Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Mo‘jiza misol yoxud Oliy liga uchinchi turining to‘liq sharhi

Mo‘jiza misol yoxud Oliy liga uchinchi turining to‘liq sharhi

Baho:
+ | -

Oliy liganing 3-turini mo‘’jizaga qiyoslasak, bunga qarshi chiqadiganlar ko‘p topilmasa kerak. Masalan, ushbu tur bahslari deyarli mehmonlarga ataldi. Qator-qator qizil kartochkalarni ayting... Tur o‘yinlarining 2 hafta oldin boshlanganiyu, qachon yakuniga yetishi noma’lum bo‘lib qolayotgani esa alohida masala. Bularning barchasi O‘zbekiston chempionati 3-turiga bog‘liq. Ammo hammasi shugina emas. Do‘stlar, mavsum endi boshlanmoqda. Modomiki, tizimda biror o‘zgarish yuz bermasa, bunday «mo‘’jiza»lardan ko‘piga guvoh bo‘lishimiz muqarrar...

Nodir ssenariy bo‘yicha. O‘tgan hafta «Qo‘qon-1912» va «So‘g‘diyona» klublarining o‘z uylarida g‘olib chiqishganini aytmasa, qolgan uchrashuvlarda mehmonlar omadi chopdi. Ayniqsa, «So‘g‘diyona»ning «Olmaliq»ni yengganiga alohida ta’rif berish kerak. Bunday iroda va g‘alabaga Yevropa klublari ham havas bilan boqishardi. Harqalay, bu darajadagi «o‘tkir» ssenariy kuchli beshlik sirasiga kiruvchi chempionatlarda ham kuzatilavermaydi. Shuningdek, «Neftchi»ning safarda «Navbahor» bilan durang o‘ynaganini ham ta’kidlash o‘rinli. Kimdir yangi mavsumda «Paxtakor»ning o‘ziga kelishini kutayotgan bo‘lsa, katta siljishga ilhaq qaramay turgani ma’qul. Zero, «sherlar» 3-turda o‘z maydonlarida birinchi ligadan endi chiqqan «Dinamo»ga 3 ochko berib qo‘yishdi.

Kartochkalar buncha ko‘p? 3-turning eng ajoyib bahslari shanba oqshomida kuzatildi. E’tibor qarating, shu kuni 4tagina o‘yinda umumiy hisobda 5ta (!) qizil kartochka ko‘rsatildi. Bu nimadan dalolat? Hammasi «voha derbisi» sanalgan «Sho‘rtan» - «Mash’al» bahsi bilan boshlandi. Uchrashuvning 67-daqiqasida Zohir Qo‘ziboyev maydondan chetlatildi. Qarangki, bu yo‘qotish muborakliklarning 2:0 hisobida g‘alaba qozonishlariga aslo xalal bermadi. Chunki hammasi birinchi bo‘limdayoq hal bo‘lib ulgurgandi. Keyingi chetlatishlar «Buxoro» va «Obod» o‘rtasida kechgan o‘yinda ro‘y berdi. Aniqrog‘i, bu uchrashuvda bir yo‘la ikki futbolchi o‘z ro‘parasida hakamning qizil tusli qog‘ozini ko‘rdi. Ha, 90Q3-daqiqa hakam Baxtiyor Namozov uchun «sermahsul» keldi. U «Buxoro»dan Robbim Hasanov, «Obod»dan esa Navro‘z Hai­povni muddatidan biroz vaqtliroq kiyinish xonasiga «jo‘natdi». Chetlatishlar silsilasi «So‘g‘diyona» - «Olmaliq»  uchrashuvida davomiylik oldi. Qiziq tomoni, bu safar ham aynan so‘nggi daqiqalarda va har ikki jamoadan bir nafardan futbolchi «qizil» bilan jazolandi. Aftidan, hakamlar o‘yinni «sindirmaslik» uchun so‘nggi daqiqaga qadar sabr qilishgan, ammo boshqa iloj qolmagach, axiyri cho‘ntak kavlab, qizil kartochkani olishga majbur bo‘lishgan, chog‘i...

