Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Riyera: «Yoshlarga ko‘maklashishga tayyorman»

Riyera: «Yoshlarga ko‘maklashishga tayyorman»

Baho:
+ | -

Rossiyaning «Tom» klubiga yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlab qo‘yildi - dastavval mavjud qarzdan qutulish lozim. «Liverpul»ning sobiq yarim himoyachisi Albert Riyera bilan bitim tuzishni xohlayotgan jamoa talablarni bajarishga majbur. Hozirda tomskliklar safida mashg‘ulot o‘tayotgan futbolchi rus hamkasblarimizga intervyu berdi.

- So‘nggi o‘rin, qarzlar va Sibir qori. «Liverpul»ning sobiq o‘yinchisi uchun yana nima kerak?

- «Tom» bilan tuziladigan shartnoma haqida hozircha gapirmaymiz. Ular futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tug‘ilgan muammoni hal qilishga urinib ko‘rishadi. Imkoniyat bor. Hammasi aniq bo‘lgach, bemalol ushbu mavzuga to‘xtalamiz. Bunga qadar shunchaki, shug‘ullanib turaman.

- «Tom»ga o‘tishni o‘zingiz xohladingizmi?

- Omskda yashayapman, rafiqam shu yerda tug‘ilgan. Tomskdagilar bundan xabardor edilar. O‘z navbatida, jamoasiz ekanim va o‘ynashni xohlayotganimni ham bilishardi. O‘zimga qolsa, rus va turk ligalaridan birida to‘p surmoqchi edim. Turkiya varianti o‘xshamadi, ammo Tomskdan yaxshi taklif tushdi. O‘tgan yilning noyabr oyida «Tom» safida mash-g‘ulot o‘tkazdim, aynan shu klub meni birinchi bo‘lib o‘z tarkibiga chorladi. Mabodo, bu chaqiruv Moskvadan kelganda ham rozilik berardim. Biroq birinchi qadamni Tomsk jamoasi qo‘ydi.

- Lekin «Tom»dagi ahvol jiddiy-ku. Hatto, hozirgi yig‘in ham qarzga tashkil etilyapti.

- Men uchun pullar muammo emas. Shunchaki, o‘ynashni xohlayman. Tomsk esa shunday imkoniyatni taqdim etdi. Ammo qaytaraman, «zayavka» mavzusi yopiqligicha turibdi. Voqealar rivojini kuzatib, asta-sekin qayerda to‘p surishimga oydinlik kiritib olaman.

- Omskda istiqomat qilasiz. Rossiyaning sovuq iqlimiga ko‘nikdingizmi, Ispaniyaga ketgingiz kelmayaptimi?

- Bu normal holat. Angliyada yashaganimda har kuni yomg‘ir yog‘ardi. Hechqisi yo‘q, ko‘nikdim. Plyajga borishni xohlasangiz-ku, boshqa gap. Sibirga ilk bor 2001 yili kelgandim. Shunday ekan, qahraton qish bilan yaxshi tanishman. Faqat ko‘proq hammomga borib turilsa, kifoya.

- «Liverpul»dagi sobiq jamoadoshlaringiz bilan aloqalar saqlab qolinganmi?

- Albatta. Ammo hozir mersisaydliklar safida men bilan o‘ynaganlardan hech kim qolmagan. Ulardan so‘nggisi Shkrtel edi. U ham «Fenerbaxche»ga ko‘chib o‘tdi. Ispanlar bilan esa gaplashib turaman. Reyna, Torres, Xabi Alonso, Arbeloa tez-tez yo‘qlashadi, yozda ko‘rishamiz.

- Torres «Tom»da ekanligingizni biladimi?

- Hozircha unga aytmadim (kuladi). Agar hammasi hal bo‘lib, Tomskda qolsam, albatta, bundan xabar topadi.

- «Tom»ning moliyaviy muammolari, klubning so‘nggi o‘rinda borayotgani xalal bermayaptimi?

- Jamoaning so‘nggi o‘yinlarini ko‘rdim. Futbolchilar qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishmoqda. O‘ylashimcha, vaziyatni o‘nglash uchun vaqt yetarli. 5 martgacha nima bo‘lishini ko‘ramiz. Ayni payt yangi o‘yinchilar ko‘p, oldindan nimadir deyish qiyin. Va albatta, yana bir bor ro‘yxatdan o‘tishga qo‘yilgan taqiqqa qaytishga to‘g‘ri kel-yapti.

- Bosh murabbiy Valeriy Petrakov bilan gaplashdingizmi?

- U meni biladi. Avval ta’kidlaganimdek, klubning Tomskdagi mashg‘ulotlarida qatnashdim. Ammo jamoa ustozi ham ortiqcha ma’lumot berolmaydi, chunki «Tom»da kuzatilayotgan vaziyatga bosh murabbiy aybdor emas. U tarkibni hozirgi holatga qaramay, ajoyib tarzda tayyorlashi mumkin. O‘ylashimcha, Tomskka chaqirishlariga ushbu mutaxassisning meni ko‘rishni xohlagani ham sabab bo‘lgan.

- Yigitlar sizni ko‘rib, quvonishgandir?

- Hozircha ko‘p gapirishmayapti. Bu borada ularni ortda qoldiryapman (kuladi). Maydonda sergapman. Hozir jamoada yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishadi, ular asosan sukut saqlashni xush ko‘rishadi. Ammo eshitish ham yaxshi. Yordamga hamisha tayyorman, o‘sib kelayotgan avlodni nimagadir o‘rgatish yoqimli mashg‘ulot.

- So‘nggi marta Sloveniyada to‘p surdingiz. U yerga qanday borib qoldingiz?

- Ham o‘ynab, ham sport direktori vazifasini o‘tadim. Futbolchilik faoliyatimni yakunlagach, aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqchiman. Mana, o‘zimni ushbu sohada sinab ko‘rdim. Biroq Sloveniyada futbol saviyasi ancha past. Ularning o‘sishlari uchun yana 10 yillarcha vaqt kerak. Qo‘shni Xorvatiya va Serbiyadagi daraja yaxshi. Men esa 10 yil kutolmayman, hozir o‘ynashni xohlayman. O‘ylashimcha, bir-ikki mavsum ko‘ngildagidek to‘p surishim mumkin. Shu bois, Sloveniyadagilarga «Kechirasizlar, bosh-qa ligalar - Rossiya yoki Turkiyada o‘ynab ko‘rmoqchiman», dedim.

- Tomskka ketayotganingizga rafiqangiz qanday munosabat bildirdi?

- U hamisha yonimda. Turkiya, Gresiya, Angliya, Ispaniyada faoliyat yuritganimda doim hamrohim bo‘lgan. Yozda jamoasiz yurganimda, vaziyatni tahlil qilib, Omskka ketishni ma’qul ko‘rdik. Bu yerdagi maktablar yaxshi, bolalarga yoqyapti. Ammo boshqa shahar, misol uchun, Moskva yoki Istanbulga ketishga to‘g‘ri kelsa, birga borardik.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:35, 13.02.2017.
O'qildi: 3475 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.