Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Vadim Abramov: "Terma jamoamizda ortga yo‘l qolmadi, hisob"

Vadim Abramov: "Terma jamoamizda ortga yo‘l qolmadi, hisob"

Baho:
+ | -

Bugun o‘zgacha kun. Bugun O‘zbekiston terma jamoasi JCH saralashi doirasidagi navbatdagi o‘yinda Qatarga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuvning ahamiyati haqida ortiqcha gapirish shart emas. Faqat shunisi aniqki, biz o‘z vaqtida bu raqibni yengganmiz. Futbolga qiziqqan har bir muxlis biladiki, termamizga Vadim Abramov ustozlik qilgan paytdagi yutuq esda qolarli bo‘lgandi. Abramov esa tabiiyki, bu raqibni juda yaxshi biladigan murabbiy. Biz shu omilni nazarda tutib, Vadim Abramov bilan terma jamoamiz va oldinda kutib turgan o‘yinlar mavzusida bafurja suhbatlashdik. Fikrimizcha, bu mutaxassisning fikrlari hech kimni befarq qoldirmaydi.

SURIYA

- Vadim Karlenovich, O‘zbekiston terma jamoasining Suriyaga qarshi o‘tkazgan o‘yinini tomosha qildingizmi? Taassurotlar qanday?

- To‘g‘risini aytsam, anchadan buyon terma jamoa o‘yinlarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘la olmayotgan edim, ammo bu safar tomosha qildim. Guruhdagi ikki bahs: Suriya-O‘zbekiston va Qatar-Eron uchrashuvlarini oddiy muxlis sifatida kuzatib bordim. Afsuski, terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yindan ko‘ra, Qatarda bo‘lib o‘tgan uchrashuv ancha qiziqarli kechgandek tuyuldi. Eron ham, Qatar ham ancha chiroyli o‘yin namoyish qilishdi. Biz uchun yomon tomoni - yaqin kelajakda O‘zbekiston terma jamoasini bu raqiblarning har ikkisiga qarshi kechadigan o‘yin kutib turibdi. Yigitlarimizga oson bo‘lmasligi turgan gap.

- Sizningcha, terma jamoamiz nimaning hisobiga Suriyadan mag‘lub bo‘ldi?

- Bu borada hech qanday yangi gap ayta olmayman. Ammo oddiy bir muxlis sifatida gapirsam, o‘yin menga yoqmadi. Zerikarli futbol tomosha qildik desam ham, yanglishmagan bo‘laman. Biznikilar standartdan bitta vaziyat yarata olishdi, biroq bundan unumli foydalana olishmadi. Suriyada esa uchta vaziyat ko‘rdik, shulardan bittasi golga olib keldi. Qolgan vaqtda uchrashuv shiddati u qadar yuqori bo‘lmadi.

- O‘yindan keyin terma jamoa mutasaddilari mag‘lubiyatga sifatsiz maydon va noqulay ob-havo sabab bo‘lganini aytishdi. Biroq bellashuv aynan shunday sharoitda kechishi hammamizga avvaldan ma’lum edi. Murabbiy sifatida aytingchi, nahotki shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rishning imkoni bo‘lmasa?!

- E’tirozingiz o‘rinli, darhaqiqat, qoniqarsiz maydondagi o‘yinga ham tayyorlansa bo‘ladi. Buning uchun an’anaviy uslubdan voz kechib, boshqacharoq o‘yin namoyish qilish lozim. Deylik, bunday holatda to‘pni uzoq masofaga oshirib, Sergeevning ikkinchi qavatdagi ustunligidan foydalanish mumkin edi. Ehtimol, shunda u to‘p uchun kurashib, birorta vaziyat yaratarmidi?.. Imkon qadar darvoza tomon zarbalarni ham ko‘paytirish ham zarar qilmasdi. Harqalay, futbolchilar og‘ir maydonda o‘zini qiynab, bemaqsad u yoqdan-bu yoqqa yugurganidan ko‘ra, shunisi ma’qulroq.

QATAR

- Qatar haqida gap ketarkan, istaymiz-yo‘qmi, 2011 yilgi Osiyo Kubogining ochilish o‘yini yodga tushadi. O‘sha Qatar termasi bilan bugungisi o‘rtasida qanday farq bor?

- Farq juda katta. O‘zimga qolsa, ularni o‘zaro taqqoslamagan bo‘lardim. Chunki o‘tgan vaqt davomida Qatar termasida ko‘p marta murabbiy almashtirildi va tabiiyki, har bir mutaxassis o‘z o‘yin falsafasini jamoaga singdirishga urininadi. Shubhasiz, bunday vaqtda o‘yin uslubi ham, taktik ishlanmalar ham butunlay o‘zgarib ketadi. Futbolda esa murabbiyni tez-tez almashtirish foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi ko‘p bor kuzatilgan.

- Qiziq, o‘shanda qatarliklar o‘z mamlakatlarida o‘tadigan Osiyo Kubogiga juda qattiq tayyorgarlik ko‘rishgan edi. Shunga qaramay, ochilish uchrashuvida ishonchli g‘alabaga erishgansiz...

- Har qanday jamoa ham o‘z uyida o‘tadigan musobaqaga astoydil tayyorlanadi. O‘shanda Qatarni uch yil davomida bir murabbiy boshqargandi va ular ancha kuchli hisoblanardi. Qolaversa, bir qator mahoratli legionerlar mahalliylashtirilgandi. Ammo biz ham shunga yarasha tayyorlanganmiz va mehnatimiz samara bergan. Shundan buyon Qatarning rivojlanish strategiyasi bir necha bor o‘zgardi va natijada hozirgi jamoa bilan o‘sha vaqtdagisi o‘rtasida katta farq yuzaga keldi. Biroq, Qatar terma jamoasi hozir ham yaxshigina kuchga ega.