Sof chalkashlik. O‘zbekiston chempionati 3-turi shunday taassurot uyg‘otdiki, unda aniqlikdan ko‘ra, mavhumlik ko‘proqdek. Sharhimiz kirish qismida tur hali yakuniga yetmaganini tilga oldik. Eng tushunarsiz tomoni, qoldirilgan o‘yinlarning yangi muddati ham noma’lum. Bu uchrashuvlardan birida yetakchilar - «Bun­yodkor» va «Nasaf»ning o‘zaro to‘qnash kelishi lozimligi esa vaziyatni yanada chigallashtiradi. Shuningdek, «Metallurg» - «Lokomotiv» uchrashuvi ahamiyati ham u qadar past emas. Aynan shu 2ta bahsga qarab, 3-tur bo‘yicha to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin. Biroq buning uchun endi kutishga to‘g‘ri keladi. Ammo qanchaligi mavhum... Garchi tur o‘yinlari chala qolgan bo‘lsa hamki, musobaqa jadvalida katta o‘zgarish kuzatilgani yo‘q. Axir «Lokomotiv» va «Nasaf» klublari bittadan kam o‘yin o‘tkazganiga qaramay, 2-3-o‘rinlarni egallab turibdi, baribir. Peshqadamlik esa «Paxtakor»ni poytaxtda uyaltirgan «Dinamo» qo‘lida - haqli ravishda.

Mezbonlik faktori. O‘tgan hafta faqat 2ta o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozonishganini aytdik. Tan olish lozim, «Qo‘qon-1912» va «Qizilqum» o‘rtasidagi uchrashuv oldidan maydon egalarining imkoniyatlari u qadar yuqori baholanmayotgan edi. Harqalay, Navoiy jamoasi tarkibini ancha kuchaytirgan va uning safarda ijobiy natija qayd etishi kutilayotgandi. Ammo barchasi boshqacha ko‘rinish oldi. No‘’mon Hasanov shogirdlari stadion to‘la muxlislar qarshisida o‘zlarini ko‘rsatish ishqida borlarini berishdi. Yakunda ularning harakatlari besamar ketmadi - Murod Xolmuhammedov to‘pni «aut»dan tashlab bergach, u serbiyalik Filipp Rayevasga nasib etdi va hujumchi «Qizilqum» darvozasini o‘qqa tutib, qo‘qonliklarga mavsumdagi ilk g‘alabani tortiq qildi.

Tur qahramoni - Radu Rogak. «Dinamo»ning g‘alabasida biror futbolchini alohida ko‘rsatish noto‘g‘ri aslida. Chunonchi, «Paxtakor» asosan jamoaviy o‘yin va birdamlik evaziga dog‘da qoldirildi. Ammo o‘yinda asosiy bosim himoya zimmasiga tushganini hisobga olish kerak. Moldovalik legioner Radu Rogak esa bu bosimga nafaqat dosh berdi, balki zarur vaqtda hujumga qo‘shilib, o‘rtadagi 3 ochko taqdirini hal qilgan yagona gol muallifiga aylandi. Shunday ekan, uni bemalol tur qahramoni sifatida ta’riflashimiz mumkin. Ishonchimiz komil, agar «Dinamo» shu tahlit o‘ynashda davom etsa, mavsum oxiriga qadar jamoaning ko‘plab futbolchilari tur qahramonlari safidan joy olishadi. Axir «Dinamo» 17 yil mobaynida «Paxtakor»ni safarda ilk marta mag‘lub etish uddasidan chiqdi. Bas, uning futbolchilari shunday mavsumda qahramon rutbasini olishmasa, qachon olishadi?

ABDULLOH

TUR IQTIBOSLARI

-  «Dinamo» tarkibi to‘liq yig‘ilganiga endi 2 hafta bo‘ldi va so‘nggi 10 kunda 3ta g‘alabaga erishilgani ajoyib natijadir. Oleg TYULKIN («Dinamo» bosh murabbiyi).

- Mag‘lubiyatga jamoaning ruhan tayyor emasligi sabab bo‘ldi. Aybni o‘z zimmamga olaman... Grigoriy KOLOSOVSKIY («Paxtakor» bosh murabbiyi).

