Angliya Premyer Ligasida 21 gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lib turgan Romelu Lukaku o‘zining balki eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda. Biroq, belgiyalik hujumchi kuchli jamoalarga qarshi bellashuvlarda ham o‘zini ko‘rsatishi kerak.
2011 yilda 20 million yevro evaziga “Chelsi” safiga kelib qo‘shilgan yoshgina Lukaku tezda o‘zini ko‘rsata olmadi. 18 yoshli hujumchi londonliklarga “Anderlext”da ko‘rsatgan natijalari (72 uchrashuv 33 gol) tufayli olib kelindi. Biroq, uning debyut mavsumi ko‘ngildagidek kechmadi. Futbolchining Tumanli Albionga moslashishi qiyin kechdi. “Aristokratlar” safida o‘z o‘rnini topa olmagan Lukaku “Vest Bromvich”ga ijaraga berib yuborildi. Bu jamoada belgiyalik futbolchi o‘z mahorati ko‘rsata oldi. 35 uchrashuvda 17 gol urgan Lukaku “Everton” safiga kelib qo‘shildi. “Everton”ning haqiqiy yetakchisiga aylangan Lukaku mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Bu sovrin 2012 yildan buyon belgiyalik futbolchilarga nasib etmayotgandi. 2012 yil oktyabrida bu sovrinni Maruan Fellayni qo‘lga kiritgan edi. Premyer Liga tarixida esa Lukaku bunday sovringa sazovor bo‘lgan beshinchi belgiyalik futbolchi bo‘ldi. “Everton”da o‘z o‘rnini topib olgan Lukakuga jamoa libosi kichiklik qilmoqda shekilli, Lukaku o‘z jamoadoshlari bilan bahslashishni boshladi. Le Soir nashriga ko‘ra, Romelu Lukaku jamoadoshi Eshli Uilyams bilan tortishib qolgan. Hujumchi “Everton”ni tarix bilan yashashini, oldiga yirik maqsadlarni qo‘ymaslikda ayblagan.
Yaqinda, Angliya chempionati eng yaxshi to‘purari jamoasi bilan amaldagi shartnomasini uzaytirishdan bosh tortdi. Futbolchi jamoadan maoshi keskin orttirilishini istamoqda. Biroq, «qizil iblis» ajoyıb o‘sishga erishayotganiga qaramay, yirik bellashuvlarda yo‘qolib qolmoqda. Lukaku Premyer Liganing Top-6 jamoalariga qarshi 41 uchrashuvda bor-yo‘g‘i 9 gol urgan. Qolgan barcha jamoalarga qarshi 92 bellashuvda 55 marta raqib darvozasini to‘g‘ri nishonga olgan. Agarda futbolchi kuchli klublarda o‘ynashni istasa, ularga qarshi o‘z mahorati va darajasini ko‘rsata olishi talab etiladi.