Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/05 00:00 Loryan 5-0 Klermon
20/05 00:00 Monako 4-0 Nant
20/05 00:00 Lill 2-2 Nissa
20/05 00:00 Lion 2-1 Strasbur
20/05 00:00 Reyms 2-1 Renn
20/05 00:00 Lans 2-2 Monpelye
20/05 00:00 Tuluza 0-3 Brest
20/05 00:00 Gavr 1-2 Marsel
20/05 00:00 Mets 0-2 PSJ
20/05 19:00 Dinamo 1-1 Paxtakor
20/05 19:00 Surxon 0-1 Nasaf
20/05 21:30 Salernitana 1-2 Verona
20/05 23:45 Bolonya 3-3 Yuventus

Barchasi «Chelsi» oldiga to‘siq qo‘ygan Dele haqida

Barchasi «Chelsi» oldiga to‘siq qo‘ygan Dele haqida

Baho:
+ | -

Kristian Eriksenning 2ta mohirona uzatmasi va Dele Allining «egizak» gollari «Chelsi»ni g‘alabali seriya bo‘yicha mutlaq rekordchi bo‘lishdan mahrum etdi.

Xullas, «Tottenhem» bag‘ridagi bosh is’tedod nafaqat o‘yin yoki tur, balki butun Boxing Day qahramoniga aylandi. Soccer.ru sayti shu bahona darrov tez orada yanada o‘sish uchun Angliyadan emas, Madrid yoki Barselonadan o‘ziga yangi klub topishi taxmin qilinayotgan jasur yigit - Dele Alliga alohida to‘xtalib, bir qator qiziqarli faktlarni bayon etdi.

100 million funt - Angliya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, «Tottenhem» xo‘jayini Daniel Levi yozda klub javohiriga real xaridor sanalgan jamoalardan transfer uchun aynan shuncha so‘raydi. Hali yosh ekanligi, universallik xususiyatlari va oxirgi muvaffaqiyatlari Alli narxini keskin oshishiga xizmat qilyapti. Shuning uchun «Tottenhem» vakillarining ishtahalari chakki emas: «Garet Beyl uchun 85 million funt so‘rab, shuncha oldikmi, Dele bemalol 100 «limon»ga tortadi». Xullas, buni yevroga o‘girsak, 117 million kelib chiqadi va ingliz yigiti futbol tarixidagi eng qimmatbaho o‘yinchiga aylanadi. Chunonchi, Deleni o‘z safida ko‘rish yo‘lida katta xarajat qilishga «PSJ»gina emas, yana bir qator klublar tayyor turishibdi.

5 million funt - «Tottenhem» 2015 yilning fevralida Allining sobiq klubi - «MK Dons»ga shuncha to‘lagandi. Shuningdek, yana 2 million funtni bonus tariqasida qismlarga bo‘lib berdi. Shunday ekan, «shporlar» uni hattoki, 70 million funtga sotishsa ham, bu transferdan naq 10 baravar foyda olishadi.

Haftasiga 4 ming funt - «Liverpul»ga vaqtida shuncha summa katta ko‘ringandi. Binobarin, «qizillar» Allining o‘gay ota-onasi bilan muzokara olib borishgan. O‘shanda Brendan Rojers hammasi hal etilganini ham tasdiqlagan va unga ko‘ra, Dele «Liverpul»ning yangi futbolchisiga aylanishi kerak edi. Biroq klub rahbarlari quyi ligada o‘ynovchi yosh yigitga oyiga 16 ming funt miqdorida maosh berishni xohlamay, ishning beliga tepgandi. «Tottenhem» esa darhol 12 mingga teng ish haqi taklif qilib, asosiy tarkib futbolchisiga ega bo‘ldi.

2016 yil - Maurisio Pochettino 19 sentyabr kuni Dele Alli bilan alohida birga suratga tushdi. Buning sababi shuki, yarim himoyachi 2022 yilning yozigacha mo‘ljallangan yangi shartnoma ostiga imzo chekdi. Futbolchining maoshi avvaliga 12 ming funt (haftasiga)dan ikki baravar oshirilgandi. Yangi kelishuvga binoan esa, Dele 7 kunlik ishi uchun 60 ming funt oladigan bo‘ldi. Taqqoslash uchun aytsak, Memfis Depay («MYU»)ning haftalik moyanasi 120 ming funtga teng.

