Ole-Gunnar Sulsher - Angliya premer-ligasi tarixidagi eng mashhur «sehrli tayoqcha» hisoblanadi.
Norvegiyalik futbolchining vorislarini axtargan Soccer.ru munosiblarni topib, ular ishtirokida o‘ziga xos reyting tuzdi. Ushbu ro‘yxatda APL-2016|2017 yillar mavsumining faqat birinchi davrasidagi natijalar inobatga olingan.
Olivye Jiru («Arsenal»)=10ta imkoniyatning 7tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 12 (10)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 5 (3); golli uzatmalari: 1 (1).
Olivye Jiru avvallari superxaloskor sifatida ko‘rilmasdi. U so‘nggi paytlarda jamoasini qiyin vaziyatlarda qutqarishga majbur bo‘lyapti, xolos. Aslida, asosiy tarkibda maydonga tushishni xohlashi tabiiy va bunga u to‘la haqli (APL 20-turidagi qahramonliklari shundan dalolat berib turibdi). Nima bo‘lganda ham, Olivye 26 dekabrga qadar premyer-liganing joriy mavsumida biror marta maydonga o‘yin boshidan tushmagandi, 10 marta zaxiradan bahsga qo‘shildi. «Sander-lend»ga qarshi uchrashuvda «dubl» qayd etib, jamoasi g‘alabasiga munosib ulush qo‘shdi. Shuningdek, «Old Trafford»da «Arsenal»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Ya’ni asosan ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, «kononirlar»ning 4 ochko ishlashlarini ta’minladi.
Vinsent Yanssen («Tottenxem»)=10ta imkoniyatning 1tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 15 (10)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 1 (0); golli uzatmalari: 1 (0).
Shimoliy Londonda to‘p surayotgan yana bir joker. Albatta, gollandiyalik futbolchi «Tottenxem»ga o‘tayotganida Xarri Keynga munosib raqobat tug‘dirishi lozimligini bilgan. Umuman, Vinsent jarohat olgan angliyalik hamkasbi yo‘qligidan ham unumli foydalana bilmadi, 10 marta zaxiradan o‘yinga qo‘shilganida esa Yanssen biror marta samarali harakat qilmadi.
Kelechi Ixeanacho («Manchester Siti»)=10ta imkoniyatning 7tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 13 (9)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 4 (2); golli uzatmalari: 3 (1).
Gvardiola hattoki, Serxio Aguero maydonga tushmagan paytlarda ham Kelechini asosiy tarkibga munosib ko‘rmayapti. Shunga qaramay, Ixeanacho zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan paytda yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan unumli foydalanish hisobiga shaxsiy statistikasini yaxshilashga urinmoqda. To‘g‘ri, nigeriyalik forvard har doim ham yuqori saviya ko‘rsatolmayapti. Ammo «Sautgempton»ga qarshi bahsda hisobni tenglashtirdi, «Xall» darvozasiga muhim golni urdi. Shuningdek, Kelechi Chempionlar Ligasida ham zaxira o‘yinchisi bo‘lsada, raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Demak, u Jiru darajasidagi reyting ballariga ega chiqishga haqli.
Markus Reshford («Manchester Yunayted»)=10ta imkoniyatning 5tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 15 (7)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 3 (1); golli uzatmalari: 0.
Bugungi kunda «Manchester Yunayted»da yaqqol ko‘zga tashlangan xaloskor yo‘q, bu rolga eng yaqini Reshford hisoblanadi. Aynan u jamoada eng ko‘p zaxiradan tushgan futbolchi sanaladi - 7 marta, deyarli shuncha bahsni asosiy tarkibda boshlagan. Angliyalik yosh hujumchi Sulsher uslubida faqat bir marta zafar quchdi, ammo bu gol «MYU» g‘alabasini ta’minlagani bilan ahamiyatli: «Xall Siti»ga qarshi kechgan bahsning 70-daqiqasida maydonga tushgan Markus 90-daqiqada uchrashuvdagi yagona gol muallifiga aylandi.
