Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Pogba: «Har soniyadan o‘zgacha zavq olyapman»

Pogba: «Har soniyadan o‘zgacha zavq olyapman»

Baho:
+ | -

Hozirda dunyo bo‘yicha eng qimmatbaho futbolchi sanalayotgan «MYU» vakili Pol Pogba tabiiyki, kuchli e’tibor va bosim ostida to‘p surmoqda. Transferlar reytingini boshqarib turgan futbolchiga boshqacha munosabat bo‘lishi mumkin ham emas. Xullas, Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisi Sport HQ muxbirlari bilan suhbat chog‘i asosan o‘z atrofidagi voqealar, Manchester klubidagi ichki muhit, yangi bosh murabbiy faoliyati va «MYU»ning rejalari xususida gapirdi.

- Avvalo, aytingchi, Manchesterga takroriy tashrifdan so‘ng shaxsiy hayotingiz qanday kechmoqda? «Qizil iblislar» bilan birga bo‘lish avvalgidek lazzatlimi?

- Hayot lazzatli! Bu yerdagi har daqiqa, har soniyadan o‘zgacha zavq olyapman.

- Demak, hammasi kutganingizdek, shundaymi?

- Bu shaharda avval ham yashaganimni unutmang. Deylik, ob-havo o‘zgargan emas, boshqa jihatlar ham risoladagidek.

- Lekin klubning o‘zida o‘zgarishlar katta, to‘g‘rimi?

- Ha, hattoki, infratuzilma masalasida ham ayrim yangiliklar yo‘q emas. Masalan, Italiyaga ketib, qaytgunimcha jamoada 3 marta murabbiy almashdi.

- Shaharni yaxshi bilishingiz faoliyatingizga qandaydir yordam beryaptimi? Axir xorijlik futbolchilar odatda moslashuv jarayoni sabab, ancha vaqt yo‘qotadilar.

- Men uchun nafaqat shahar, jamoa ham yaxshi tanish. Mana, bu yerga qaytib, o‘zimni eski qadrdonlar davrasiga tushgandek his qilyapman. Qisqasi, klubga begona emasligim ko‘nikish masalasini sezilarli darajada yengillashtirdi.

- Futbol maydonidagi holat qanday? Yangi jamoadoshlar va yangi murabbiyga moslashishda qiynalmayapsizmi?

- Yuqorida aytgan gaplarimning barchasi futbolga ham taalluqli. To‘g‘ri, begona yurt va notanish ligaga moslashish muayyan vaqtni talab etadi, baribir. Yaxshi tomoni, jamoamiz tobora kuchga to‘lmoqda, maydonda o‘zaro tushunib harakatlanish darajasi ham oshyapti.

- Aytingchi, «A» seriyasi va APL o‘rtasidagi asosiy farq nima? Chunonchi, Angliyada ko‘pchilik Italiya chempionati bahslarini faqat TV orqali tomosha qiladi, siz esa ushbu birinchilikda bevosita to‘p surgansiz.

- Sir emas, Italiyada taktikaga e’tibor baland. Bu masalada aynan italyanlar ustun. Umumiy tasavvur shundayki, ular kamroq hujumga o‘tib, ko‘proq himoyalanadilar. Shu sabab, nisbatan kam gol uriladi. Lekin Italiya klublari o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolishni juda yaxshi eplaydilar.

- Demak, APLda ochiq futbol hukmron. Bu uslub sizga ma’qulmi?

- Albatta, hujumkorlik aynan ko‘nglimdagi uslubdir. Shuning uchun ham qaytish varianti yuzaga kelganida, imkoniyatni boy bermadim. Lekin ochiq aytish kerak, Italiya chempionati ham chakki emas. Shaxsiy fikrimcha, har qaysi yarim himoyachi va ayniqsa, himoyachining ma’lum muddat «A» seriyasida malaka oshirishi foydadan xoli emas. Zero, taktika barcha musobaqalar uchun g‘oyat muhim. «A» seriyasi esa bu borada chinakam etalon.

- Mourinyo va uning taktik mahorati xususida nima deya olasiz? Umuman, «Benazir» qo‘l ostida shug‘ullanish yoqyaptimi?