-  Derbi muxlislarga yoqdi, ammo murabbiylar ancha qiynalishdi. Bosimga qarang... Andrey FYODOROV («Neftchi» bosh murabbiyi).

-  Yosh bolalarcha xato qildik va buning oqibatida gollar qo‘yib yubordik. Raqib darvozamizni 3 bora ishg‘ol qilgan ekan, o‘yindan ko‘nglim to‘lishi mumkinmi? Viktor KUMIKOV («Olmaliq» bosh murabbiyi).

-  Kumikovni yaxshi bilaman, u har bir vaziyatdan foydalanadigan murabbiy. Shunga yarasha, o‘yin­ga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Davron FAYZIYEV («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Tabiiyki, forvardlardan gol talab qilaman. Ha, Yovanovich bugun o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi, lekin penaltidan. Endi uning o‘yin holatidan ham darvozani ishg‘ol qilishini istayman. Yovanovichni 2016 yilgi o‘yinlaridan kelib chiqib, jamoaga taklif etganmiz. U samaradorlikni oshirishi shart. Ilhom MO‘MINJONOV («Navbahor» bosh murabbiyi).

«PAXTAKOR» - «DINAMO» - 0:1 (0:0)

12 mart. Toshkent. 2117 tomoshabin.

Hakamlar: O.Tolibjonov (Toshkent)-8,5; J.Sarsenov (Nukus)-8,2; B.Kannazarov (Nukus)-8,4; S.Abdurahmonov (Toshkent)-8,0.

Gol: R.Rogak (88).

Ogohlantirishlar: A.Ahmedov (84), D.Hoshimov (85) - SH.Xolmatov (76).

Eng yaxshi o‘yinchilar: J.Iskanderov - M.Naumov.

Nazoratchi: O.Dachev (Toshkent).

Komissar:V.Lyotkin.

----------------------------------------------------------------------

«NAVBAHOR» - «NEFTCHI» - 1:1 (0:1)

16 mart. Namangan. 18992 tomoshabin.

Hakamlar: R.Ermatov (Toshkent)-9,0; A.Rasulov (Toshkent)-9,0; J.Saidov (Toshkent)-9,0; A.Lupashko (Toshkent)-9,0.

Gollar: N.Yovanovich (77-pen.) - D.Komarovskiy (41).

«Navbahor»: 30. A.Omonov, 2. A.Samatov (11. A.Sultonov, 84), 5. G‘.Komilov, 7. O.Qilichev (77. A.Turg‘unboyev, 66), 9. D.Jabborov, 10. M.Saidov, 19. M.G‘ofurov,

21. A.Aliyev, 32. J.Mehmonov (33. T.SHamsiddinov, 57), 44. D.Stanoyevich, 84. N.Yovanovich.

«Neftchi»: 1. O‘.YUsupov, 2. S.Konsevoy, 5. H.Karimov, 8. U.Qodirov, 9. SH.Hakimov, 11. A.Maxstaliyev

(30. S.Abdujabborov, 77), 14. T.Lusevich,

15. H.G‘ofurov, 17. M.Muzaffarov (22. F.Hasanboyev, 79), 20. D.Ermatov, 55. D.Komarovskiy (18. J.Rasulov, 69).

Ogohlantirishlar: O.Qilichev (48), A.Turg‘unboyev (83) - SH.Hakimov (15), S.Konsevoy (28), A.Maxstaliyev (52), O‘.YUsupov (75), H.Karimov (86).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.Omonov - O‘.YUsupov.

Nazoratchi: A.Klepikov (Toshkent).

Komissar: N.Lutfulin.

