Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Metallurg»: Biz ham fevralda Turkiyaga boramiz...

«Metallurg»: Biz ham fevralda Turkiyaga boramiz...

Baho:
+ | -

Bekobodning «Metallurg» klubi oliy liganing barcha ishtirokchilari qatori yangi mavsumga qaratilgan tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Bir necha yildan buyon ancha barqaror o‘yin namoyish etayotgan jamoa avvalgi mavsumni 7-o‘rinda yakunladi. Bekobodliklarning kuchli beshlikka kirishlari uchun bor-yo‘g‘i bitta g‘alaba kamlik qildi. Bunga Rustam Mirsodiqov shogirdlarining ikkinchi davrada o‘yinni biroz bo‘shashtirishgani sabab bo‘ldi. Muhimi, tajribali murabbiyning «Metallurg»da ko‘pdan buyon ishlayotgani umumiy natijalar ijobiy ko‘rinish olishini ta’minlayapti. Qolaversa, jamoa hujumchisi Zohid Abdullayev to‘purarlar poygasida 2-o‘rinni egalladi. Klub boshlig‘i Shavkat Saidovning biz bilan suhbat chog‘i ta’kidlashicha, bekobodliklar yangi mavsumga yanada jiddiy rejalar tuzishgan.

- Shavkat aka, mana, yangi mavsum taqvimi tayyor, ya’ni jamoalar dastlabki turlarda kimlarga qarshi o‘ynashlarini bilishadi. Tabiiyki, endi tayyorgarlik jarayonida taqvimga ham e’tibor qaratiladi. Keling, suhbatimiz avvalida qur’a jamoangiz uchun qanday kelgani haqida gaplashsak...

- Umuman olganda, har qanday holatda mavsum davomida barcha ishtirokchilar bilan «uy-safar» tizimida o‘ynashimiz kerak. Eng yoqimli holat shuki, yangi mavsumni o‘z maydonimizdagi o‘yin bilan boshlaymiz. Aniqrog‘i, bir yillik tanaffusdan so‘ng oliy ligaga qaytgan «Dinamo»ni qabul qilamiz. Mavsumning ochilish uchrashuvini o‘z muxlislaringiz guvohligida o‘tkazish, ularga xursandchilik onlarini taqdim etish yoqimli. 2-turda esa «Mash’al» mehmoni bo‘lamiz. Keyin amaldagi chempion - «Lokomotiv»ga qarshi maydonga tushamiz. Xullas, shu 3ta o‘yinning kamida 2tasida g‘alaba qozonishimiz shart.

- Umuman, jamoa rahbari sifatida «Metallurg»ning avvalgi mavsumda qayd etgan natijasidan ko‘ng­lingiz to‘ldimi?

- Chempionat yakunlangach, klub rahbariyati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda 2016 yilgi mavsumdan qoniqish hosil qilingani aytildi. Endi shu ruhda ishlashda davom etamiz. Xususan, bo‘lajak mavsumdan ham umidlarimiz katta. O‘z o‘rnida aytishim kerak, 2016 yil hisobidan na futbolchilar va na murabbiylardan qarzimiz bor. Ya’ni hisob-kitob ishlari to‘liq amalga oshirildi. Oddiy aytganda, yangi mavsumni qarzdan xoli holda boshlaymiz.

- «Metallurg» bir necha yilki, barqarorligi bilan ajralib turibdi. Deylik, jamoa tarkibi uncha o‘zgarmaydi. Xo‘sh, bu masalada qanday yangiliklar bor?

- Tarkibimiz o‘zagi buzilmaydi - uni 80-90 foizga saqlab qolamiz. Ilk o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inida asosiy e’tibor chigalyozdi va tiklanish mashqlariga qaratildi. Qaysi yangi futbolchilarni taklif etish murabbiylar shtabiga havola. Bu masalaga 15 yanvargacha oydinlik kiritilishi shart. Chunki o‘sha paytga borib, tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt oz qoladi.

- Yetakchi futbolchilar bilan amaldagi shartnomalar muddati uzaytiriladimi?

- Ha, albatta. Yangi mavsumda ham jamoamizda o‘ynashni istaydigan futbolchilar bilan hamkorlikni davom ettiramiz. Eng katta yutug‘imiz - bu jamoamizdagi ahillik. Murabbiylar shtabi esa alohida mavzu. Mana, Rustam aka Mirsodiqov bir necha yildan buyon «Metallurg» bosh murabbiyi lavozimida ishlab kelyapti. Uning yordamchilari ham katta tajribaga egalar. Deylik, ular futbolchilik davrida ham yorqin iz qoldirishgan. Jamoamiz muvaffaqiyatida aynan murabbiylar xizmati katta, menimcha. Ishonamanki, bo‘lajak mavsumda natijalarimiz yanada ijobiy bo‘ladi. Asosiy maqsadimiz - milliy futbolimiz rivojiga o‘z hissamizni qo‘shish. Birinchi galdagi vazifamiz ham shu.

- To‘purarlar poygasida ikkinchi bo‘lgan Zohid Abdullayev yangi mavsumda ham «Metallurg» sharafini himoya qiladimi?

- Bu futbolchimizni o‘z safida ko‘rishni istaydigan klublar ko‘p. Lekin u «Metallurg»da qoladi va o‘ylaymanki, jamoamiz g‘alabalariga sezilarli hissa qo‘shadi. 

- «Metallurg» avvalgi mavsumning ikkinchi qismida biroz bo‘shashgandek ko‘rindi. Buni qanday izohlaysiz, yangi chempionatda shunaqa bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?

- Barchasini futbolchilar bilan obdon tahlil qilib chiqdik. Darhaqiqat, ikkinchi davrada o‘yinimiz biroz pasaydi. Xususan, «Buxoro»ga yutqazganimiz alamli bo‘ldi. Zero, agar o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonganimizda, turnir jadvalining yuqoriroq pog‘onasidan joy olardik. 

- Yoshlar jamoasida o‘zlarini ko‘rsatib, asosiy tarkibda o‘ynashga haqli ekanliklarini isbotlagan futbolchilar ham bormi?

- Yoshlar jamoamiz mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Jamoaning natijasidan xursandmiz. Bu «Metallurg»da yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatib turibdi. Yangi mavsumda yoshlar tarkibining 3-4 nafar a’zosi asosiy jamoadan o‘rin olishiga ishonaman. Ular yig‘inlarda asosiy tarkib vakillari bilan birga shug‘ullanishadi. Ya’ni e’tiborni tort­gan yigitlarni nazorat o‘yinlarida sinab, eng munosiblarini tanlab olamiz.

- Yanvar va fevral oylari uchun tayyorgarlik rejasi tasdiqlandimi?

- Fevralning o‘rtalariga qadar Chirchiqdagi bazamizda shug‘ullanamiz. Tabiiyki, bu orada nazorat uchrashuvlari ham tashkil etiladi. Ayrim o‘yinlar Toshkentda o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, ya’ni fevralning ikkinchi yarmida Turkiyada yig‘in o‘tkazish rejalashtirilgan. Hozir bu borada ish olib borilyapti. Xullas, hammasi reja asosida ketsa, mavsum startigacha bitta yig‘in xorijda olib boriladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:36, 10.01.2017.
O'qildi: 5825 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.