- Jozening jamoani qabul qilib olganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. U dastlabki 2 oyni moslashuv jarayoniga sarfladi. Mana, murabbiy g‘oyalarini yaxshiroq tushunganimiz sari o‘yinlarimiz kuchaymoqda. Uning ish uslubi ham, futbolchilar bilan munosabat o‘rnatish qoidasi ham shaxsan menga juda ma’qul.

- Mourinyo ayniqsa, sizni ko‘proq qo‘llab-quvvatlayapti. Deylik, dastlabki kunlardayoq shunday degandi: «Pogbani murabbiylik faoliyatimdagi eng omadli xaridga aylantirish niyatim bor».

- Ochig‘i, birinchi uchrashuvdayoq ochiq-oshkora gaplashib olganmiz. Shu-shu o‘zimni erkin his qilyapman. Unga o‘ynashni bilishim va maydonda o‘zim xohlagandek to‘p surishni xohlashimni aytgandim. Joze bunga javoban maydonda zavqlanib o‘ynashim uchun erkinlik berishini bildirdi.

- Bunchalik samimiy munosabat har bir futbolchining orzusi...

- To‘g‘ri. Murabbiy bilan dildan suhbatlashish, uning maslahatini olish - doimo foydali. Mourinyo futbolchiga o‘ta muhim hissiyotni singdiradi. Ya’ni doimo birga ekanligi va zarur payt yordam berishga tayyorligini. Biz Manchesterga deyarli bir vaqtda keldik. Mourinyo avvalo, meni alohida suhbatga chorladi: «Hech narsadan tashvishlanma, biror narsaga ehtiyoj sezsang, bemalol murojaat qil. Boshqa hech kimga quloq solma, diqqatingni faqat futbolga qarat va undan lazzat ol». Ayni payt xuddi shunday qilishga intilyapman.

- Avgust oyidan buyon ko‘rsatayotgan saviyangizdan qoniqyapsizmi?

- Aytdimku, o‘zimni yaxshi his etyapman. Balki qanchadir muddat moslashishga ketgandir. Lekin asta-sekin hammasi izga tushdi.

- Bunda «Lester» darvozasiga urgan birinchi golingiz ham yordam bergandir...

- Aslida avvalroq ham gol urish imkoniyatini hosil qilgandim. Garchi mahsuldorlik ko‘rsatolmayotgan bo‘lsamda, imkoniyatlar yo‘q emas. Tabiiyki, gol kayfiyatimni yaxshiladi. Har holda, o‘zimni biroz erkinroq seza boshladim. Hamma gol urishni istaydi. Lekin muhimi - natija.

- Mou taktika bo‘yicha siz uchun 2-3ta rol tayyorlab qo‘ygan ekan. O‘zingizga ulardan qay biri ma’qulroq?

- Muhimi - jamoa! Murabbiy meni qaysi pozisiyaga qo‘yishidan qat’iy nazar, bor kuchimni sarflayman. Maydon markazida yolg‘iz harakatlanamanmi yoki sheriklar bilan - buning farqi yo‘q. To‘g‘ri, ikki yonimda jamoadoshlarim joy olishlari yaxshiroq. Bunday taqdirda ko‘proq oldinga o‘tish imkoniyati tug‘iladi. Eng asosiysi, hozirgi holatimdan xafa emasman.

- Ko‘rinishidan, xotirjam to‘p suryapsiz. Vaholanki, muxlislar rekord darajadagi transferingizni tinmay muhokama qilishmoqda.

- Xo‘sh, nega hayajonlanishim kerak? Axir baxtiyor insonman - «MYU»da to‘p suryapman, APLda munosib iz qoldirish va sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun ajoyib imkoniyatga egaman. Demak, hammasi joyida.

- Jamoaning muhtasham stadioni va dunyoning turli burchaklaridagi millionlab muxlislari haqida nima deysiz?

- Klub madaniyati yuksak darajada. Ser Bobbi Charlton har bir uchrashuvga tashrif buyuradi, o‘yindan keyin klub xodimlari bilan suhbatlashadi. Rahbariyat ham doimo stadionda - go‘yoki, ulkan oila. «MYU» libosini kiyganingda, ko‘ksing g‘ururga to‘ladi va bor kuch-mahoratingni ishga solasan.