O‘yindan keyingi fikrlar:

Andrey Fyodorov («Neftchi» bosh murabbiyi): - Bugungi o‘yin derbi maqomiga to‘liq mos keldi. Ko‘rsatilgan futbol muxlislarga xush yoqqani tayin. Ammo murabbiylarga oson bo‘lmadi. Keskin kurash kuchli bosimni ta’minladi. O‘zi mazkur uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rgandik. Zero, ikki raqib o‘rtasidagi o‘yinlar doimo murosasiz va keskin ruhda o‘tadi. Futbolchilarimiz harakatlari va matonatlaridan qoniqdim. Balki o‘ylagan rejalarimiz to‘liq amalga oshmagani sabab, nimadir o‘xshamagandir. Deylik, maydon egalari havo orqali to‘p oshirishlari bilan ko‘p tashvish tug‘dirishdi. «Navbahor»ning bo‘ydor hujumchilari «ikkinchi qavat»da yaxshi o‘ynashdi, ayniqsa, Yovanovich. Bu masalada ancha qiynaldik. Masalan, penalti belgilangan vaziyatda shunday holat kuzatildi. Endi barchasini qayta ko‘rib chiqib, qayerda xatoga yo‘l qo‘yganimizni o‘rganib chiqamiz. Ehtimolki, o‘yin harorati balandligi bois, jamoalarning xato va kamchiliklari ko‘zga tashlanmagandir. O‘zim futbolchilik davrida derbi bahslarida ko‘p bora maydonga tushganman. O‘sha paytlardan buyon bu ikki raqib qarama-qarshiligi shiddatli kechadi. Xulosa - o‘yin emas, futbolchilarimizning bor imkoniyatlarini ishga solishgani xursand qildi. Tan olaman, o‘zimiz o‘ylagan darajada to‘p surishimizga «Nav­bahor» imkon bermadi. Natija bizni qoniqtirdi, ammo ko‘rsatgan o‘yinimizdan kelib chiqib aytsam, 2 ochko yo‘qotdik. Aslida Namanganga g‘alaba ilinjida kelgandik...

Ilhom Mo‘minjonov («Navbahor» bosh murabbiyi): - Afsus, raqibning dastlabki va butun bahs davomidagi yagona burchak to‘pidan keyin gol qo‘yib yubordik. O‘sha vaziyatda futbolchilarimiz bir muddat diqqat-e’tiborni yo‘qotishgani qimmatga tushdi. Tabiiyki, «Vodiy derbi»siga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Deylik, «Neftchi»ning har bir chiziqda namoyish etadigan o‘yinini maxsus tayyorlangan videorolik orqali futbolchilar bilan birga o‘rganib chiqdik. Bugun shogirdlarimga hujumda sovuqqon harakatlanish xislati yetishmadi. Bundan tashqari, omadimiz biroz chopmadi. Axir raqib darvozasi oldida qator xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Yigitlarga dastlabki 15 daqiqada gol urishga intilishlari zarurligini aytgandim. Futbolchilarga xuddi Navoiyda «Qizilqum»ga qarshi kechgan bahsdagi kabi to‘p surishgani uchun rahmat. Muhimi, iroda namoyish etib, durangni ta’minlashdi. Oxirgi 5-6 daqiqa ichida g‘alabani ilib ketish ilinjida to‘pni oldinga tepib o‘ynaganimiz uchun bu vaqt­da harakatlarimiz biroz o‘xshamadi. Qolgan daqiqalarda esa shogirdlarim aniq to‘p oshirish orqali o‘ynashdi. Ha, hujum harakatlarimizda biroz oqsoqlik kuzatilmoqda. Mashg‘ulotlarda bu kabi xato va kamchiliklarni bartaraf etish ustida ish olib boramiz. Ortda qolgan 3ta o‘yinda hujum chizig‘ida to‘p surmaydigan Saidov, G‘ofurov va Komilov gol urishdi. Tabiiyki, forvardlardan gol talab qilaman. Ha, Yovanovich bugun o‘z nomiga gol yozib qo‘ydi, lekin penaltidan. Endi uning o‘yin holatidan ham darvozani ishg‘ol qilishini istayman. Yovanovichni 2016 yilgi o‘yinlaridan kelib chiqib, jamoaga taklif etganmiz. U samaradorlikni oshirishi shart. O‘z navbatida, himoyada ham kamchiliklar bor. Maqsadimiz - har bir uchrashuvda darvozamiz daxlsizligini ta’minlash. Lekin 3ta uchrashuvda 4ta gol qo‘yib yubordik. Navbatdagi turda 3ta turda 100 foizlik natija qayd etgan jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Qanday holat bo‘lishidan qat’iy nazar, «Dinamo» bilan o‘yinda faqat g‘alabani ko‘zlaymiz. Hattoki, durang ham bizni qoniqtirmaydi. Chunki endi ortga yo‘l yo‘q.