1996 yil - Bamidele Jermeyn Alli bundan 20 yil oldin 20 aprel kuni Milton-Kins shaharchasi (London yaqinida)da nigeriyalik va ingliz ayoli oilasida tug‘ildi. Endi bunga uzoq vaqt bo‘lmaganini yaqqolroq tushuntirish maqsadida bir necha faktni keltiramiz. Dele uchun «Uyda yolg‘iz» filmi juda eski, zero, u bo‘lajak futbolchining tavallud ayyomidan 6 yil avval ishlangan. Janluiji Buffon esa Alli tug‘ilgan vaqtdayoq «Parma»ning asosiy kiperi maqomini olib ulgurgan, u yurishni o‘rgangan paytga kelib esa, Italiya termasida debyut ham qilgandi.

80,3 foiz aniq uzatma - bu Allining Angliya chempionati joriy mavsumida to‘p uzatish bobidagi ko‘rsatkichi. U ayni payt raqib darvozasiga yaqinroq joyda o‘ynamoqda. Avvalgi mavsumda esa samarali uzatmalari soni ko‘proq bo‘lgandi. O‘shanda uning uzatmalaridan 75,9 foizi aniq chiqqandi. Xullas, bu boradagi ko‘rsatkichining o‘sgani sababi tayin - avvallari ko‘pincha tavakkal ish tutishga ham majbur edi.

To‘pni olib qo‘yishda 52ta omadli harakat - bunisi Dele Allining raqiblar hujumini buzish borasidagi statistikasi. Aytish joiz, unda «buzarmonlik» darajasi biroz pasaydi. Chunonchi, tezkor yigit endilikda «yashirin hujumchi» rolini bajarmoqda. Xususan, «Chelsi»ga qarshi kechgan o‘yin bunga dalolat. Xullas, Dele sherigi - Garri Keyn bilan bitta chiziqda harakatlanish barobarida jarima maydoni chizig‘i atrofidan bosh bilan gol ura olishini isbotladi. Umuman olganda, xavbek xohlagan vaqtda «buzg‘unchi» sifatida ham ko‘zga tashlanishi mumkin.

27ta uzatma - Delening chempionat doirasidagi shuncha urinishi «shporlar» tomonidan amalga oshirilgan aniq zarba bilan tugadi. Dele shuningdek, hujum tashkilotchisi bo‘lishni ham unutmay, Jordan Xenderson va Rahim Sterling bilan juda yaxshi hamkorlik qilmoqda. To‘g‘ri, Kristian Eriksen 55ta vaziyat yaratib, bu borada liga bo‘yicha Kevin de Bryuyne va Dimitri Payedan so‘ng uchinchi yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. Lekin yosh ingliz ijrosidagi jasoratlarga aynan daniyalik futbolchining o‘yini o‘ziga xos baza ekanligini unutmaslik lozim.

APLda 20ta gol - Dele Alli 1,5 yil ichida «Tottenhem» raqiblari darvozasini shuncha marta ishg‘ol qildi. Bunday statistikaga atigi 52ta o‘yinda erishganini alohida aytish o‘rinli! «Taqachilar» safida o‘ynagan xavbeklardan birgina Rafael van der Vart bundan tezkorroq samara ko‘rsatgan. Ya’ni gollandiyalik futbolchi 20ta gol marrasini 44ta o‘yinda zabt etgandi. Umuman, u bu masalada butun APL xavbeklari orasida peshqadamdir. Deylik, tan olingan Stiven Jerrard va Frenk Lempard 20ta gol urish uchun 100tadan ko‘p o‘yinda maydonga tushishgan. Ha, hattoki, Devid Bekxemga ham buning uchun 90ta o‘yin kerak bo‘lgan. Boz ustiga, Beks aslida vinger rolini bajargan va uni Pol Skoulz bilan taqqoslash to‘g‘riroq. «MYU»ning sobiq yarim himoyachisi esa 20-golini 74-o‘yinida nishonlagandi. Oddiy aytganda, Dele hozirning o‘zida APL tarixiga kirib ulgurdi.

