Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sug‘ur kuni

Sug‘ur kuni

Baho:
+ | -

Ayrim xorij nashrlari “Arsenal”ning «London derbi»dagi mag‘lubiyatini shunday atadi. O‘sha mashhur komediyada qahramonning hayotida bir kun qayta-qayta takrorlanaveradi. “Arsenal”da ham qariyb shunga o‘xshash vaziyat hukmron. O‘n ikki yildirki, mavsum startida qilingan orzular oxir-oqibat sarobga aylanadi. To‘g‘risi, “To‘pchilar”ning og‘zidagi oshni har safar oldirib qo‘yishi mahalliy muxlislarning hiqildog‘iga kelganiga ishonaman. Fransuz murabbiyi ham bundan zada bo‘lgan, paymonasi to‘lgan. Biroq shu kuni mag‘lubiyatni muxlislar qatorida, tribunadan kuzatish taqdiriga bitilgan ekan.

“Arsenal” ustozining yurtida “mag‘lubiyatga sabr qilib, hammasini boshidan boshla”, degan maqol bor. Nima deb o‘ylaysiz, hammasini boshidan boshlashga qancha vaqt kerak? Yarim yilmi? Bir yoki uch yil? Barchasi harakatga bog‘liq. Yo‘q, bu bilan aybni Arsen og‘aga ag‘darmoqchi emasman. To‘pni futbolchilar tepsada, kaltak mutaxassisning boshida sinishi, natijaga bosh murabbiy javobgarligi bor gap. Shunday ekan, bu yerda so‘z qanday mag‘lubiyat haqida ketayotgani ahamiyatli. Ushbu fikrlar ko‘proq umumiylikka daxldor. Ya’ni, mavsumning qaysidir qismida yo‘qotilgan ochkolar emas, aksincha butun mavsumning boy berilishiga. Yana Premyer liga ortidan Chempionlar ligasida ham kuzatiladi bu holat. Albatta, Venger janoblari qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Vaziyat o‘nglanishi uchun bor imkonini ishga solishga uringan. Shunga qaramay, bir muammo o‘z yechimini topib ulgurganda, ikkinchisi suv yuziga qalqib chiqadi. So‘ng uchinchisi, to‘rtinchisi, xullas, keti uzilmaydi. Boshqacha aytganda, har mavsumda yangi pazlni yig‘ishga kirishadi murabbiy. Lekin har gal bir bo‘lak ochiqligicha qolaveradi. Xo‘sh, joriy mavsumda qanday bo‘lakni topolmayapti Venger?

Yugurmasdan vaqtida yo‘lga chiq, deydi fransuzlar. Qizig‘i, “Arsenal” ustozi hamisha yo‘lga vaqtida chiqadi. Ma’lum masofani bosib o‘tadi hatto. Ammo bu uzoqqa cho‘zilmaydi va tezligi tushib ketadi. Katta-katta qadamlar tashlashni to‘xtatgan kishidan yugurishni kutib bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Murabbiy yana qayerda xatoga yo‘l qo‘ydi? Nimani e’tibordan qochirdi? Birinchi navbatda, asosiy raqiblarga (top-6) qarshi o‘yinlarda faqat bir g‘alabani tantana qildi. Bu holvasi. Himoya chizig‘i faqat grandlarning ko‘nglini ko‘tarmaydi, balki boshqa to‘qnashuvlarda ham ishonchsiz o‘yin namoyish etmoqda. Raqiblar bir matchda o‘rtacha hisobda Petr Chex qo‘riqlayotgan darvozaga 10,5 marta zarba yo‘llaydi. Umuman, himoyachilarning raqibga imkon berishi bo‘yicha klub birinchilikda sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. “London derbisi”ni guvohi bo‘lgan ishqiboz mazkur faktni tasdiqlashi aniq. O‘zingiz ayting, himoyachilarning (bir nafar himoyachining emas!) xatosi tufayli Azar to‘pni darvozaga joylab qo‘ymadimi? E’tibor bering, Eden to‘pni maydon markazida qabul qilib, tablodagi hisobni o‘zgartirgunga qadar unga hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Markaziy himoyachi Loran Koselni ikki marta aldandi, shu kuni tayanch zonada o‘ynagan Koklen raqibni yiqitishga urindiyu o‘zi maydonga quladi, Mustafi ham zarba yo‘liga to‘g‘anoq bo‘la bilmadi, Monreal esa yarimhimoyachining harakatlarini shunchaki tomosha qildi. Himoyachilar masalasini bir chekkaga surib, obektivni Mesut O‘zilga qaratsak. Olmoniyada beshinchi marotaba “Yil futbolchisi” deb topilgan o‘yinchi o‘sha hujum uyushtirilganda Azarni ta’qib qilishi mumkin edi. Lekin “Arsenal” a’zosi kuzatishni ma’qul ko‘rdi. Natijada, Mesutdan ham orqada turgan Monreal raqibini quvib yetganida kech bo‘lgandi. Gapning indallosi, O‘zil ozgina “jon kuydirgani”da voqealar rivoji boshqacha tus olishi mumkin edi.

Yana bir masala. Oldiga ulkan-ulkan, tog‘dek maqsadlarni qo‘ygan jamoalarni boshqaruvchi mutaxassislar shartnomada belgilangan muddatgacha ishlashi qiyin. Bu turdagi murabbiylar anqonuning urug‘i, kamdan-kam hollarda shartnomasini nihoyasiga yetkazadi. Ularning taqdirini aynan bir match hal qiladi, postda qolish yoki qolmasligi ham ma’lum matchga bog‘liq. Fransuz koachi Venger esa o‘n mavsumdan beri yutqazadi, ammo o‘z o‘rnida. Xulosa chiqarishga shoshilmang, “Arsenal”ni ambisiyasi yo‘q jamoa, deyishdan yiroqman. Shunchaki unga ishonishganini eslatmoqchiman. Balki qo‘l yetgudek masofada turgan “oltin” medallarni ushlash imkoni bo‘lmagandir shu yillar ichida. Har holda Chempionlar ligasidan uzoqlashmadi. Superkubok va kubokda g‘alaba qozonib turdi. Biroq mag‘lubiyatlar, kuchsiz o‘yin, bari-barchasi fanatlarni toqatini toq qilmoqda. Sabr kosasini to‘ldiryapti. Derbida operator “Arsenal” muxlisi ko‘tarib turgan bannerga e’tibor qaratdi. Unda “Bas, yetar”, deya Vengerga murojaat qilingandi. Ishqiboz mag‘lubiyatlarni yetadi, deganmi yoki murabbiyning faoliyatini bu ishqibozning ishi. Nima bo‘lgan taqdirda Arsen “Arsenal”dagi shartnomasini tugatib qo‘yadi. O‘shanda “Sug‘ur kuni” ham yakuniga yetar?

Ulug‘bek RAHMONQULOV, "Erudit Sport"

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 09:19, 16.02.2017.
O'qildi: 8110 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.