Ro‘zimboy Ahmedov betobligi sabab, mashg‘ulotlarda qatnasholmadi va to‘liq sog‘ayib ulgurmagani bois, uni qaydnomaga kiritmadik. Bugun bu hujumchimiz yo‘qligi ham bilindi.

«SHO‘RTAN» - «MASH’AL» - 0:2 (0:2)

18 mart. G‘uzor. 4751 tomoshabin.

Hakamlar: V.Kovalenko (Toshkent)-9,0; R.Serazetdinov (Toshkent)-8,8; N.Ro‘zimov (Toshkent)-8,8; N.Qosimov (Qarshi)-9,0.

Gollar: S.Rahmonov (7-pen.), Z.To‘rayev (36).

Amalga oshirilmagan penalti: I.Taran (64, SH.).

«Sho‘rtan»: 1. E.Tojiboyev, 3. A.G‘ulomxo‘jayev, 9. I.Taran, 11. Z.Polvonov, 14. U.Eshmurodov, 15. O.Jo‘raboyev,

18. E.Boymatov, 22. S.Hamroyev (29. Q.Nurmetov, 77),

27. S.Sobirxo‘jayev, 77. O.Narzullayev, 88. A.Xolmatov (18. M.Murodov, 46).

«Mash’al»: 35. J.Ilyosov, 3. S.Rahmonov, 9. J.Ubaydullayev, 13. SH.SHaymanov, 18. A.SHodmonov, 19. Z.Qo‘ziboyev, 22. B.Qosimov, 44. A.Begimqulov, 55. A.Agaliyev,

77. A.Olimov (10. H.Murtazoyev, 63), 90. Z.To‘rayev

(6. M.Kamolov, 71).

Ogohlantirishlar: I.Taran (41), S.Hamroyev (67), O.Narzullayev (81), A.G‘ulomxo‘jayev (83) - J.Ilyosov (90Q1).

Chetlatish: Z.Qo‘ziboyev (67, M.).

Eng yaxshi o‘yinchilar: S.Sobirxo‘jayev - J.Ilyosov.

Nazoratchi: O.Rubakov (Toshkent).

Komissar: A.Inoyatov.

Aleksandr Xomyakov («Mash’al» bosh murabbiyi): - Qiziqarli o‘yin. «Sho‘rtan»ning kuchli va kuchsiz tomonlarini yaxshi bilardik. Birinchi bo‘limda 2ta gol urganimiz qo‘l keldi. Ammo Qo‘ziboyevning maydondan chetlatilishi qiyinchilik tug‘dirdi. Yigitlarga rahmat, ular g‘alabani saqlab qolishdi. Natijadan qoniqdim. Aslida «Sho‘rtan» safida tajribali futbolchilar ko‘pchilikni tashkil qilishadi. Biz bugun yoshlarimizning chaqqon harakatlariga ko‘proq e’tibor qaratdik va bu samara berdi. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabriklayman.

Aleksandr Volkov («Sho‘rtan» bosh murabbiyi): - Avvalo, barcha muxlislar va xalqimizni yaqinlashayotgan bayram bilan tabriklayman. Bugun omadimiz chopmadi. Ha, birinchi bo‘limda bizga biroz shiddat yetishmadi. Biroq yigitlar taslim bo‘lishmadi va tanaffusdan keyin hujumga zo‘r berdik. Afsuski, hattoki, penaltidan ham gol urolmadik. Raqib 2ta to‘p farqi bilan oldinga o‘tib olganidan so‘ng himoyaga katta urg‘u berib, gol urishimizga imkon qoldirmadi. Futbolchilarga doimo dastlabki va oxirgi 15 daqiqada juda diqqatli o‘ynash kerakligini uqtiraman. Biroq bugun bunday bo‘lmadi...

«QO‘QON-1912» - «QIZILQUM» - 1:0 (0:0)

18 mart. Qo‘qon. 7621 tomoshabin.

