Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

No‘’mon Hasanov: «Tarkibga o‘zim ko‘rishni xohlagan futbolchilarni to‘pladim»

No‘’mon Hasanov: «Tarkibga o‘zim ko‘rishni xohlagan futbolchilarni to‘pladim»

Baho:
+ | -

Oliy liganing barcha jamoalari qatori «Qo‘qon-1912» ham yangi mavsum tadorigiga zo‘r bergan.

No‘’mon Hasanov shogirdlari o‘z yig‘inlarini Toshkentda tashkil etib, bir nechta o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishga ham ulgurishdi. Bugun jamoa Qo‘qonga qaytib, an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «Hokim kubogi» musobaqasida qatnashadi. Bu turnir orqali yangi mavsumga tayyorgarlik maromiga yetkaziladi. Biz Toshkentdagi yig‘in yakunida «Qo‘qon-1912» jamoasi bosh murabbiyidan intervyu oldik.

- No‘’mon aka, Toshkentdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Aksariyat jamoalar qatori biz ham hisob bo‘yicha ikkinchi yig‘inimizni poytaxtda tashkil etdik. Boisi, bu yerda ko‘p jamoalar yig‘ilishgan. O‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazish bo‘yicha imkoniyatlar yuqori. Yig‘in davomida yigitlar bilan birga ko‘plab taktikalar ustida ish olib bordik. Toshkentdagi yig‘inni tashkil etib bergan klub rahbariyati va homiylarimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Hammasi reja asosida va yuqori saviyada tashkil etildi. Garchi ikkinchi yig‘inimiz bo‘lsada, baribir, imkon qadar ko‘proq jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratyapmiz. Endi yigitlarga ikki kunlik dam beriladi va 25 yanvardan Qo‘qonda uchinchi yig‘inimizga kirishamiz. Bilasiz, Farg‘onada an’anaviy tarzda bir necha yildan beri mavsum boshlanishi arafasida «Hokim kubogi» musobaqasi o‘tkaziladi. Bu turnir barcha jamoalar qatori biz uchun ham juda foydali hisoblanadi.

- Serbiyalik ikki futbolchining jamoada qolish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Ular o‘tgan yili bizga yordam berib, o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishgandi. Shu sababli ham ketishlari chog‘ida serbiyalik futbolchilardan qaytishlarini so‘ragandim. Chaqirilgan paytdan biroz kechroq bo‘lsada, safimizga kelib qo‘shilishdi. Lekin shu muddat mobaynida ular dam olishmadi. Serbiyada individual tarzda mashg‘ulotlar o‘tkazishdi. Uzoq parvozdan kelishgani uchun Toshkentdagi yig‘inimiz chog‘ida ularga kuchli yuklamalar bermadik. Shuningdek, o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushishmadi. Ikkalalari ham «Hokim kubogi» o‘yinlarida jamoamizga yordam berishadi. Ular mudofaa chizig‘i vakillari. Yangi mavsumda bu futbolchilardan umidim katta. Shu kunlarda yana bir legionerning safimizga kelib qo‘shilishi kutilyapti. U hujumda to‘p suradi. Agar o‘zidan ijobiy taassurot qoldirsa, shartnoma imzolaymiz.

- Ayni payt sizni qaysi chiziq ko‘proq bezovta qilyapti? Qaysi pozisiyaga futbolchi olish kerak?

- Afsuski, shunday chiziq bor. Bizga chap qanot himoyachisi kerak. Bu borada izlanish olib boryapmiz. Kamchilikni yopishimiz lozim. Qolgan pozisiyalardan ko‘nglim to‘q. Boshqa o‘yinchi olmaymiz. O‘zim tarkibda ko‘rishni xohlagan barcha futbolchilar bugungi kunda jamoamiz mashg‘ulotlarida ishtirok etishyapti. Rejaga ko‘ra, 21 futbolchini olib qolaman. Ulardan 2-3 nafari darvozabonlar bo‘lishadi. Shunda har bir chiziqqa ikki nafardan futbolchi to‘g‘ri keladi.

- O‘tgan mavsum jamoa oliy ligadagi o‘rnini qiyinchilik bilan bo‘lsada saqlab qoldi. Kurash oxirigacha kechdi. Bundan tegishli xulosalar chiqarib olindimi?

- Haqiqatan, elitada ham sovrinli o‘rinlar, ham kuchlilar safidagi joyni saqlab qolish uchun kurash so‘nggi turgacha davom etdi. Muxlislar bu borada zerikib qolishmadi. Quvonarlisi, jamoamiz oxirgi 5ta turda ajoyib o‘yin namoyish etdi. Futbolchilarimiz maydonda borlarini berib harakat qilishdi. Muxlislarimiz ham bundan xursand bo‘lishdi. Haligacha qo‘ng‘iroq qilib, o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishyapti. Bu holat yangi mavsumda bizga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. O‘ylaymanki, navbatdagi chempionat va kubok bahslarida jamoamiz muxlislarini chiroyli g‘alabalarimiz bilan yanada xushnud etamiz. Bunga futbolchilarimizdagi o‘zlariga bo‘lgan ishonch ham zamin yaratadi, deb o‘ylayman.

- Yangi mavsumni o‘z maydoninglarda «Nasaf»ga qarshi o‘yin bilan boshlaysizlar? Nima deb o‘ylaysiz, qur’a «Qo‘qon-1912» jamoasi uchun biroz omadsiz bo‘ldimi?

- Har qanday holatda ham oliy ligadagi barcha jamoalar bilan uy-safar tizimida o‘ynaymiz. Qaysi klub bilan nechanchi turda maydonga tushishning unchalik ahamiyati yo‘q. Ijobiy tomoni shundaki, biz mavsumning ilk o‘yinini o‘z maydonimizda o‘tkazamiz. To‘g‘ri, «Nasaf» juda kuchli raqib. Bir necha yildan buyon tarkibi deyarli o‘zgarmay kelyapti. Doimiy ravishda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. Lekin bu holat bizni aslo cho‘chitmaydi. Har bir raqibni mag‘lub etish mumkin. Faqat buning uchun kuchli ishtiyoq va xohish kerak bo‘ladi. Qolaversa, muxlislar ham futbolni ancha sog‘inib qolishgan. Ularning ishonchlarini oqlab, mavsumni yuqori kayfiyatda boshlashga astoydil harakat qilamiz. Shu o‘rinda jamoamiz ishqibozlariga rahmat aytmoqchiman. O‘tgan yili ketma-ket mag‘lubiyatga uchragan o‘yinlarimiz bo‘ldi. Shunda ham oxirigacha ishonib, qo‘llab-quvvatlab turishdi. Stadionda bizni yolg‘izlatib qo‘yishmadi. Buning natijasida klub rahbariyati oldimizga qo‘ygan vazifani uddaladik. «Qo‘qon-1912» oliy ligadagi o‘rnini saqlab qoldi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 18:08, 05.02.2017.
O'qildi: 9311 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.