Bir zumda Oliy ligada 4-tur bahslari ham ortda qoldi. Uning eng kutilmagan natijasi Muborakda qayd etildi - «Mash’al» o‘z maydonida «Paxtakor»ni javobsiz 3ta gol bilan «siyladi». Ha, o‘tgan mavsum omadsizlikka yuz tutgan «sherlar» bu yil ham ko‘pchilikni ajablantirishda davom etishyapti.
Qarang, nomdor jamoa 4ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 1ta g‘alabaga erishib, 2 marta mag‘lub bo‘ldi va yana bir uchrashuvda durangga ko‘ndi. «Mash’al» aksincha, 3-g‘alabasidan so‘ng turnir jadvalida 3-4-o‘rinlarga ko‘tarildi.
Biz Muborakdagi uchrashuvdan so‘ng «Mash’al» yarim himoyachisi Shahzod Shaymanovdan maxsus intervyu oldik. Zero, u yakshanba kuni tavallud ayyomini nishonladi. Demak, «Paxtakor» ustidan qozonilgan chiroyli g‘alaba Shaymanov uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi.
- Shahzod, tug‘ilgan kuningiz va jamoangiz g‘alabasi bilan tabriklaymiz. Aytingchi, «Paxtakor»ni aynan nimaning evaziga ishonchli tarzda mag‘lub etdinglar?
- Jamoaviy o‘yin va kuchli ishtiyoq qo‘l keldi. Yana nomdor raqib oldida xavfsiramay o‘ynadik. Demakki, g‘alabamizda ruhiy tayyorgarlikning ulushi ham katta.
- Birinchi bo‘limda hisob ochilmadi. Gollarni ikkinchi 45 daqiqalikka saqlab qo‘ygan ekansizlar-da...
- Aslida tezkor gol urishni o‘ylagandik. Umuman, tanaffusgachayoq hisobni ochishimiz hech gap emasdi. Biroq bizga hujumning yakuniy pallasida aniqlik yetishmadi. Qolaversa, «Paxtakor» darvozasini milliy jamoamizning birinchi raqamli kiperi qo‘riqlayotganini unutmaslik kerak. Raqib himoyachilari ham tajribali. Xullas, ikkinchi bo‘limda omadimiz chopdi.
- «Paxtakor»dan qanday o‘yin kutgandinglar va raqib harakati shunga muvofiq keldimi?
- Tabiiyki, o‘yinga tayyorgarlik jarayonida «Paxtakor»ni obdon o‘rgandik. Ya’ni murabbiylarimiz raqibning kuchli va zaif tomonlarini atroflicha tushuntirishdi. Savolga kelsak, ochig‘i, «paxtakorchilar»ning ancha shiddat ko‘rsatishlarini taxmin qilgandik.
- Balki «Paxtakor»ning omadsiz seriyasi ham sizlarga yordam bergandir...
- Ehtimol... Boshqa tomondan, raqibga nisbatan kuchliroq o‘yin namoyish qilganimiz ham ayni haqiqat.
- Jamoadoshlaringiz milliy jamoamiz darvozabonini 3 marta dog‘da qoldirishdi va shuning barobarida raqibning gol urishiga imkon bermadinglar. Mehmonlar hujumchilari harakati yuzasidan nima deya olasiz?
- Aslida ular ham golga tortadigan 2-3ta vaziyat hosil qilishdi. Lekin himoyada tartibli harakatlanib, gol urishlariga yo‘l qo‘ymadik.
- Mana, chempionatimizda 4ta tur ortda qoldi. Umumiy taassurotlar qanday?
- Oliy liga o‘yinlari yil o‘tgani sari qiziqarli kechyapti. Masalan, bu yil «Dinamo»ning shunchalik yorqin start olishini ko‘pchilik kutgan emasdi.
- «Mash’al» ijrosidagi futbol o‘zinglarga ma’qul kelyaptimi?
- Ha, zero, natijalar chakki emas. Mana, 4ta uchrashuvning 3tasida g‘alaba qozondik. Umid qilamanki, mavsum yakuniga qadar shunday ko‘tarinki kayfiyatda to‘p suramiz.
- Birgina mag‘lubiyatni «Lokomotiv»dan qabul qildinglar...
- Aslida amaldagi chempionga jiddiy qarshilik ko‘rsatgandik, menimcha. Harqalay, o‘sha kuni kamida 1 ochko olishga munosib edik.
- Xo‘sh, bunga nima xalal berdi?
- Birozgina omad yetishmadi. To‘g‘ri, «Loko» kuchli jamoa, lekin uni ham yengish imkonini topish mumkin. Mana, «Paxtakor» darvozasiga javobsiz 3ta gol urdik-ku.
- O‘zbekiston kubogi doirasida esa «Istiqlol»ni kurashdan chiqarib yubordinglar. Jamoa oldiga kubok musobaqasi bo‘yicha ham aniq vazifa qo‘yilganmi?
- Ha, «Istiqlol»ni ortiqcha muammosiz yengdik. Lekin endi raqiblar jiddiylashib boraveradi. Vazifamizga kelsak, imkon qadar uzoqroqqa borishimiz kerak.
- Shahzod, har bir futbolchi mavsum avvalida o‘z oldiga muayyan maqsadlarni qo‘yadi. Shu ma’noda aytsak, nimalarni ko‘zlayapsiz?
- Asosiy maqsadim - jamoaga yordam berish va g‘alabalarga munosib hissa qo‘shish. Zero, milliy jamoadan chaqiruv olishni istayman. Buning uchun astoydil intilishim aniq. «Mash’al» g‘alaba qozonishda davom etib, turnir jadvali yuqori qismidan joy olsa, terma jamoa murabbiylari bizga kuchliroq e’tibor qaratishadi, albatta.
- Darvoqe, milliy jamoamiz haqida: Samvel Babayan shogirdlari JCH-2018 yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiryaptilar. Suriya va Qatar termalariga qarshi kechgan oxirgi o‘yinlar shaxsan sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Suriyaliklar bilan bahsda oddiy xatolar qimmatga tushdi. Boz ustiga, keraksiz vaziyatda jarima maydoni ichida raqibga qo‘pollik ishlatildi va hammasi penalti belgilanishi bilan tugadi.
Eh, jamoamiz safardan loaqal 1 ochko bilan qaytganida edi... Yaxshiyamki, Qatar termasidan 3 ochko tortib olindi. Aks holda, JCH-2018ga borish imkoniyatidan mahrum bo‘larmidik...
- Hali imkoniyat bor, lekin undan foydalanish juda mushkul. Termamizning yakunda Rossiya-2018 yo‘llanmasini yutishiga nechog‘li ishonasiz?
- Hamma biladi, jamoamiz qiyin vaziyatga tushib qoldi. Axir qolgan 3ta o‘yindan 2tasi mehmonda bo‘ladi. Shaxsiy fikrimcha, Eron termasiga qarshi kechadigan navbatdagi o‘yin natijasi ko‘p narsaga oydinlik kiritib beradi. Chiqmagan jondan umid... Imkoniyat bor ekan, oxirigacha kurashish lozim.