“Real” Madridning asosiy tarkib futbolchisi Karim Benzema yakuniga yetayotgan qishki transfer mavsumida ingliz jamoalariga tavsiya qilindi. Biroq, Premyer Liganing yetakchi jamoalari ushbu taklifni qabul qilishmadi.
Ushbu mavsumda “Real” tarkibida o‘zining 8-mavsumini o‘tkazayotgan Karim Benzema 2009-yilda 35 million yevro evaziga Madridga ko‘chib o‘tgan edi. Dastlab, Joze Mourinyo qo‘l ostida jamoaga ancha moslashib olgan fransiyalik hujumchi so‘nggi yillarda o‘z pozisiyasida jahonning eng yaxshi hujumchilari qatoridan joy olib keldi. So‘nggi transfer mavsumlarida uning nomini “Arsenal” va “Manchester Yunayted” klublari bilan bog‘lashdi.
Ammo, «Lion»ning sobiq hujumchisi har safarida Madridda qolishni afzal bildi. Hujumchi futbolchilik faoliyatini “Santyago Bernabeu”da yakunlashni xohlashini aytishdan charchamadi. “Real”da mazmunli faoliyat olib borayotgan Benzema ba’zida jamoadoshlari kabi muxlislar tomonidan tanqidga uchragan paytlari ham bo‘ldi. Ayniqsa, ushbu mavsumda uni tanqid ostiga olayotganlar ko‘plab topilmoqda.
Diario Gol nashriga ko‘ra, fransiyalik hujumchi klub tomonidan ushbu qishki transfer mavsumida ingliz jamoalariga tavsiya qilingan. Bunga esa, Alvaro Morataning klub oldiga qo‘yayotgan shartlari sabab bo‘lgan. Zahira o‘rindig‘ida ko‘proq vaqtini o‘tkazayotgan Morata jamoaning asosiy hujumchisi bo‘lish istagini yashirmayapti. BBC uchligining bir bo‘lagi bo‘lgan Benzemani “to‘pchilar” bilan bog‘lashmoqda. Biroq, londonliklar bosh murabbiyi Arsen Venger bu holatga matbuot anjumanida o‘z fikrini bildirib o‘tdi: “U – fransuz, uning transferi shov-shuv ko‘tarmoqda va uni biz bilan bog‘lashmoqda. Biroq, biz yangi hujumchiga muhtoj emasmiz.” Demak, futbolchining hozirda «Arsenal» ga o‘tish ehtimoli yo‘q. Balkim, voqealar rivoji bu ketishda rivojlanadigan bo‘lsa, yozgi transfer mavsumida futbolchi o‘ziga yangi jamoa topishi mumkin.