18 kun - Dele shuncha vaqt davomida 7ta gol urib, APL yangi yil marafonining eng zo‘r futbolchilari qatoriga qo‘shildi. Ajoyib statistika. Demak, kuzatamiz, Alli o‘z seriyasini qanday davom ettirarkin?

16 yosh - Alli kattalar darajasida debyut qilgan payti hali o‘smir edi. U Liga kubogi doirasida «Kembrij Siti»ga qarshi uchrashuvda maydonga tushgandi. Bungacha esa 3 yil davomida klub tizimida shug‘ullangan. Aytishlaricha, o‘shanda zaxiradan maydonga tushgan yigitcha to‘pga ilk teginishidayoq esda qolarli fint ishlatgan ekan. Ya’ni to‘pni bir oyog‘ining tovoni bilan ikkinchi oyog‘iga moslashtirib, zargarona «pas» bergan. Birinchi golini esa shundan 11 kun o‘tib, Liga kubogining takroriy o‘yinida nishonlagan.

15ta o‘yin - bundan 2 yilcha oldin mashg‘ulotlardan so‘ng maktabda berilgan uy vazifalarini bajarishga kirishadigan futbolchi bugunga kelib, Angliya terma jamoasi libosini 15 marta kiyishga ulgurdi. Qolaversa, u Yevro-2016da ishtirok etdi, Fransiya va Malta termalari darvozasini o‘qqa tutdi. Bemalol aytish mumkin: Alli - Angliya milliy jamoasi uchun muhim futbolchi.

13 yosh - ijtimoiy xizmat vakillari «MK Dons» klubi murabbiylari va futbolchi Xarri Xikford (Allining yaqin o‘rtog‘i otasi) qistovi bilan Deleni o‘z onasidan tortib olish haqida qaror chiqarishgan payt u aynan 13 yoshda bo‘lgan. Gap shundaki, ayol spirtli ichimliklarga ruju qo‘yib, piyonista bo‘lib qolgandi. Hujjatlar bo‘yicha yigitchani hech kim o‘g‘il qilib olgan emas, ammo u shundan keyin qurilish kompaniyasi ish boshqaruvchisi oilasida yashadi. Asosiysi, iqtidorli bolakayni salbiy muhitdan uzoqlashtirishdi. Delening yangi yilni o‘gay ota-onasi bilan nishonlashi bejiz emas.

Qatorasiga 13ta o‘yin - «Chelsi» APLda ketma-ket shuncha uchrashuvda g‘alaba qozondi va «Arsenal» o‘rnatgan rekordni yangilashdan umidvor edi. Biroq «ko‘klar» oldiga aynan Alli to‘siq qo‘ydi. Ha, derbida Maurisio Pochettino ustun keldi, chunki uning jamoasi kuchliroq o‘ynadi. Ammo tablodagi hisobni daniyalik Kristian Eriksenning 2ta qoyilmaqom uzatmasini bosh bilan zarba orqali golga aylantirgan yosh ingliz o‘zgartirganini yana bir marta alohida aytish joiz. Zero, u avvallari bosh bilan o‘ynashda uncha ko‘zga tashlanmasdi.

10ta gol - Alli APLning joriy mavsumida o‘z hisobiga shuncha aniq zarba yozib qo‘ydi. Boshqacha aytsak, markaziy hujumchilar - Romelu Lukaku, Jermeyn Defo va Serxio Aguerodan atigi 1ta kam gol urdi. Uning jamoadoshi va sheriki Garri Keyn ham 10ta golga mualliflik qildi. Bitta o‘yin uchun o‘rtacha hisobda deyarli 0,5ta gol - Alli shu ko‘rsatkichi bilan liganing eng xavfli yarim himoyachisi bo‘lib turibdi. Negaki, Diyego Kosta, Zlatan Ibragimovich va Aleksis Sanches kabi tug‘ma goleadorlargina samaraliroq o‘ynashyapti. Shu joyda Dele endi 20 yoshni qarshilaganini ham unutmaslik lozim!

