84), Abdulhamid Ikromov, Shamsiddin Tursunmahammadov, Azizbek To‘lqunbekov, Ivan Bukrin.
“Mash’al”: Vladislav Rusanov, Zafar Akramov, Komiljon Tojiddinov (Izzatillo Abdulhaqov, 56), Sardor Abduraimov, Tohir To‘xtasinov (Muhammadbobur Mo‘ydinov, 67), Ifeanyi Ifeanyi (Ahrorbek Rahimov, 81), Ergash Ismoilov, Sunnatulla Yarashev (Javohir Abdulazizov, 81), Og‘abek Abdiraximov, Firdavs Jovliyev (Vlatko Stoyanovski, 67), Bobir Asqarov.
Ogohlantirishlar: Ifeanyi Ifeanyi (19).













