Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Ivan Nagayev: «Buxoro»dagi o‘yinlarim bilan terma jamoaga qaytmoqchiman

Ivan Nagayev: «Buxoro»dagi o‘yinlarim bilan terma jamoaga qaytmoqchiman

Baho:
+ | -

«Buxoro» hujumchisi Ivan Nagayev «Erudit Sport» gazetasiga intervyu berdi.

«BUXORO»DAN TASHQARI, «QIZILQUM»DAN HAM TAKLIF OLGANDIM»

— Ivan, «Buxoro»dagi ilk o‘yiningizda «Olmaliq» ustidan g‘alaba keltirgan gol muallifiga aylandingiz. O‘sha onda nimalarni his etdingiz?

— Ancha payt maydonda rohat qilib o‘ynay olmaganligim uchunmi katta ruhiy zavq oldim. Rostini aytsam men uchun bu oddiy yoki navbatdagi g‘alaba, darvozaga bir gol urish emas edi! Ixtiyorisiz tanaffusdan keyingi o‘zini namoyon eta olish fursati desam to‘g‘riroq bo‘ladi.

— Avvalo mavsum oldidan «Lokomotiv»dan «Buxoro» safiga kelib qo‘shilganingiz haqida gapirib bersangiz. Buxoroga kelishingiz qay taqlid ro‘y berdi?

— «Lokomotiv»da faoliyat yuritar ekanman maydonda ko‘p ham o‘zimni namoyon eta olmaganim uchun ham erkin agent sifatida boshqa klubga o‘tishim to‘g‘riroq bo‘ladi degan qarorga keldim. Hujjatlarimni olib, erkin agent sifatida o‘zim uchun jamoa izlashni boshladim. Keyinchalik menga Ulug‘bek Baqoyev bog‘landi va meni «Buxoro»ga taklif qildi. Baqoyev bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham birga to‘p so‘rganmiz, shu bois taklifni ham bajonidil qabul qildim. Va bu qarorimdan afsuslanmanmayman.

— «Buxoro»dan tashqari sizda boshqa jamoalardan ham takliflar bo‘lganmi?

— Bo‘lgan, tabiiyki. Navoiyning «Qizilqum» va boshqa bir qator jamoalardan takliflar bor edi. Ulug‘bek akani oddiy inson sifatida ham yaxshi taniganim uchun ham uning taklifini rad etishni istamadim.

— Tushunishim bo‘yicha, Ulug‘bek Baqoyev siz uchun ustoz kabi qiymatgan ham ega…

— Qanday aytsam ekan, u terma jamoa tarkibida hujumchi bo‘lib o‘ynagan. Undan ko‘p narsani o‘rganish mumkin.

— Aytganingizdek, «Buxoro» bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev o‘z vaqtida mohir hujumchi bo‘lgan. Hujumchi sifatida sizga u bilan ishlash nisbatan osondir?

— Xuddi shunday. Biz bir-birimizni yarim gapdan tushunib olamiz.

«LOKOMOTIV»DA ANCHA VAQTNI YO‘QOTDIM…»

— Buxorodagi dastlabki taassurotlaringiz qanday?

— Yomon emas. Toshkentda «Lokomotiv» tarkibida 4 yil davomida to‘p surdim, sharoitlar tubdan farq qilishi tabiiy. Ammo «Buxoro»da men katta zavq bilan maydonda to‘p surish imkoniyatiga ega bo‘ldim. «Lokomativ»da unchalik maydonga tushish imkoni bo‘lmadi, ancha vaqtni yo‘qotdim, amaliyotda o‘zimni sinab ko‘ra olmadim. Asta-sekinlik bilan «forma»ga kira boshladim. O‘z ustimdan ko‘proq ishlashga harakat qilayapman. Buxorolik minglab muxlislar qo‘llab-quvvatlashini doim his qilib turibmiz.

— «Buxoro» dastlab «Olmaliq»ni mag‘lub etgan bo‘lsada, keyin «Nasaf» va «Obod»ga mag‘lub bo‘ldi. Kuni kecha esa Navoiyda «Qizilqum»ni mag‘lub etishga erishdi. Chempionat startidan qoniqdingizmi?

— Rostini aytsam, bundan ham yaxshiroq natijani ko‘rsatishni istagandik. Ammo jamoamizda Oliy Ligida endigina o‘ynashni boshlayotgan yigitlardan ham tashkil topganligini inobatga olsak, natija yomon emas. O‘z ustimizda yana va yana ishlashni davom ettirishimiz kerak.

