Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Muxlis maqolasi. Terma jamoa hujumidagi kamchiliklar

Muxlis maqolasi. Terma jamoa hujumidagi kamchiliklar

Baho:
+ | -

Men 2000 yildan buyon o‘zbek futboli bilan hamnafasman. Boshqacha aytganda, 16 yildirki, O‘zbekistonning har qanday yosh toifasidagi terma jamoalariga muxlislik qilyapman. Avvalo, ochiq tan olish kerak, o‘tgan davrda futbolimiz texnik tomondan sezilarli darajada kuchayishga erishdi.

Deylik, bundan bir necha yil oldin ham Osiyoning o‘rtamiyona jamoalari sanalgan BAA, Qatar, Bahrayn kabi termalarning hujumchi va yarim himoyachilari bizning himoyachilarimizni bemalol ortda qoldirardilar. Chunonchi, milliy jamoamiz ushbu o‘rtamiyona jamoalarga qarshi bahslarda birgina Mirjalol Qosimov ijrosidagi betakror jarima zarbalariyu, omadga tayanib ish ko‘rardi. Shu holatda ba’zan g‘alaba qozonardi, goho yutqazardi. Qit’amiz futboli grandlari - Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron va Saudiya Arabistoni terma jamoalariga duch kelganda esa, ko‘pincha mag‘lubiyatni tan olardi. Endi-chi? Nafaqat o‘rtamiyonalar, balki grandlar ham bosh jamoamiz bilan alohida hisoblashishga majbur bo‘lishyapti. Xususan, endilikda 4-5ta jamoani aytmaganda, qolganlarini yengish uncha mushkul ish sanalmay qoldi biz uchun.

Grandlarga kelsak, ular faqat mukammal taktik tayyorgarlik evaziga hamon ustun ko‘rinmoqdalar. Shuningdek, ular qandaydir juz’iy kamchiliklarimizdan ustamonlik bilan foydalanishyapti. Oddiy muxlis sifatida shaxsiy kuzatuvlarimga tayanib, ba’zi xulosalarimni bayon etishni lozim topdim. Aniqrog‘i, milliy jamoamizga hujum payti pand berayotgan 3ta asosiy xato-kamchilikni sanab o‘tishga jazm etdim. O‘ylashimcha, ushbu kamchiliklarni bemalol yo‘qotish mumkin.

Birinchi kamchilik. Jamoamiz hujumlari keng front bo‘ylab amalga oshirilmaydi. Masalan, o‘ng qanotdan hujum boshlansa, futbolchilarimiz negadir beixtiyor markaziy hudud va aynan to‘p o‘ynalayotgan tomonda yig‘ilib qolishadi. Ya’ni bor e’tibor, aynan o‘ng qanotga qaratiladi. Natijada chap qanot «tomoshabin»ga aylanadi. Vaholanki, bu tarafdan ham kimdir hujumga faol qo‘shilishi kerak-ku. Ko‘p kuzatganmiz, hujum chog‘i to‘p bir tomondan jarima maydoniga uzatiladi, raqiblar xavfni bartaraf etishda uni ko‘pincha ikkinchi qanot taraf yo‘naltirishadi. Afsuski, shunday holatda bizda to‘pga ega chiqib, hujumni qayta jonlantiradigan futbolchi topilmaydi. Axir tartibli va chuqur himoyaga asoslangan hozirgi futbolda raqib darvozasini bir urinishda ishg‘ol qilish mushkul. Agar futbolchilarimiz takroriy hamla uyushtirishni o‘zlashtirsalar, jamoamizda samaradorlik ancha oshardi.