Divok Origi («Liverpul»)=10ta imkoniyatning 4tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 16 (11)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 4 (1); golli uzatmalari: 1 (0).
Zaxiradan bahsga qo‘shilib, jamoasi o‘yinini sezilarli kuchaytira olish - san’at. Maydon chetidagi o‘rindiqda 60-70 daqiqa o‘tiradigan hamma hujumchilar ham muvozanatni saqlashni uddalay olishmaydi. Ayniqsa, bu holat zarur o‘zgarishlar paytida yaqqol seziladi. Origida yetarlicha imkoniyat tug‘ildi. Biroq Ole-Gunnar darajasiga chiqolmayapti: belgiyalik forvard 5ta o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, 3ta gol urdi. 11ta bahsda esa zaxiradan tushib, atigi bitta gol bilan cheklandi.
Mishi Batshuayi («Chelsi»)=10ta imkoniyatning 6tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 11 (11)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 1 (1); golli uzatmalari: 1 (1).
«Chelsi»da Konte qartasida boshqa bir belgiyalik - Batshuayi joker hisoblanadi. Mishi dastlab yaxshi boshlagandi: dastlabki 2 turda zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, maydonni samarali harakatsiz tark etmadi. «Uotford» va «Vest Xem»ga qarshi bahslarda Batshuayisiz g‘alaba ham bo‘lmasligi mumkin edi. Ehtimol, ushbu hujumchi maqtovga arzirli foyda keltirmagandir, biroq 11ta o‘yinda 79 daqiqa to‘p surgani bois o‘rta darajadagi Sulsher reytingiga ega bo‘ldi. Buni bo‘nak sifatida qabul qilaversin, ammo Mishi xaloskor rolini qoyilmaqom tarzda uddalashini bilamiz.
Xal Robson-Kanu («Vest Bromvich»)=10ta imkoniyatning 2tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 14 (13)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 1 (0); golli uzatmalari: 2 (1).
Uels termasi tarixidagi muhim gollardan birining muallifi «Vest Bromvich»da kichik rolga rozi bo‘lyapti: 13ta bahsda zaxiradan maydonga tushgan Xal atigi bir marta foydali harakat qildi. Ammo uning uchun asosiy tarkibda boshlangan yagona o‘yinda bitta gol urib, bir marta sherigini samarali uzatma bilan ta’minladi. Natijada «Sautgempton»ga qarshi kechgan bahs qahramoniga aylandi.
Sheyn Long («Sautgempton»)=10ta imkoniyatning 1tasidan foydalangan
Barcha o‘yinlar (zaxiradan tushgan): 15 (10)
Barcha gollari (zaxiradan tushganda): 1 (0); golli uzatmalari: 0.
Long joriy mavsumdagi birinchi va hozircha yagona bo‘lib turgan golini 31 dekabr sanasi urdi. Aftidan, ular Robson-Kanu bilan kelishib olishgandek. Ammo irlandiyalik futbolchi «Vest Bromvich»ga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshladi, 10 marta zaxiradan qo‘shilganda esa muxlislar uning birorta samarali harakatiga guvoh bo‘lishmagandi.
Xulosa: APLda «superzaxirachilar» tanqisligi
Turnir jadvalining quyi pog‘onalaridan o‘rin egallagan jamoalar uchun vaziyat o‘zgarmayapti: ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, o‘yinni kuchaytirish imkoniga ega futbolchilar bisyor, ammo ularning hech biri bahsga qo‘shilgan kezlari bittadan ortiq gol ura olishmagan. Borxa Baston, Piter Krauch, Leonardo Ulyoa, Freyzer Kempbell, Ayzek Saksess, Eshli Fletcher, Benik Afobe - bu o‘yinchilarga «superzaxirachi» rolini bajarish nasib etmayapti. Balki, Ole-Gunnar maxsu maktab ochishi kerakdir? Shundagina turli bahonalar axtarmay, har qanday vaziyatda foyda keltiradigan futbolchilar soni ko‘payarmidi?