Hakamlar: V.Seytlin (Toshkent)-8,8; A.Usmonov (Toshkent)-8,5; T.Gaynulin (Toshkent)-8,5; SH.Nasibullayev (Toshkent)-9,0.

Gol: F.Rayevas (51).

«Qo‘qon-1912»: 12. A.Ashurov, 4. B.Akramov, 5. J.Kimsanov, 8. S.Hamidov (10. J.Siddiqov, 65), 11. A.Sidorov, 18. B.Pardayev, 23. A.Merzlyakov, 24. I.Rahimov,

26. A.Xolmurodov (85. R.Melzitdinov, 63), 77. M.Xolmuhammedov, 99. F.Rayevas (9. N.Otaqo‘ziyev, 81).

«Qizilqum»: 22. A.Makosin, 3. SH.Po‘latov, 4. E.Boydullayev, 8. A.Rustamov, 10. V.SHodiyev, 14. F.Qambarov,

15. A.Allaniyozov (9. O.Zokirov, 80), 17. A.Gevorkyan,

19. J.Hasanov, 23. SH.Jo‘rayev, 27. I.YUnusov.

Ogohlantirishlar: M.Xolmuhammedov (63) - SH.Po‘latov (63), J.Hasanov (63), F.Qambarov (66).

Eng yaxshi o‘yinchilar: F.Rayevas - E.Boydullayev.

 Nazoratchi: B.Tog‘ayev (Toshkent).

Komissar: V.Lyotkin.

Hamidjon Aktamov («Qizilqum» bosh murabbiyi): - Birinchi navbatda, qo‘qonlik muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun bitta vaziyat o‘yin taqdirini hal qildi. Bizda ham yaxshi imkoniyatlar yuzaga kelgandi. Agar ulardan samara chiqara olganimizda, boshqacha futbol guvohiga aylanardik. Yana nima ham derdim... Bu - futbol. «Qo‘qon-1912»ga keyingi turlarda ham omad tilayman.

No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi): - Bugun tomoshabop futbol ko‘rdik. Stadionga kelgan muxlislarga ham o‘yin sifati ma’qul tushgan bo‘lsa kerak. Har ikki jamoa shiddatli harakatlanishga intildi. Yakunda kichik hisobda g‘alaba qozondik. «Qizilqum»­ga keyingi o‘yinlarda omad tilayman.  O‘z jamoamizga kelsak, chiroyli o‘yinlarimiz hali oldinda. Mana, tajribali yigitlarimiz sekin-asta yaxshi sport formasiga kirib bormoqdalar. Xullas, «Qo‘qon-1912» uchun g‘alabali o‘yinlar oldinda.

«BUXORO» - «OBOD» - 0:1 (0:0)

18 mart. Buxoro. 7631 tomoshabin.

Hakamlar: B.Namozov (Toshkent)-8,6; R.SHoyaxmetov (Toshkent)-8,3; A.Snetkov (Toshkent vil.)-8,4; R.Abduvohidov (Qarshi)-9,0.

Gol: G‘.Umirov (62).

«Buxoro»:25. M.Xudoyorov, 5. K.Pasichnik, 8. I.Veyser (7. S.Ne’matov, 58), 11. S.SHixov, 17. A.SHog‘ulomov,

19. J.Hasanov, 22. SH.Gadoyev (2. E.Ravshanov, 65),

27. R.Hasanov, 28. E.Ismoilov, 29. V.Bayenko, 77. I.Nagayev (10. B.Vahobov, 57).

«Obod»: 1. SH.Abdullayev, 2. A.Husinov, 3. A.G‘ofurov,

4. F.Mirahmatov, 5. G‘.Umirov, 6. SH.Jalilov

(21. N.Haipov, 27), 7. S.Rixsiboyev (9. P.Solomin, 67),

8. D.Hasanov, 10. S.Ermatov (18. S.To‘raqulov, 59),

11. SH.Norxonov, 19. S.Qahhorov.

Ogohlantirishlar: A.SHog‘ulomov (63), J.Hasanov (88) - S.Ermatov (21), SH.Norxonov (43), S.Rixsiboyev (53), N.Haipov (90Q1).

