Kirish Ro'yxatdan o'tish
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter
29/12 00:45 Lasio - Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul

Qarshida futbol muxlislari uchun ajoyib sovg‘a hozirlanmoqda

Qarshida futbol muxlislari uchun ajoyib sovg‘a hozirlanmoqda

Baho:
+ | -

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida qurilish-ta’mirlash ishlari avjida. Ushbu arenada katta ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Vohaning bosh arenasida yugurish yo‘lakchalari olib tashlanib, ularning o‘rniga qo‘shimcha tribunalar o‘rnatilmoqda.



Stadion dunyo standartlariga mos ravishda faqat futbol uchun mo‘ljallangan arenaga aylantirilmoqda. Bu eng avvalo stadionga tashrif buyuruvchi ishqibozlarga yanada qulaylik yaratish, qolaversa arenada muxlislar sig‘imini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.



Ma’lumki, Qashqadaryoda futbolni sevishadi. “Nasaf” jamoasining uy uchrashuvlariga minglab ishqibozlar tashrif buyurishadi va ayrim hollarda stadion o‘z bag‘riga ko‘pgina muxlislarni sig‘dira olmay qolayotgandi. Yangi loyihaga ko‘ra “Markaziy” stadionda o‘rindiqlar soni 20500 tani tashkil etadi. Qolaversa, ta’mirlash ishlari bahonasida stadion infratuzilmasi tubdan yangilanadi.



Maydonning drenaj tizimi va maysasi ham yangilandi. Barchaga ma’lumki, sifatli futbol namoyish etish uchun maydon maysasi alohida ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham “Markaziy” stadion chimi bu sohada katta tajribaga ega bo‘lgan koreyalik mutaxassislar tomonidan to‘shaldi.



“O‘tgan yili Respublikamizning birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo viloyatiga qilgan safarlari paytida bizning stadionga ham tashrif buyurdilar va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Stadionning umumiy inftratuzilmasi, maydon sifati, ishqibozlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekanlar, arenani ta’mirlash kerakligi, o‘rindiqlar sonini oshirish va buning uchun besamar turgan yugurish yo‘lakchalaridan voz kechish zarurligini ta’kidladilar.



Keyinchalik biz ta’mirlash ishlari bo‘yicha maxsus loyixa ishlab chiqdik va unga ko‘ra stadion butunlay futbol maydoniga moslashtiriladigan bo‘ldi. Bugun biz shuni yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olamizki yangi stadionimiz loyixasi shaxsan Islom Abdug‘aniyevich Karimov tashabbuslari asosida dunyoga keldi. Biz birinchi Prezidentimizni doimo qalbimizda saqlaymiz, ularning xotiralari oldida bosh egamiz, stadionimiz muzeyida esa Islom Karimovga atalgan alohida burchak tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Oradan ko‘p o‘tmay Qarshi shahriga o‘sha paytdagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hozirda esa Prezidentimiz, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashrif buyurdilar, stadionning rekonstruksiya loyihasi bilan tanishib chiqdilar, bu yerda eng avvalo ishqibozlar uchun kerakli sharoitlarni hozirlash, ishni dunyo standartlari asosida tashkil etish, infratuzilmani yanada rivojlantirish borasida zarur ko‘rsatmalar berdilar va bu ishlarni shaxsan o‘z nazoratlariga oldilar. Ana shu tariqa qurilish-ta’mirlash ishlarini boshlab yubordik” – deydi “Nasaf” futbol klubi bosh menejeri Shamil Yarulin. 



“Markaziy” stadionda hozirda rejadagi ishlar 60 foizga bajarib bo‘lindi. Qurilish-beton va og‘ir ishlar deyarli yakunlandi. Buyog‘iga asosan pardozlash ishlari qoldi va rejaga ko‘ra barcha ishlar may oyining ohiriga qadar yakunlanishi va stadion to‘liq foydalanishga topshirilishi lozim. Ammo maydon maysasining yaxshilab ildiz otib olishi va bir necha mavsum davomida o‘z sifatini saqlab turishi uchun “Nasaf” klubi yangi stadionda ilk uchrashuvni ikkinchi davra boshida, ya’ni avgust oyida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Shak-shubha yo‘qki, rekonstuksiya ishlari yakunlangach, Qarshi “Markaziy” stadioni nafaqat mamlakatimizning, balki Markaziy Osiyoning eng shinam va ko‘rkam arenalaridan biriga aylanadi.

Zafar Imomxo‘jayev

Manba: olympic.uz
Kiritildi: 17:07, 06.04.2017.
O'qildi: 20972 marta.
Fikrlar: 20 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.