— Chempionatning dastlabki 4 turi yakuniga yetdi. Bu yilgi Oliy Ligada sizni qanday natijalar yoki qaysi jamoalar ajablantirmoqda?

— Menimcha, ayni damda barcha terma jamoalar tengdir. Birini o‘ta kuchli deb ayta olmayman. «Lokomativ» va «Nasaf» nisbatan kuchli, ammo ular bilan ham o‘ynaysa bo‘ladi.

— Ya’ni Oliy Ligada sizni hech qaysi natija yoki jamoa hayratlantirmadi?

— Yo‘q. Men shunday futbolchimanki, raqibim kim ekanligiga ham qaramayman. Bu Messi bo‘ladimi, farqi yo‘q. Maydonga tushganimda faqat va faqat g‘alabani ko‘zlayman! Muhimi maydonga jangovar holatda, ishonch bilan tushish! Ko‘zlar yonib tursin!

«2016 YILGI TARKIB KUCHLI EDI…»

— Yana qanday marralarni zabt etishni istar edingiz?

PFC «BUXORO» muxlislari, [08.04.17 23:06]
— Albatta har bir futbolchi eng yuqori cho‘qqilarni zabt etishni istaydi. Barchasi o‘yinchining o‘ziga bog‘liq, eng avvalo maqsadni o‘z oldiga aniq qo‘yib unga intilish kerak! Bizga qo‘yilgan maqsadlarga albatta yetishga harakat qilamiz, ammo kamchiliklarimiz ham yetarli…

— Yil boshida «Buxoro» jamoasi deyarli yangilandi. Ammo bu yilgi tarkib ham o‘tgan yilgidek kuchli. Jamoa o‘tgan yilgidek 4-o‘rin natijasini takrorlay olishi mumkinmi?

— So‘zsiz, 2016 yilgi tarkib kuchli edi. Ammo 2017 yildagi tarkib ham yomon emas! Albatta bu yil ham nasib qilsa, yaxshi natijalarni ko‘rsatamiz. Imkonsiz narsani o‘zi yo‘q.

— Xorvatiyalik Vayser haqida qanday fikrdasiz?

— O‘yin va o‘yindan tashqari hayotda u bilan yaxshi kelishamiz. So‘zlashuvda oz-moz bir-birimizni tushunmay qolishimiz mumkin. Har holda boshqa-boshqa tilda gaplashamiz. Ingliz tilini unchalik mukammal bilmayman, ammo Vayser nima deyayotganligini juda yaxshi tushunaman.

«TERMA JAMOAGA QAYTMOQCHIMAN»

— Bugungi kunda terma jamoamizning og‘riqli nuqtalaridan biri hujum chizig‘idir. Aytingchi, sizni yaqin orada O‘zbekiston terma jamoasida ko‘rishimiz mumkinmi?

— Uzoq muddat deyarli maydonda o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lmadim. Men formaga kirishni boshladim. Nasib qilsa, «Buxoro»dagi o‘yinlarim bilan terma jamoaga qaytmoqchiman. Nafaqat «Buxoro» jamoasi ishqibozlarini balkim milliy terma jamoa muxlislarini chiroyli gollar bilan ham xursand qilishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman.

— Joriy yilgi maqsad va rejalaringiz nimalardan iborat?

— Jamoamga yordam berib, kamida 10 ta gol urish! Umuman olganda, hujumchi yarimhimoyachilarga tobe bo‘ladi. Qancha gol urishim jamoamizga ham bog‘liq.

— Keyingi o‘yinda «Buxoro» «Neftchi»ga qarshi maydonga tushadi. O‘yin oson bo‘lmasligi aniq…

— Shubhasiz. «Neftchi» bilan bahsda ham faqat oldinga intilamiz. G‘alabadan boshqasi bizni qanoatlantirmaydi.

— Suhbatimiz so‘nggida oilangiz haqida ham to‘xtalsangiz…

— Rafiqam bilan oila qurganimizga 7 yil bo‘ldi. 5 yashar o‘g‘ilcham Arturni voyaga yetkazayapmiz. Ayolim ham futbolni sevadi, o‘yinlarimni kuzatib, ishqibozlik qiladi, men uchun qayg‘urdi. O‘g‘lim ham hozirdan to‘p bilan oshno tutingan. Kelajakda balki futbolchi bo‘lib yetishar.

Manba: erudit-sport.uz
Kiritildi: 10:40, 09.04.2017.
O'qildi: 7394 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.