«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi «Everton»ga qarshi o‘yindagi durang natijadan so‘ng APLda videotakrorlar tizimi yo‘qligidan nolidi. Chunonchi, 31-turda qayd etilgan 1:1 hisobidan so‘ng «qizil iblislar»ning joriy mavsum «Old Trafford»da «sulh» bilan tugatgan o‘yinlari soni 9ta (!)taga yetdi. «Shogirdlarim so‘nggi soniyalarga qadar kurashni davom ettirdilar va bemalol maqsadga erishishlari ham mumkin edi. Ha, jamoam bu o‘yinda 3 ochko olardi, agarda APLda videotakrorlar tizimidan foydalanilganida... Umuman, uning amalga tatbiq etilishi barchaga yordam beradi, ayniqsa, laynsmenlarga» - bu kabi keskin gapirish Mourinyo uchun xos holat. Xullas, bu galgi munosabatdan ilhomlangan FootballHD.ru sayti ijodkorlari allaqachon futbol olamida eng «o‘tkir til» sohiblaridan biriga aylangan «Benazir»ning o‘zi kabi «benazir» bahona-izohlarini esga olishdi.
Maydon aro «sigirlar galasi»
Morinyo jamoasi 2014 yili «Nyukasl»dan yengilgach, u «qarg‘alar» qo‘llagan taktikani antiqa tarzda «ta’rifladi»: «Maydonda futbol ko‘rganimiz yo‘q, balki «sigirlar galasi» yugurishiga guvoh bo‘ldik». Joze ayniqsa, «Sent-Jeyms Park» maydoni chetida turib, to‘pni tashlab turgan bolalar harakatlaridan jig‘ibiyron bo‘lgandi. Murabbiyning fikricha, nyukasllik bolalar har gal maydondan chiqib ketgan to‘pni qaytarishni rosa paysalga solishgan va bu bilan anchagina vaqtni «o‘g‘irlashgan». «Siz ham maydon o‘rtasiga sigirni qo‘yib yuborishingiz mumkin. Shu tariqa o‘yin to‘xtaydi va sigirni chetga chiqarishgunicha yetarlicha vaqt yutasiz. Butun jamoa bo‘lib himoyalanavering, darvozangiz oldida 10 nafar o‘yinchidan «avtobus» yasang... Ammo futbol - bu to‘p bilan o‘ynaladigan o‘yin. Mayli, g‘alaba yo‘lida bor hunaringizni ishga soling, biroq bu bilan uzoqqa bormaysiz. To‘pni ko‘p vaqtga o‘yindan chiqib qolishi g‘alabani ko‘zlagan jamoa rejalarini buzib yuboradi...»,-deya g‘azab otiga mingandi Mourinyo uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida.
Aybdor - Lui van Gal
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, portugaliyalik mutaxassis o‘zidan oldin «MYU»ni boshqargan Lui van Galni esga olishni lozim topdi: «Men tuzgan jamoa janob van Gal tomonidan shakllantirilgan klublardan keskin farqlanadi. Hozir ko‘p jihatlarni o‘zgartirish uchun katta kuch sarflashimga to‘g‘ri kelyapti. Bundan ko‘ra, 20 nafar yangi o‘yinchi bilan ishni noldan boshlasam osonroq bo‘larmidi...?» Gap shundaki, «Yunayted» 2016 yilning sentyabrida 8 kun ichida 3ta o‘yinni boy berdi va «Benazir» o‘zini oqlash niyatidami, futbolchilar qarashini o‘zgartirish murakkablik tug‘dirayotganini ta’kidladi. U xususan, Lyuk Shouning pozisiyaga bog‘liq tuyg‘usi talabga javob bermasligini alohida tilga oldi. «Uning tanasi - mening miyam»,-deya bayonot berdi mankunianlar bosh murabbiyi. Ha, duranglar soni ko‘pligi ham Mouning ayrim shogirdlari bilan munosabati tarang ekanligidan dalolat. U ayniqsa, Angliya terma jamoasining yosh himoyachisi bilan chiqisholmayapti, chog‘i.
Elektr quvvati kerak!
«Chelsi» 2014 yili «Kuinz Park Reynjers»ni 2:1 hisobida yengdi, Mourinyo esa g‘alabaga qaramay, «Stemford Brij» xodimlarini alohida «tuzladi». Aniqrog‘i, o‘sha oqshom stadiondagi yoritish tizimi (ulkan projektorlar)ga mas’ul bo‘lgan bechora montyorni ayab o‘tirmadi. «Menimcha, stadion xizmatchisi xuddi muxlislar kabi tund kayfiyatda bo‘lgan. Hamma uxladi. Uning qorong‘ulikni «tushunishi» uchun naq 20 daqiqa ketdi. Men esa stadionda fanatlar ham borligini 30 daqiqadan keyin bildim. Ya’ni jamoam gol urgachgina tribunalar muxlislar bilan to‘lganini bildim» - «ko‘klar» ustozi matbuot anjumanida nafaqat montyor, balki fanatlardan ham o‘pkalagandi.
