Italiyalik mutaxassis Klaudio Ranyerini iste’foga chiqarib yuborgan Angliyaning «Lester» klubi jamoani vaqtincha Kreyg Shekspirga ishonib topshirgandi.
O‘z vaqtida Ranyeriga yordamchilik qilgan Shekspir boshqaruvida «tulkilar» ketma-ket ikki uchrashuvda zafar quchdi. Avvaliga «Liverpul», keyin esa «Xall Siti» 3:1 hisobida mag‘lub etildi. Ranyeri rahbarlik qilayotganida esa futbolchilar 2017 yildagi olti uchrashuvda bitta ham gol urmay, 5 tasida imkoniyatni boy bergandi.
Klub yarim himoyachisi Deniyel Drinkuoter bosh murabbiy izlash ishlari bilan band bo‘lib turgan «Lester» rahbarlariga yetib boradigan tarzda fikr bildirib, bu borada Shekspir nomzodini qo‘llab-quvvatladi.
“Biz jamoaga tashrif buyuradigan har qanday murabbiyni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq klubning har bir a’zosi boshqa mutaxassisga qaraganda Shekspirni yaxshiroq biladi. Agar asosiy vazifa uning o‘ziga ishonib topshirilsa, bu yaxshi ish bo‘lardi.
Ayrimlarimiz Shekspirni anchadan buyon bilamiz. Agar u bosh murabbiy lavozimiga rasman tasdiqlansa, biz Kreygni qo‘llab-quvvatlaymiz. U hozir mas’uliyatni o‘z qo‘liga olib, kuchi yetganicha yeng shimarib ishlamoqda” - dedi Deniyel Drinkuoter, «Lester» a’zosi.
Sportsmole nashrining oydinlik kiritishicha, Shekspirning jamoada qolishini qolgan futbolchilar ham bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan.