Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Branislav Ivanovich: «Jirkov qo‘shiq kuylab, barchamizni kuldirgan»

Branislav Ivanovich: «Jirkov qo‘shiq kuylab, barchamizni kuldirgan»

Baho:
+ | -

Serbiya terma jamoasi himoyachisi Branislav Ivanovich Rossiya chempionatiga qaytdi. Moskvaning «Lokomotiv»idan «Chelsi»ga yo‘l olgan futbolchi londonliklar safida 9 yil faoliyat olib bordi. Joriy yil qishki transferlar mavsumida esa u Sankt-Peterburg­ning «Zenit» klubi safiga qo‘shildi. Yaqinda rossiya­lik jurnalistlar Ivanovich bilan suhbat uyushtirishdi.

- Agar sovrinlaringizni sanaydigan bo‘lsak, bir necha daqiqa ketadi. «Zenit»ga qanday ishtiyoq bilan o‘tdingiz?

- Bir marta sovrin yutsangiz, bu hissiyotni yana bir bor tuygingiz keladi. Qaysidir ma’noda, uning xumori tutadi. Umid qilamanki, «Zenit» bilan ko‘plab yutuqlarga erishaman. Albatta, buning oson bo‘lmasligini yaxshi bilaman. Rossiya chempionati qandayligidan xabardorman, bu yerda har bir uchrashuv o‘ta qiyin kechadi.

- Birinchi navbatda transferingizga kim qiziqish bildirdi?

- Avvaliga o‘zim «Chelsi»dan ketish lozim, degan qarorga keldim. Faoliyatimni yuqori saviyali jamoa­da davom ettirishni istagandim. Yakunda «Zenit»ga o‘tish jarayoni uch-to‘rt kundayoq hal bo‘ldi.

- Garchi «Chelsi» bilan shartnomangiz nihoyasiga yetmagan bo‘lsada, sizni tekinga qo‘yib yuborishdi. Buni o‘zingiz so‘radingizmi?

- Mabodo meni qoniqtiradigan taklif tushsa, qo‘yib yuborishlarini aytishgandi va so‘zlarida turishdi. Buning uchun London klubidan minnatdorman.

- Sizga qiziqish bildirgan yagona jamoa «Zenit»mi?

- Nazariy jihatdan Xitoyga yo‘l olishim mumkin edi, ammo yuqori saviyada o‘ynashni istadim va Piterni tanladim.

- Jirkovning aytishicha, Angliya­dagi o‘ziga xos hayot tarziga moslasha olmagan ekan. Siz buni qanday uddalagansiz?

- Rossiyalik futbolchilarning qaytadigan joylari bor - o‘zlarining chempionatlari. Bu yerda ular yuqori saviyada o‘ynab, Chempionlar Ligasida to‘p surishlari mumkin. Serblarda esa, afsuski, bunday imkoniyat yo‘q. Bizning klublarimiz yevrokuboklarda uzoqqa bora olishmayapti. Shu bois ham biz Yevropaning kuchli chempionatlariga moslashishga majburmiz. Menimcha, rossiyalik va serbiyalik futbolchilarning far­qi shunda bo‘lsa kerak. Jirkov Angliyaga borganda, qanday vaziyatga tushganini yaxshi bilaman. O‘zim bilan ham shunday holat kuzatilgan. O‘shanda Shevchenko yordam bergandi, men esa Yuraga ko‘maklashganman.

- Umuman olganda, Angliyada Shevchenkoning ham omadi yurishmagan.

- Bu fikringizga qo‘shilaman, biroq mazkur masalada bir narsa deyishim qiyin.

- Britaniyada asosan nimadan qiynalgansiz?

- Ingliz tilini bilmasdim.

- Keyinchalik o‘rgandingizmi?

- Dastlabki yarim yilda yigitlarni eshitardim, xolos. Muallim bilan shug‘ullangach, keyinchalik bemalol gaplasha boshladim.

- 2012 yil faoliyatingizdagi eng muvaffaqiyatlisimi?

- Hozircha, ha. O‘sha yili Angliya kubogini qo‘lga kiritib, Chempionlar Ligasida ham zafar quchganmiz. «Chelsi»dek klubda o‘ynaganimdan hamisha baxtli bo‘lganman.

- YECHL finalidan o‘rin olgan «Bavariya»ga qarshi bahs aql bovar qilmas darajada o‘tgandi. g‘alabadan so‘ng kiyinish xonasida qanday holat hukm surganini tasvirlab bera olasizmi?

- O‘zimni orzusiga yetgan odamdek his qilganman. Bundan tashqari, YECHLdan so‘ng Yevropa Ligasida g‘alaba qozongan birinchi jamoaga aylanganmiz.

- Di Matteo finalda darvoza oldiga «avtobus qo‘yish»ni tayinlaganmi?

- Yo‘q. Vaziyat shuni taqozo etgan. Hamma avtobusni gapiradi, lekin safarda o‘ynaganimizni unutmaslik darkor. Yarim finalda «Barselona» bilan 2:2 hisobida durang qayd etganmiz. «Kamp Nou»da kataloniyaliklar darvozasiga ikkita gol urish - bu «avtobus» emas. Ammo tan olish kerak, o‘sha «Chelsi»ning himoyasi haqiqatan ham kuchli edi.

- Mourinyo qanday murabbiy?

- Uni o‘zgacha deyishadi. Menimcha, Joze haqiqatan ham shunday.

- Qaysi jihatlarda?

- Bunga misollar ko‘p. g‘alaba qozonsangiz, uning ishonchiga kirasiz. Mourinyo sizdan o‘zingiz bilmagan xislatlaringizni chiqarib oladi.

- U hamkasblari va jurnalistlarni hayron qoldirib keladi. Futbolchilarni ham ajablantirganmi?

- Albatta. Mourinyoning miyasi hamisha nima bilandir band. Hattoki, bo‘sh vaqtlarida ham.

- Anchelotti boshqacha murabbiymi?

- U mutlaqo o‘zgacha olam. Bordi-yu, futbolchilar faoliyatlari davomida bir murabbiy bilan ishlashga mahkum etilsalar, Karloni tanlashlari aniq.

- Anchelottining aytishicha, Jirkovning qo‘shiq kuylashi unga yoqmagan ekan...

- «Chelsi»da shunday odat bor. Har bir yangi futbolchi jamoa oldida qo‘shiq kuylashi kerak. Yura mendan ranjishi mumkinu, lekin o‘sha vaziyatni eslamaslikning iloji yo‘q. U ashula aytish uchun stolga chiqqanida, o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘q edi. Kuylashni boshlaganida barcha 15 daqiqa kulgan. Albatta, Jirkov buni inkor etishi mumkin. Ammo haqiqatan ham shunday bo‘lgan.

- Siz ham kuylaganmisiz?

- Serbcha qo‘shiq aytganman. Baxtimga o‘sha payt telefonlarning imkoniyatlari bunchalik darajada emasdi. Shu bois ham qanday kuylashimni butun dunyo ko‘rmagan (kuladi).

U mutlaqo o‘zgacha olam. Bordi-yu, futbolchilar faoliyatlari davomida bir murabbiy bilan ishlashga mahkum etilsalar, Karloni tanlashlari aniq.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:31, 11.02.2017.
O'qildi: 4953 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.