Go‘zal Yeva
Bunisi ma’lumu mashhur voqelik. Bosh rolda - Yeva Karneyro. Mavsum- 2015|2016 doirasidagi birinchi o‘yin. Raqib - kamtarin «Suonsi». Hisob - 2:2. Portugaliyalik bu natijada jamoa shifokorini ayblaganday bo‘ldi. Yeva xonimning xatosi shuki, u vaziyatlardan birida jarohatlangan Eden Azarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun oshiqqandi. «Jamoa shifokori qaysidir futbolchiga yordam berish uchun maydonga yugurib tushishdan avval uning chindan ham, jiddiy jarohatlanganiga ishonch hosil qilishi kerak. Men esa bir qarashdayoq o‘sha vaziyatda Edenga hech balo urmaganini sezdim. Ha, u ozgina lat yegandi - bu charchoqdan. Xullas, jamoada ishlaydigan tibbiy xodimlardan ham futbol masalasida nimanidir tushunish talab etiladi»,-degan portugaliyalik darhaqiqat, jazavaga tushgandi. Ko‘pchilik Mouning ushbu bayonotini ehtiroslar mahsuli sifatida baholadi va hammasi izga tushishini kutdi. Yo‘q, bunday bo‘lmadi: bir necha kundan keyin matbuotda Karneyro xonimning klub vrachi lavozimidan bo‘shatilishi haqida xabar berildi.
Kartoshka maydoni
- Omadsiz o‘yin, biroq men natijadan xursandman. Jamoa qattiq charchadi, biz yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan raqibga qarshi o‘ynadik. Boz ustiga, kartoshka maydonida yugurishimizga to‘g‘ri keldi - Joze «Real»ning «Espanyol» maydonidagi g‘alabali o‘yinini xuddi shunday izohlagandi. Umuman, bunday mazmundagi e’tirozlar portugaliyalik uchun o‘ziga xos belgi vositasiga aylanib ulgurgan. Deylik, jamoasi 2015 yili Angliya superkubogi uchun bahsda «Arsenal»ga imkoniyatni boy bergach, «Benazir» shunday degandi: «Maydon holati - dahshat. Hattoki, ob-havo ham yordam bergani yo‘q...». U oradan bir yil o‘tar-o‘tmay, yana «Uembli» qoplamasiga «yopishdi». Sabab shuki, Maruan Fellayni to‘pni orqaga, darvozabon David de Xeaga uzatgach, Jeymi Vardi unga yetib olib, gol urgancha hisobni tenglashtirgandi.
Hech narsani tushunmas jurnalist
BBC muxbiri Martin Fisher «Xall Siti»ga qarshi o‘yindagi durang natijadan so‘ng murabbiyga savol berdiyu, o‘zini «balo»ga urdi. Jurnalist undan referiga e’tirozi mohiyatini tushuntirib berishini iltimos qilgandi. Portugaliyalik mutaxassis esa bunga javoban muxbirning o‘zini «tuzladi»: «Yaxshi, futbolni shunchalik bilar ekansiz, nega qo‘lingizda mikrofon tutib turibsiz? Marhamat, uni tashlab, murabbiylik qiling...».
«Jeymi Rednappdan so‘rang»
Mavsum-2013|2014. «Chelsi» va «Liverpul» o‘rtasidagi ahamiyatli o‘yin. «Ko‘klar»ning «Enfild»da qayd etgan 2:0 hisobidagi g‘alabalari «Liverpul»ni chempionlik unvonidan mosuvo qildi va oltin medal «Manchester Siti»ga nasib etdi. O‘yindan so‘ng Sky TV efirida Mourinyodan nega ultra-himoyaviy taktika tanlanganini izohlashini so‘rashdi. Gapga chechan Joze esa o‘ylamay turib, javob berdi: «Bu haqda Jeymi Rednapp bilan gaplashing va u barchasini obdon tushuntiradi». Zukko jurnalistlar angliyalik murabbiyga murojaat etishni lozim topishmadi, chunki gap nimadaligini bilishgandi. Zero, «Liverpul»ning sobiq yarim himoyachisi oldinroq Mourinyoni aynan o‘yin uslubi sabab, tanqid ostiga olgandi. «Bizda ajoyib ekspertlar bor va Jeymi Rednapp - chinakam futbol miyasi. Aynan u hammasini to‘ppa-to‘g‘ri aytib beradi»,-degandi Mou o‘z fikrini davom ettirib.
«UYEfalona». Nega, nega, nega?»