- Ammo ularning himoyasida nuqsonlar borligi Eron bilan bo‘lgan o‘yinda yaqqol ko‘rinib qoldi. Masalan, so‘nggi daqiqalarda eronliklar yana bir nechta gol kiritishlari mumkin edi.

- Yo‘q, Qatar himoyasi kuchsiz, degan fikrga qo‘shilmayman. Gap shundaki, ular o‘z maydonlarida mag‘lubiyatga uchramaslik uchun ham so‘nggi daqiqalarda bor kuch bilan oldinga tashlanishdi va bunday vaqtda himoyada muammolar yuzaga kelishi tabiiy hol. O‘ylashimcha, Toshkentdagi o‘yinda mutlaqo boshqacha ssenariy ostida o‘tadi.

- Siz boshqargan terma jamoa o‘yinning borishini nazorat qilib, ko‘p hujum tashkil etar edi. Nima deb o‘ylaysiz, Qatarga qarshi yana 2011 yildagi kabi hujumkor o‘yin namoyish etishning imkoni bormi?

- Buning uchun shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rish kerak, do‘stlar! Nima, bir kishi kelib: «Bugun «Barselona» yoki «Manchester Yunayted» kabi o‘ynaymiz», degan bilan shunday o‘ynay olamizmi?! Yo‘q, albatta! Buning uchun juda ko‘p mehnat va mashaqqat kerak. Maqtanishga yo‘ymang-u, lekin biz 2011 yilda Osiyo Kubogiga tayyorgarlik davomida astoydil ishlaganmiz va yakunda natijaga erishganmiz. Shunday ekan, bu oson ish emas. Ammo ishonchim komil, hozirgi murabbiylar shtabi ham navbatdagi raqibga qarshi o‘ziga yarasha uslub tayyorlay oladi.

ERON

- Eron terma jamoasi haqida nima deya olasiz?

- Eron - Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Forslar juda aqlli o‘yin namoyish qilishmoqda va Qatar bilan bo‘lgan o‘yinda ham raqibning hamma yo‘lini yopib qo‘ya olishdi. Men terma jamoani boshqargan vaqtlarda Eron bu qadar kuchli emasdi. Aksincha, O‘zbekiston terma jamoasi undan ustunroq bo‘lgan, deb hisoblayman. Ammo keyin murabbiylik lavozimiga Karlush Keyrush keldi va eng muhimi, Eron futbol federasiyasi unga barcha sharoitni yaratib berdi. Keyrush 4 yildan buyon termani boshqarib kelyapti va albatta, bu o‘z mevasini bermoqda. Barqarorlik - g‘alaba yo‘lida eng muhim omil. Hozirgi Eronda xuddi shu narsa bor. Bilasiz, yuzaki qaraganda, Keyrush bilan necha marta kelishmovchilik kuzatilsa-da, forslar bir iloj qilib, uni terma jamoa boshqaruvida saqlab turishibdi. O‘z navbatida murabbiy ham ishonchni oqlamoqda.

XITOY

- Xitoy o‘z maydonida Janubiy Koreyani yengib, sizni hayron qoldirgandir?

- Afsuski, shu o‘yinni tomosha qilish nasib qilmadi. Ammo natijadan juda ajablandim, deya olmayman. Chunki Xitoy va Janubiy Koreya o‘rtasida kechadigan uchrashuvlar prinsipial ahamiyat kasb etadi va mezbonlar g‘alaba uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni amalga oshirishi aniq edi. Ishtiyoq esa ko‘p hollarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Boz ustiga, bu jamoani taniqli murabbiy Marchello Lippi boshqarmoqda. Shunday ekan, Xitoy bilan bo‘ladigan o‘yin ham biz uchun oson kechmasligi turgan gap.

JANUBIY KOREYA

- Janubiy Koreya terma jamoasi esa aksincha, ancha kuchsizlanib qolgandek ko‘rinmoqda. Bu fikrga qo‘shilasizmi?

- Ochig‘ini aytsam, Koreyada bu salbiy jarayon ancha oldin boshlangandek edi. Bunga ham sabab sifatida murabbiy ko‘p almashtirilganini ko‘rsatish mumkin. 2011 yilgi Osiyo Kubogida Koreyani juda yaxshi murabbiy boshqargan. Ammo keyin ularda ham ketma-ket iste’folar boshlanib ketdi. Yodingizda bo‘lsa, biz JCH saralashi doirasida Yaponiyaga qarshi kechadigan o‘yin oldidan Janubiy Koreya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan edik. O‘sha uchrashuvda biz mag‘lubiyatga uchraganmiz, ammo o‘yindan to‘liq ko‘nglim to‘lgan. Biz ataylab Yaponiya bilan bo‘ladigan o‘yin oldidan barcha qartalarimizni ochib tashlamagandik va Janubiy Koreyaga imkoniyatni boy berdik. O‘rtoqlik o‘yini oldidan futbolchilar bilan gaplashib, natijaga mutlaqo e’tibor bermaslikni so‘raganman. Biz uchun bu o‘yin Yaponiyaga qarshi kechadigan rasmiy bahs uchun kerak edi va biz undan o‘rinli foydalana olganmiz. Garchi Janubiy Koreya o‘rtoqlik uchrashuvida bizni yenggan bo‘lsa ham, saviya jihatidan biroz pasayish borligi sezilib turgandi.

Bu hali hammasi emas. Mazkur intervyuning to‘liq qismini InterFUTBOL gazetasining 25-sonida mutolaa qilishshingiz mumkin.

 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 09:36, 28.03.2017.
O'qildi: 15080 marta.
Fikrlar: 11 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.