9ta samarali uzatma - yarim himoyachi avvalgi mavsum 9ta golga hammualliflik qilib, bu borada shaxsiy rekordini qayd etgandi. Joriy chempionatda esa atigi bir marta samarali uzatmani amalga oshirdi. Shunga qaramay, Maurisio Pochettino juda xursand, axir Dele endi muhim gollar muallifiga aylanmoqda. Dele ayniqsa, oxirgi o‘yinlarda qahramonlik ko‘rsatdi. Avvaliga SSKA (CHLda) va «Bernli» darvozasiga bittadan gol urgan yigit keyin ketma-ket 3ta o‘yinda «dubl»ga erishdi. Ya’ni «Sautgempton», «Uotford» va «Chelsi»ni 2 martadan ranjitdi. Umuman, APL doirasida 10ta golga assistent bo‘lish ham 20 yoshli futbolchi uchun chakki natija emas.

4ta pozisiya - Alli qisqa faoliyati davomida maydondagi rolini 4 marta o‘zgartirdi. Aniqroq aytsak, tayanch yarim himoyachisi, hujumkor xavbek (chalg‘ituvchi forvard) va chap qanot hujumchisi sifatida to‘p surishdan tashqari, 2ta jarima maydoni oralig‘ini nazorat ostiga oldi. Zero, bu yigit xarakteri bo‘yicha hujum tashkil etishni ham, uni buzishni ham birdek eplaydi.

2 nafar opa va aka - angliyalik Denis va nigeriyalik Kenni erta kunda ajrashishgan - Dele tug‘ilganidan bir necha hafta o‘tib. Oilada undan tashqari, akasi Luis, opalari Beki va Barbara ulg‘ayishgan. Lekin ularning otalari boshqa. Muhimi, futbolchi ular bilan aloqani uzgan emas va yangi yil sabab, yoqimli sovg‘alar ulashishi mumkin. Dele shuningdek, o‘z onasini ham unutmagan. Matbuotda yozilishicha, u - saxiy va e’tiborli, g‘amxo‘r farzand.

Yagona kumir - Dele Alli betakror Stiven Jerrardning azaliy va ashaddiy muxlisidir. Deylik, «Tottenhem» bilan birinchi marta shartnoma tuzishidan oldin yigitchani Liverpulga olib borishgandi. Albatta, Stiv bilan uchrashtirishni va’da qilgancha. Shunda Dele alohida tayyorlanib, futbolkasiga dastxat tushirish, kumirining iliq so‘zlarini eshitish va hokazolarga shaylangan. Ammo o‘smirning hafsalasi pir bo‘lgandi. Gap shundaki, u klub bazasiga borgan vaqt Jerrard uxlab yotgandi va uni uyg‘otishga jazm etolmaganlar. Bu tarix mayda-chuydadek ko‘ringan holatlar ham millionlab funt yo‘qotilishiga olib kelishi mumkinligiga isbot.

Shunchaki, 0 - Alli «Tottenhem»da hali birorta sovrin yutgani yo‘q. To‘g‘ri, u yilning eng yaxshi yosh futbolchisiga atalgan mukofotga loyiq ko‘rildi, ammo jamoaviy yutuq boshqada, baribir. Maurisio Pochettinoning ta’kidlashicha, «Chelsi» ustidan qozonilgan g‘alaba - jamoaning chempionlik yo‘lidagi maqsadi nishonasi. Aytgancha, «shporlar» avvalgi mavsum harchand urinishmasin, «Lester»dan o‘zib ketolmagandilar. Ushbu «nol» ham muhim raqam. Chunonchi, u yaxshi futbolchilarni grand jamoalar safiga o‘tishga undaydi. Ingliz uchun esa allaqachon «ov» boshlangan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:50, 22.01.2017.
O'qildi: 10077 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.