- Darvoqe, mashhurlar xususida: Zlatan Ibragimovich bilan munosabatingiz qanday? Shunday tasavvur yo‘q emaski, u bilan telepatik aloqa o‘rnatgandeksiz...

- Zlatan haqida gapirish yoqimli. U men ko‘rgan futbolchilar orasida eng quvnoqi va hazilkashi. Albatta, turli sho‘xliklari maydon tashqarisida kuzatiladi. O‘yin payti esa doimo o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashashib, futbolchilarni olg‘a undaydi. Bunday yetakchi jamoa uchun juda muhim.

- U «MYU»ning yosh a’zolari uchun xuddi otadek bo‘lsa kerak...

- Aslida shundayku-ya, lekin buni o‘ziga ayta ko‘rmang - «ota» maqomini yoqtirmasligi aniq.

- Ammo Ibra ushbu intervyuni o‘qishi mumkin-ku.

- Shuning uchun ham unga «aka» sifatini beraman.

- Demoqchisizki, Zlatan maydonda ham, uning tashqarisida ham juda kerakli shaxs...

- Ha, xuddi Kerrik va Runi kabi. Ulardan ko‘p narsalarni o‘rganish mumkin.

- Maydondagi o‘zaro hamkorligingizga havas qilish mumkin - joriy mavsum Zlatanni 4ta samarali uzatma bilan ta’minladingiz.

- Aslida u ko‘proq gol urishi kerak edi (kuladi). To‘pni asosan Zlatanga oshirishim boisi shuki, u to‘laqonli goleador. To‘pni ushlab turishni ham, bo‘sh hududlarga «ochilish»ni ham qoyillatadi. Biroq boshqa jamoadoshlarimni ham to‘p bilan ta’minlashim shart. Masalan, Kerrik va Errera bilan hamkorligimiz risoladagidek. To‘pni egallashim zahoti ularning qaysi nuqtada ekanliklarini aniq sezaman.

- 9ta uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyani nazarda tutsak, jamoangiz tezlik olishga ulgurdi...

- Har qanday holatda chempionlikka intilamiz. Buning uchun g‘alabalar kerak.

- Nima, sizningcha, «MYU»da 1-o‘ringa ko‘tarilish imkoniyati bormi?

- Bunga doimo ishonaman. Ha, «Chelsi» - peshqadam. Ammo biz juda ortda qolayotganimiz yo‘q. Qolaversa, APLda har qanday kutilmagan voqealar yuz berishi mumkin. Bizdan kurashni to‘xtatmaslik talab etiladi, xolos.

- «Liverpul» hamon «MYU»ning azaliy raqibi sanalmoqda. Boz ustiga, mersisaydliklar hozir chempionlikka da’vogarlar qatorida borishyapti. Demak, ikki jamoa o‘rtasidagi qarama-qarshilik yanada keskinroq tus olishi aniq.

- Ha, mazkur raqobat boy tarixga ega. «MYU» va «Liverpul» o‘rtasidagi o‘yinlarga nisbatan «katta derbi» ta’rifini ishlatish mumkin. Nazarimda, «Liverpul»ga qarshi bellashuvlar hattoki, «Manchester Siti» bilan bo‘ladigan o‘yinlardan ham muhimroq. Muhit ham o‘zgacha. Futbol aynan shunday ehtirosli bahslar bilan maftunkor. Bunday uchrashuvlarda qozonilgan g‘alabaning gashti betakror! Ha, har bir o‘yinda 3 ochko olish muhim. Ammo «Liverpul» yoki «Siti»dan tortib olingan ochkolar qiymati juda baland.

- Manchester shahri xususida to‘xtalsak, bu yerdagi hayotni qanday ta’riflaysiz?

- Hayotdan miriqib lazzatlanishga odatlanganman. Bu borada omadli yigitman -«MYU»da to‘p suraman, istagan ishim bilan shug‘ullanaman, musiqa tinglayman, raqsga tushaman.

- Qanday raqsga mehr berganingiz ma’lum. Raqs ham hayotingizning ajralmas bo‘lagiga aylanib urgurgan, shekilli...

- Albatta, raqssiz qayoqqa ham borardim... Uyda qiladigan ishim shu - musiqa ovozini ko‘tarib, raqs tushish. Ba’zan do‘stlarim davrasida...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:48, 10.02.2017.
O'qildi: 4963 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.