Chetlatishlar: R.Hasanov (90Q3) - N.Haipov (90Q3).

Eng yaxshi o‘yinchilar: A.SHog‘ulomov - SH.Norxonov.

Nazoratchi: X.Muxtorov (Samarqand).

Komissar: B.Haydarov.

Farhod Safarov («Obod» klubi boshlig‘i): - Sportda g‘alaba o‘z o‘zidan kelmaydi. Juda murakkab tus olgan o‘yinda 3 ochko oldik. Yoqimli tomoni, mavsumdagi birinchi g‘alabani safarda jiddiy raqibga qarshi bahsda nishonladik. «Obod» o‘zbek futbolidagi dastlabki xususiy klublardan biridir. Maqsadimiz - oliy ligada munosib ishtirok etish. «Buxoro»ning nimalarga qodirligini yaxshi bilaman. Bu klub yanvar oyida stadionimizda shug‘ullangandi. Ammo jamoada keskin o‘zgarishlar yuz bergani va murabbiylar almashganini unutmaslik kerak. Demoqchimanki, «Buxoro» endi shakllanmoqda. Umuman, mavsumning start qismi barcha ishtirokchilar uchun og‘ir kechishi tabiiy hol.

Rauf Inileevga kelsak, bosh murabbiy «Bunyodkor»ga qarshi kechadigan keyingi tur o‘yinida o‘z o‘rnini egallasa kerak. 

Ulug‘bek Baqoyev («Buxoro» bosh murabbiyi): - Ba’zi vaziyatlarda omad bizdan yuz o‘girdi. Ya’ni xavfli hujumlardan foydalanolmadik. Albatta, g‘alaba qozonishni o‘ylagandik, afsuski, buning uddasidan chiqolmadik. Hayot davom etadi. O‘zgarishlarga kelsak, hozir mag‘lubiyat uchun kimnidir ayblamoqchi emasman. Ehtiroslar bosilgach, o‘yin videoyozuvini qayta ko‘ramiz va barchasini obdon tahlil qilamiz. Tarkibimizda 22 nafar futbolchi bor, kim yaxshi tayyor bo‘lsa, o‘sha maydonga tushadi. Ertadan keyingi o‘yinlarga tayyorgarlikni boshlaymiz. Muxlislarimizdan yana bir bora uzr so‘rayman...

«SO‘G‘DIYONA» - «OLMALIQ» - 3:2 (1:1)

18 mart. Jizzax. 3712 tomoshabin.

Hakamlar: I.Tantashev (Buxoro)-8,4; H.SHodmonov (Buxoro)-8,5; A.Qo‘ldoshev (Buxoro)-8,3; SH.Rajabov (Buxoro)-9,0.

Gollar: S.Rashidov (45Q1-pen.), S.Qobilov (80), SH.Dostonov (88) - I.Inomov (9), V.Kosminin (66).

«So‘g‘diyona»: 12. SH.Eshbo‘tayev, 2. S.Qulmatov, 3. A.Isroilov, 4. E.Oripov, 7. S.Rashidov, 8. S.Qobilov, 10. A.Mahmudov (11. SH.Dostonov, 71), 17. I.Toshpo‘latov

(22. D.Abdurahmonov, 87), 18. Q.Bahodirov (15. I.Abdullayev, 62), 59. S.Jo‘rayev, 77. S.Eminov.

«Olmaliq»: 45. A.To‘rayev, 2. A.Hojiakbarov, 5. D.Jo‘rayev, 15. F.Musabekov (11. V.Klishin, 77), 17. K.Murzoyev

(7. A.Rahmatullayev, 73), 18. SH.Mullajonov, 19. I.Inomov, 55. R.Berdimurodov, 77. M.Isayev (9. Z.O‘rinboyev, 60),

88. I.Yelich, 90. V.Kosminin.

Ogohlantirishlar: Q.Bahodirov (16), SH.Dostonov (89) - M.Isayev (11), A.Hojiakbarov (19), I.Yelich (23).

Chetlatishlar: SH.Dostonov (90Q2) - SH.Mullajonov (90Q2).

Eng yaxshi o‘yinchilar: S.Qobilov - K.Murzoyev.

