Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyoning kelasi mavsumda Madridning “Real” klubi boshqaruviga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Anchelotti The Athletic nashriga bergan intervyusida “qirollik klubi” ayni damda qanday muammolarga duch kelayotgani va Mourinyo bu vaziyatda qanday yordam bera olishi haqida to‘xtaldi:
“Agar Joze "Real"ga qaytsa, bundan xursand bo‘laman. U o‘zi ishlagan barcha jamoalarda bo‘lgani kabi, Madridda ham o‘z vazifasini a’lo darajada uddalashga qodir. Hozirgi kunda madridliklarga katta qayta qurish va jamoada avlodlar almashinuvini amalga oshirish zarur. Oxirgi yillarda klub bir qator o‘yinni belgilab beruvchi yetakchilarini yo‘qotdi: Kazemiro, Toni Kroos, Luka Modrich va Karim Benzema. Jamoa ichidagi muhit juda muhim — uni kuchli xarakter va yetakchilik qobiliyatiga ega futbolchilar shakllantiradi. Shu sababli "Real"ga o‘sha g‘oliblik muhitini qaytarish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Muammo faqat futbolchilarning texnik saviyasida emas, balki maydonda to‘g‘ri muvozanatni tiklashda”, deydi Anchelotti.
Eslatib o‘tamiz, Joze Mourinyo muqaddam 2010-yildan 2013-yilgacha “Real”ni boshqargan. Portugaliyalik mutaxassis Madrid klubi bilan Ispaniya chempionligi, mamlakat Kubogi hamda Superkubogini qo‘lga kiritgan edi. Ayni paytda u Lissabonning “Benfika” klubini boshqarmoqda. OAV tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Portugaliya klubi rahbariyati Jozeni “Real”ga qo‘yib yuborishga rozilik bergan.
Ma’lumot o‘rnida, Karlo Anchelottining o‘zi “qaymoqranglilar” bosh murabbiyi sifatida ikki marta (2013–2015 va 2021–2025-yillarda) faoliyat yuritib, klub bilan ko‘plab sovrinlarga ega chiqqan.