Ikkinchi kamchilik. Hujumlarimizda bir xillikni osongina payqash mumkin: qanotlarda to‘p suradigan futbolchilar to‘pni jarima maydoni tomon asosan «parashyut» uslubida oshiradilar. Hujumchilarimiz esa xohlashsa-xohlashmasa, havodagi to‘p uchun kurashishga majburlar. Ha, bu usul dunyo tajribasida keng qo‘llaniladi. Ammo shunisi borki, «ikkinchi qavat»dagi kurashlarning 80-90 foizi boy berilyapti. Xullas, qanotlar orqali to‘p oshirish taktikasi deyarli samara berayotgani yo‘q. Demakki, havo kurashlarida ustunlikni ta’minlashga qaratilgan alohida qo‘shimcha mashqlar tizimini ishlab chiqish zarur. Muqobil variant ham yo‘q emas - asosiy urg‘uni qisqa va o‘rtacha «pas»larga qaratib, markaz orqali hujumga o‘tish taktikasini mukammallashtirish lozim. Menimcha, bizga ikkinchisi mosroq. Zero, futbolchilarimizda jismoniy tayyorgarlikdan ko‘ra, texnik salohiyat balandroq, baribir.

Uchinchi kamchilik. Burchak to‘plari. Bundan ikki yilcha oldin «InterFutbol»da burchak to‘plari ijrosi haqida tahliliy maqola berilgandi. Unda ushbu stantart vaziyat qanday bajarilsa, to‘p jarima maydonining qaysi nuqtasiga uzatib berilsa, foydali koeffisiyenti yuqori bo‘lishi alohida chizmalar bilan ko‘rsatilgandi. Xususan, burchak to‘pi 11 metrli jarima nuqtasi hududiga yo‘naltirilsa, hujumdagi jamoa vakillarida imkoniyat nisbatan oshishi aniq faktlar asosida ta’kidlangandi. Qisqasi, shu holatda to‘pni hujum qilayotgan jamoaga nasib etishi va zarba berish yoki «pas» uzatish foizi baland bo‘ladi. Xo‘sh, bizdagi statistika qanday? Server Jeparov to‘pni shunchalik burab tepadiki, u to‘ppa-to‘g‘ri darvozabon qo‘liga borib tushadi. Necha yildirki, shu holat davom etyapti. Vaholanki, jamoamizga duch kelmagan raqiblar ham barchasini bilib ulgurishgan. To‘g‘ri, oxirgi vaqtlarda Server bu odatini ancha kamaytirdi, ammo u hamon shunday tepishga moyil. Boz ustiga, Aleksandr Geynrix ham to‘pni burab tepishga ishqiboz. Yo‘q, bunday tepishdan butunlay voz kechish shart emas. Deylik, bitta o‘yin davomida bir marta shu usulni qo‘llash mumkin, albatta, hech kim kutmagan holda. Ya’ni raqiblarni chalg‘itish maqsadida. Axir burchak zarbasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gol urilishi kamdan-kam holatda kuzatiladi. Agar yevrofutbolga qarasak, burchak zarbalari tepilayotgan payt jarima maydoniga kirgan futbolchilar tinmay harakatlanib, o‘z joylarini tez o‘zgartirib, himoyachilar tinkasini quritishadi. Oxir-oqibat, raqib vakillari o‘zlari «qo‘riqlayotgan» futbolchini «yo‘qotib», qo‘yishadi va xato qilishadi. Bizning futbolchilarga aynan shunday harakatchanlik yetishmayapti. Ular go‘yoki, himoyachilar xato qilishlarini kutib, joylarida qimirlamay turib qolishadi. Nahotki, raqiblari ham professional ko‘nikmaga ega ekanliklariyu, harakatsiz turgan futbolchini osongina yopishni uddalashlarini bilishmasa...

O‘ylaymanki, ushbu kamchiliklarni bartaraf eta olsak, jamoamiz nafaqat Osiyo, balki jahon arenalarida ham o‘z so‘zini bemalol aytadi. Chunonchi, ko‘rib turibmiz, aslida bizning futbolchilar imkoniyatlari-salohiyatlari yetarli. Albatta, men mutaxassis emas, shunchaki, o‘zbek futbolining kuyunchak bir muxlisiman. Futbolni mendan ko‘ra, ming chandon yaxshi tushunadigan mutaxassislar borligini ham yaxshi bilaman. Ammo shuning barobarida yuqorida zikr etilgan kamchiliklar bizga ko‘p martalab qimmatga tushganini ham inkor etish qiyin-da.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 22:58, 13.01.2017.
O'qildi: 10007 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.