Nazoratchi: F.Abdullayev (Toshkent).

Komissar: A.Frolov.

Viktor Kumikov («Olmaliq» bosh murabbiyi): - Kamchiliklar ustida ishlashda davom etamiz. Bugun yosh bolalarcha xato qildik va buning oqibatida gollar qo‘yib yubordik. Raqib darvozamizni 3 bora ishg‘ol qilgan ekan, o‘yindan ko‘nglim to‘lishi mumkinmi? Ha, hali ko‘p ishlashimiz kerak. O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan barchasi o‘z iziga tushadi.

Davron Fayziyev («So‘g‘diyona» bosh  murabbiyi): - Avvalo, barcha vatandoshlarimizni kirib kelayotgan «Nav­ro‘z» bayrami  bilan qizg‘in qutlayman. Bizni jiddiy raqib kutayotganini tushungan holda, o‘yinga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rdik. Muxlislar oxirgi daqiqalargacha jamoamizga ishonishdi va buning uchun alohida rahmat. O‘ylaymanki, muxlislarimiz ishonchini oz bo‘lsada, qozondik. Bu yilgi o‘yinlar barcha jamoalar uchun keskin tus olmoqda. Deylik, bugungi bahsda yigitlarimizda hayajon yaqqol sezilib turdi. Ya’ni birinchi marta o‘z maydonimizda, muxlislar qarshisida o‘ynaganimiz boismi, shogirdlarimni biroz hayajon bosdi. «Olmaliq» ko‘proq standart holatlarga tayanadi va Viktor Kumikovni ko‘p yillardan buyon tanishim bois, uning har bir vaziyatdan maksimal foydalanishga urinishini bilardim. Futbol xatosiz bo‘lmaydi. Bugun yigitlar irodasi, mehnati va muxlislar olqishi uyg‘unlashib, ajoyib g‘alabaga olib keldi. Oldimizda «Orol»ga qarshi kechadigan kubok o‘yini bor. 30-sanada esa 4-tur doirasida «Nasaf» mehmoni bo‘lamiz. Demak, shunga qarab, tayyorgarlik ishlarini davom ettiramiz.

-----------------------------------------------------------------------

«BUNYODKOR» - «NASAF» va «METALLURG» - «LOKOMOTIV» o‘yinlari qoldiriligan

Tur Statistikasi

O‘yin: 6

Gol: 12 (o‘rtacha: 2)

Tomoshabin:44824 (o‘rtacha: 7470...)

Mezbonlar g‘alabasi: 2

Mehmonlar g‘alabasi: 3

Durang: 1

Yirik hisobli g‘alaba:-

Eng  sermahsul o‘yin:  «So‘g‘diyona» - «Olmaliq» (5ta gol)

Ogohlantirish: 30 (o‘rtacha: 5)

Chetlatish:5 (o‘rtacha: 0,83...)

Eng «qo‘pol» o‘yinlar:«Buxoro-«Obod» (6ta  «sariq»Q 2ta «qizil»); «So‘g‘diyona»-«Olmaliq» (5ta  «sariq»Q 2ta «qizil»)

Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin:«Navbahor» - «Neftchi» (18992)

Penalti: 4 (1tasi samarasiz)

«Dubl»: -

Avtogol:-

 

 

To‘purarlar:

Akmal Bozorov («Dinamo») - 2ta

Dragan Cheran («Nasaf») - 2ta

Jamshid Iskanderov («Paxtakor») - 2ta

Azamat Allaniyozov («Qizilqum») - 2ta

Navro‘z Haipov («Obod») - 2ta

Filipp Reyevas («Qo‘qon-1912») - 2ta

Marat Bikmayev («Lokomotiv») - 2ta  (1ta - pen.)...

 

Kelgusi o‘yinlar:

30 mart (payshanba)

Obod - Bunyodkor

Nasaf - So‘g‘diyona

31 mart (juma)

Mash’al - Paxtakor

Metallurg - Sho‘rtan

Lokomotiv - Olmaliq

Dinamo - Navbahor

Neftchi - Qo‘qon-1912

Qizilqum- Buxoro

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 17:34, 20.03.2017.
O'qildi: 9822 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.