Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

A seriyada mavsumning eng yaxshi futbolchilari

A seriyada mavsumning eng yaxshi futbolchilari

Baho:
+ | -

Italiya chempionatining birinchi yarmida bir qator iqtidorlar yorqin o‘yinlari bilan omma e’tiborini o‘zlariga tortishdi. Ular orasida megayulduz maqomiga da’vo qilayotganlari ham bor. Demak, quyida «Sovetskiy sport» nashri ma’lumotlari asosida Italiya chempionatining yangi «javohir»lari haqida hikoya qilamiz.

100 MILLIONLI «GOL MASHINASI» - ANDREA BELOTTI

«Torino» vakili klassik markaziy forvard sanaladi. U bir urinishda 4-5 nafar raqibini aldab o‘tish salohiyatiga ega emas, ammo vaziyatlardan ustamonlik bilan foydalanadi. Andrea «A» seriyasining dastlabki davrasida 13ta gol urdi va dekabr oyi boshida «Torino» bilan tuzgan shartnomasi muddatini 2021 yilgacha uzaytirdi. Kelishuvda qayd etilgan badal puli miqdori kam emas - 100 million yevro. Demakki, Belottini sotib olishni istagan klub nafaqat futbolchini ko‘ndirishi, balki transfer uchun shuncha to‘lashi kerak. Yosh hujumchi yakunlangan yil Italiya termasi libosida 3ta gol nishonladi. «Skuadra Adzurra» ayni payt 3-5-2 taktikasiga tayanmoqda va bunda Belotti asosiy hujumchi rolini bajarmoqda. «Torino» esa 4-3-3 chizmasiga asosan o‘ynamoqda. Muhimi, qahramonimiz o‘z klubida ham markaziy forvard sifatida gavdalanmoqda. Xullas, u turli taktik sxemalarda birdek omadli harakatlanadi. Bunday futbolchini ko‘plab jamoalar o‘z saflarida ko‘rishni istashlari tabiiy. Italiya terma jamoasini Jampyero Ventura boshqarayotganini bilsangiz kerak. Belottini vaqtida «Palermo»dan «Torino»ga aynan shu mutaxassis taklif etgandi. Sababi oddiy: «Meni yigitchaning ishtiyoqi va maqsad sari olg‘a intilishi hayratga solgandi. U bor iqtidorini ko‘rsatish uchun borini beradi». Venturaning fikricha, Belotti shartnomasida belgilangan tovon puli miqdori uning mahoratiga muvofiq va bu holat sportchiga faqat ijobiy ta’sir etadi: «U 100 millionli narxni oqlashga qodir yigit». Aslida Belotti «Palermo»da o‘ynaganida, uncha ko‘p gol urmagan. Aniqroq gapirsak, «V» seriyasida bitta mavsum davomida atigi 10ta, «A» seriyasida esa 6tagina golga mualliflik qilgan. Shunga qaramay, murabbiylar va ekspertlar doimo yigitchaning kelajagi porloq ekanligini ta’kidlashardi. «Yigitlar, bu - is-te’dod! Belotti yaqin yillarda nimalarga qodirligini to‘liq isbotlaydi. U maydonda asosiy hujumchi yoki ikkinchi forvard sifatida o‘ynashi mumkin. Qaysi rolda ko‘proq naf keltiradi? Agar vaziyatlardan foydalanishni qoyillatishini inobatga olsak, oldinda to‘p surgani ma’-qul. Andrea shaxsan menga Janluka Viallining yoshligini eslatmoqda»,-degandi italiyalik sobiq murabbiy, La Domenica Sportiva kanali eksperti Emiliano Mondoniko 2013 yili. O‘shanda Belotti «Palermo» tarkibiga endi-endi kira boshlagandi. Ayni o‘sha vaqtda «Ternana» bosh murabbiyi Mimmo Toskano esa quyidagicha bayonot bergandi: «Andreani jamoada olib qolishda katta qiyinchiliklarga duch keldik. Uni yorqin kelajak kutmoqda». Belotti bu ishonchlarni oqlab, o‘z sha’niga aytilgan iliq gaplar kuchiga kuch qo‘shishini ko‘rsatdi. Ha, ayrimlar maqtov oldida esankirab qolishlari hech gap emas, ammo bu yigitni maqtashdan cho‘chishga asos yo‘q. «Torino» safiga qo‘shilganimda, menda o‘yin masalasida ba’zi qiynchiliklar bor edi, urinishlarim uncha o‘xshamasdi. Shu vaqtda Venturaning doimiy tarzda dalda berib, meni olg‘a boshlashi juda qo‘l keldi»,-deya eslaydi futbolchi Turindagi ilk mavsumini. Endi esa shu yigit - «Torino»ning asosiy umidi.