Chempionlar Ligasi yarim finali doirasida «Real» va «Barselona» o‘rtasida kechgan o‘yinda Pepe maydondan chetlashtirildi va Mourinyo bor nafratini UYEFA tomon sochdi. U hakamlar brigadasining «blaugrana»ga moyil bo‘lganini aytib, bunga tegishli javob talab qildi. «Agar nima o‘ylayotgan va his qilayotganimni UYEFAga ro‘y-rost aytsam, unda faoliyatim darhol barham topadi... ,- deya zo‘rg‘a o‘zini tutib turdi Joze matbuot anjumanida. - Buning o‘rniga shunchaki, bitta savol beraman va umid qilamanki, qachondir javob eshitaman: Nega? Nega Evrebe? Nega Buzakka? Nega de Blekere? Nega Shtark? Nega? Negaki, har bir yarim finalda o‘xshash holat takrorlanishi uchun. Hammamiz mutlaqo fantastik futbol jamoasi haqida gapiramiz. Unga shu narsa kerakmi? Nega? Bunday ishlarga YUNISEFning daxldor yoki yo‘qligini bilmayman. Nima, barchasining boisi jamoada yaxshi yigitlar borligimi? Hech vaqoga tushunmayapman. «Barselona»ni ajoyib jamoa sifatida tabriklayman. Shuningdek, orzu qilish ham mushkul sanalgan hamma narsaga egaligi bilan ham. Qarang, klubda hokimiyat bor va bizda qandaydir imkoniyat yo‘q edi». Ha, «Benazir» sha’ma qilishga usta.
Intellekt va...
2009 yili «Inter» klubi «Roma»ga qarshi o‘yinda muhim ochkoni qo‘lga kiritdi - 3:3. Mourinyo uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida OAV xodimlaring Mario Balotelli hunari haqida savol berishlariga imkon qoldirmadi. Zero, hujumchi hisob 1:3 bo‘lib turgan payt ajoyib qulash sahnasini ko‘rsatib, «neradzurralar» uchun penalti ishlagan va bu bilan o‘yinning qutqarib qolinishida katta rol bajargandi. Xullas, Joze aynan Marioning makri xususida javob berishiga to‘g‘ri kelishi oldini olish uchunmi, bir so‘z boshlagani bilan uzoq gapirdi - matbuotga qarshi fikr bildirib, uni «intellektual fohishabozlik» sifatida «ta’rifladi». Natijada muxbirlarda savol berishga na vaqt qoldi va na xohish...
Suvdan quruq chiqish
Portugaliyalik murabbiy yaqindagina «MYU» ixtiyoridagi hujumkor futbolchilarning butun bir guruhini tanqid bilan «siyladi». Ya’ni Jessi Lingard, Markus Rashford, Antoni Martial va Genrix Mxitar-yanni «nishon»ga oldi. U yana bechora Lyuk Shouga ham e’tiroz bildirdi: «Hayronman, bu yigit maydonda sira jon kuydirmaydi, futbolni zarracha tushunmaydigandek harakatlanadi». Aslida Mourinyu doimo aybni bo‘yniga olmaslik va omma oldida o‘zini oqlash uchun sabab topadi. Misol tariqasida uning «Qirollik klubi» boshqaruvida ishlagan vaqtini esga olish mumkin. O‘shanda Gonsalo Iguain jarohatlanib safdan chiqqach, portugaliyalik Karim Benzemaga ishonch bildirgan va buni «qoyilmaqom» darajada izohlagandi: «Agar it bilan ovga chiqishimga imkoniyat qolmasa, bu ishni mushuk yordamida bajaraman. Biroq ixtiyoringizda it bo‘lmasa va faqat mushuk bilan cheklansangiz, aynan mushukni ovlaysiz...».
Mourinyoning benazirligi sabablaridan biri ham shu. Ha, oramizda uning himoyaviy taktik tuzilmalaridan hayratlanadiganlar ham, matbuot anjumanlarida aytadigan «nordon» gaplarini ilhaq kutadiganlar ham yetarlicha topiladi. Shuning barobarida Mourinyoni shunchaki, yoqtirmaydigan ekspertlar va muxlislar guruhi ham yo‘q emas. Faqat bitta faktni tan olish kerak, «Benazir» ta’rifi darhaqiqat, uning shaxsiy xarakteriga to‘liq mos kelgan...
- Hammamiz mutlaqo fantastik futbol jamoasi haqida gapiramiz. Unga shu narsa kerakmi? Nega? Bunday ishlarga YUNISEFning daxldor yoki yo‘qligini bilmayman. Nima, barchasining boisi jamoada yaxshi yigitlar borligimi? Hech vaqoga tushunmayapman. «Barselona»ni ajoyib jamoa sifatida tabriklayman. Shuningdek, orzu qilish ham mushkul sanalgan hamma narsaga egaligi bilan ham...
H.MASAIDOV tayyorladi