«Zenit»ning portugaliyalik hujumkor futbolchisi Migel Danni Rossiyada muqim yashab olmoqchi, chog‘i. Harqalay, u Record nashri muxbirlari bilan suhbat jarayonida shu haqda o‘ylayotganini yashirmadi. Ya’ni Rossiyadagi faoliyati yuzasidan gapirishdan tashqari, kelajak rejalariga ham to‘xtaldi.
Maydonga qaytish
- Taslim bo‘lish - menga xos emas.O‘zimni qushdek yengil his qilyapman. Yana to‘p sura olishimdan behad mamnunman. Professional futbolga ilk qadamni tashlagan vaqtda xuddi hozirgidek ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lgandim. Ayni payt sport formamni tiklash bilan bandman. O‘ylaymanki, tez orada yana risoladagidek o‘ynayman. Chunonchi, yaqinlarim va jamoadoshlarim qatori muxlislar ham meni chinakamiga qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Buning uchun ulardan minnatdorman.
Faoliyatini yakunlash xayoli
- Uchinchi operasiya faoliyatimga nuqta qo‘yishini o‘ylab, xavotirga tushgandim. Aniqrog‘i, tizzam 3-marta shikastlangach, butsalarimni mixga ilish haqida o‘ylay boshladim. Ayniqsa, jarohatning jiddiyligi ma’lum bo‘lgach, tanamda majol qolmadi, go‘yo. Axir tizzaga bog‘liq 3ta operasiya xohlaysizmi-yo‘q, odamga ruhiy tomondan ham ta’sir o‘tkazadi. Xullas, jarrohlik amaliyotiga 1 hafta qolganida, bu masalani obdon muhokama qildik. Oxir-oqibat, oila a’zolarim va shifokorlar bilan birga yakuniy to‘xtamga keldik: futboldan ketishimga hali vaqtli. Ko‘rib turganingizdek, yana maydondaman!
Tiklanish jarayoni
- Kuniga 2 mahal 3,5 soatdan shug‘ullandim. Tushunarliki, futbolchidan nafaqat jismonan, balki ruhan kuchli bo‘lish talab etiladi. Ertalab va kechqurun reja asosida olib borilgan 3,5 soatlik mashqlar fizioterapevtlar nazoratida o‘tdi. Mana, endi mashg‘ulotlar davomiyligi yana 1 soatga uzaydi. Albatta, bu oson emas.
Kelajak rejalari
- «Zenit» bilan shartnomani uzaytiramanmi-yo‘q - buni bilmayman. Axir yaqindagina oyoqqa turib, mashq qila boshladim. Faqat shuni aytishim kerak, «Zenit» - jonajon jamoam. Boshqacha ifoda etganda, bu klub uyimga aylanganini hamma biladi.
U bilan xayrlashishim oson emasligini ham. Ko‘ramiz, mavsum oxirida vaziyat qanday ko‘rinish olarkin? Faoliyatim yakunlanganidan keyin Rossiyada yashash masalasimi? Yashirmayman, buni oila davrasida muhokama qildik.
Piterda farzandlarimning do‘stlari juda ko‘p. Ular maktabda birga o‘qishadi, futbol o‘ynashadi. Umuman, Rossiya qolish masalasida hali bir to‘xtamga kelmadik. Barchamizga ma’qul keladigan variant xususida bosh qotirish uchun mavsum oxirigacha vaqt bor. «Maritimu»ga qaytishim mumkinmi?
Bunga xohishim kuchli, ammo oilam Piterda, farzandlarim «Zenit» tizimida shug‘ullanishmoqda. Albatta, xushmanzara Madeyra oroliga qaytish - ajoyib. Biroq bunday taqdirda bolalarim orzumdagi kelajakka erisholmaydilar.
Demoqchimanki, endilikda o‘zimni emas, ularni ko‘proq o‘ylashim lozim. Bordiyu, Portugaliyaning qaysidir grandidan taklif olsam, uni mamnuniyat bilan qabul qilaman. Mamlakatning top-klubida o‘ynashni kim istamaydi axir? Lekin ochig‘i, bunday chorlov bo‘lishi ehtimoli ancha past...