BERGAMOLIKLAR FAXRI - ROBERTO GALYARDINI

«Atalanta» vakili - universal markaziy yarim himoyachi. U vaziyatlar yaratishni ham, himoyalanishni ham birdek uddalaydi. 22 yoshli futbolchi joriy mavsum shunchalik yorqin o‘ynayaptiki, buning natijasida Italiya terma jamoasidan chorlov oldi. Vaholanki, Roberto yangi chempionat boshlangunicha «A» seriyasida atigi bir marta maydonga tushgandi, xolos. Xullas, yarim himoyachi ajoyib o‘sishga erishdi. Uning pozisiyasida harakatlanuvchi ko‘plab futbolchilar to‘pni olib qo‘yishganidan keyin «oldingmi, yaqin atrofdagi sherigingga uzat» aqidasiga amal qilishadi. Galyardini esa boshqacha. Bu futbolchining o‘yinini qisqacha shunday tavsiflash mumkin: to‘pni oladi - boshini ko‘taradi - hujumni rivojlantirish uchun eng yaxshi variantni topadi. Asosan qarshi hujumlarga tayanadigan jamoa uchun a’lo darajadagi sifatlar. «Atalanta»da xuddi shu uslub alohida ardoqlanadi. Yarim himoyachi 13ta o‘yinda 2ta samarali uzatmaga mualliflik qildi. Aslida Galyardini oxirgi 3 yilda ijara kelishuvlarini o‘tashdan bo‘shamadi. Bu orada «Chezena», «Spesiya» va «Vichensa» klublarida o‘ynadi. «Atalanta» boshqaruvi Jan Pyero Gasperiniga topshirilgach, hammasi birdaniga o‘zgarib ketdi. «Men Robertoning asosiy tarkibda bemalol o‘ynab ketishi xususida garov bog‘lashga tayyor edim,-dedi murabbiy yaqinda. - Chunki uning iste’dodi shundoq ko‘rinib turgandi». Futbolchining o‘zi bu borada shunday deydi: «Agar Gasperini klubga kelmaganida, ehtimol, hozir ham «V» seriyasida o‘ynab yurarmidim...». Ayni payt Robertoni goh Stiven Jerrard, goh Pol Pogba bilan taqqoslashyapti. Uning o‘zi esa kamtarlikni sira unutmaydi: «Pogba - men uchun kumir. Umid qilamanki, vaqti kelib, u uddalaydigan ishlarning loaqal yarmini bajara oladigan darajaga yetaman». Aytgancha, Galyardini yaqinda «Inter» safiga qo‘shildi.

NEAPOL UCHUN YANGI KUMIR - DRIS MERTENS

«Napoli» vakili - «joker» rolidan voz kechgan to‘purar. Dris Mertens avvalgi mavsum o‘zi istaganidan ancha kam o‘ynagandi. Zero, jamoada Gonsalo Iguain asosiy hujumchi sanalardi, unga qanotlarda Lorenso In-  sinye va Xose Kalyexon yordam berishardi. Belgiyalik esa ularga o‘rinbosar edi. Tabiiyki, u bu roldan xursand bo‘lolmasdi. Misol uchun, «Palermo»ga qarshi kechgan o‘yin (2:0)da zaxiradan maydonga tushgan Dris gol urgach, hamma undan buni o‘zgacha nishonlashini kutdi. Biroq futbolchi sheriklaridan «qochib», yuzini shunchalik burishtirdiki, asti qo‘yaverasiz. Mertens shuning barobarida  mashg‘ulotlarda tinmay ter to‘kdi. Shuningdek, bosh murabbiy Maurisio Sarri bilan aloqalarni buzgani yo‘q. Mana, shu sabri samarasi o‘laroq, joriy mavsum asosiy tarkibdan joy olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Chunonchi, Iguain «Yuventus»ga ketdi, uning o‘rniga xarid qilingan Arkadiush Milik esa jarohat sabab, uzoq muddatga safdan chiqdi. Zaxirachi - Manolo Gabbyadini bo‘lsa, butun o‘tgan mavsum o‘rindiqni «isitib» futbol o‘ynash nimaligini shunchaki, unutib qo‘ydi. Dris ham anchagacha o‘zini ko‘rsatolmadi, ammo keyinchalik ketma-ket 3ta o‘yinda 8ta gol urdi! «Joriy mavsum Mertensga atalgandek»,-dedi Sarri xursandligidan. Umuman, Mertens «A» seriyasining birinchi davrasida o‘z hisobiga 11ta gol yozib qo‘ydi. Belgiyalik hujumchi uchun ayniqsa, «Kalyari» (5:0) va «Torino» (5:3) klublariga qarshi kechgan uchrashuvlar omadli keldi. Dris ularda 7ta gol urib, «A» seriyasi rekordini o‘rnatdi: bungacha hech kim qatorasiga 2ta uchrashuvda 7ta gol hosil qilgan emasdi. «Agar jamoadoshlarim meni to‘p bilan shunday ta’minlab turishsa, yuqori kayfiyatda samara chiqarishda davom etaman»,-dedi hujumchi o‘sha o‘yinlardan so‘ng. Xullas, Mertens samaradorlikni keskin oshirgach, «Napoli» darhol o‘rtadagi shartnoma muddatini uzaytirish harakatini boshladi. Amaldagi kelishuv 2018 yilgacha mo‘ljallangan. Hammasi joyidadek, biroq «Napoli» noqulaylikni his qilyapti, shekilli. Har holda, La Gazzetta dello Sport ma’lumotlariga ko‘ra, Mertens Neapolda yiliga atigi 1,2 million yevro miqdorida maosh oladi. Bu jamoada 15-ko‘rsatkichdir! Taqqoslash uchun aytsak, Gabbyadiniga belgilangan bir yillik maosh 1,9 million yevroga teng. Ha, Mertens tufayli boshlang‘ich tarkibga yaqinlasholmayotgan o‘sha Gabbyadini ham belgiyalikdan ko‘proq topyapti. Rejaga ko‘ra, «Napoli» va Mertens o‘rtasidagi yangi shartnoma 2021 yilgacha mo‘ljallanadi. Agar futbolchi avvalgi mavsum qo‘l siltab qo‘yganida, hozir bunchalik ko‘p gol urolmasdi. O‘shanda uning kayfiyati tushgandi, xolos. Endi bu borada ham barchasi joyida.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:52, 08.02.2017.
O'qildi: 4877 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.