Fransiya 1 Ligasining 35-turini “Nissa” – “PSJ” bahsi yakunlab beradi. Goal nashri turning markaziy o‘yini hisoblangan ushbu bellashuvning besh asosiy qarama-qarshiligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Mavsumning birinchi qismida yetakchi bo‘lgan “Nissa”ning ikkinchi davradagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Chempionat yakunlanishiga sanoqli o‘yinlar qolganida, Nissaliklar so‘nggi kuchli raqibini “Alyans Riviera”da qabul qiladi. Parijliklar turnir jadvalida “Nissa” jamoasidan 6 ochko ilgarilab ketganiga qaramay, turnir peshqadami “Monako”dan uch ochkoga ortda qolmoqda. 3-o‘rinda borayotgan “Nissa” ustidan g’alaba qozonish “PSJ”ga yaqin ta’qibchisini izma-iz quvlash imkonini beradi. “Nissa” ham bir qator yetakchi futbolchilariga ega va raqibga munosib qarshilik ko‘rsata oladi.
Trapp – Kardinal
Germaniyalik darvozabon 2015 yilda “PSJ”ga kelib qo‘shilganidan beri jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lib kelmoqda. Biroq, jarohatlar bois uning o‘rnini egallagan Alfons Areola ham raqobatga tayyor ekanligini ko‘rsata oldi. Kevin Trapp hozirda yana asosiy tarkibdan joy oldi va so‘nggi o‘yinlarda o‘zining yuqori ko‘rsatkichlarini namoyish etmoqda. “Nissa” posboni Yoan Kardinal esa parijlik hamkasbidan farqli ravishda hech qanday raqobatchiga ega emas. Jamoaning alishtirilmas posboni hisoblanadi. Kuchli raqobatning yo‘qligi ham Kardinalga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Katta uchrashuvlarda tajribaga ega Trapp bir bosh ustun hisoblanadi.
Tiago Silva – Dante
2014 yilda Dante Braziliya termasida Tiago Silvaning o‘rinbosari hisoblanardi. Bugunga kelib ikkala himoyachi ham “Pentakampeonlar” safida muntazam o‘yin amaliyotiga ega emas. Biroq, 1 Ligada braziliyalik himoyachilar o‘z chiziqlarida eng yaxshilaridan hisoblanadi. Parijliklar sardori raqib hujumlarini bartaraf etishda chempionatning eng yaxshilaridan biri. Dante ham Fransiyadagi ilk mavsumida ajoyib sport formasida ekanligini ko‘rsatmoqda. 33 yoshli Dante Tiago Silvadan jismoniy ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqorida bormoqda.
Marko Verratti – Jan Michel Seri
Marko Verrattining jamoadagi kelajagi bo‘yicha mish-mishlar hali to‘xtagani yo‘q. Italiyalik futbolchi ajoyib o‘yinlarini ko‘rsatishda davom etishiga bu zarracha ham ta’sir qilganicha yo‘q. Verratti bu mavsumda jamoaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri, desak mubolag’a bo‘lmaydi. “Nissa”da asosan himoyaviy vazifalarni bajaradigan yarim himoyachi Seri ham ajoyib mavsumini o‘tkazmoqda. Pyuell tomonidan jalb qilingan futbolchi tezda jamoaga qo‘shilib ketdi. O‘yinni o‘qiy olish, ajoyib pas yetkazib berish kabi hislatlarga ega Jan Mishel bugungi bahsda ham o‘zining bor imkoniyatlarini ishga solishi aniq.
Anxel Di Mariya – Yunus Belhanda
Anxel Di Mariya misolida bir futbolchi mavsum davomida, hatto yarim mavsum ichida qanday o‘zgarishi mumkinligini ko‘ramiz. Mavsumning ilk qismida deyarli yo‘qolib qolgan Di Mariya yangi yil boshidan beri o‘zining eng yuksak cho‘qqisiga qayta oldi. « Real »ning sobiq a’zosi Edinson Kavani bilan ajoyib tandemni hosil qilgan. “Nissa”ning muhim a’zosi Yunus Belhanda o‘zining ajoyib formasida deya olmaymiz. 2012 yilda “Monpele”ning champion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Belhandadan “Nissa” shunday qahramonlikni kutgan edi.
Edinson Kavani – Mario Balotelli
45 gol urgan Edinson Kavani faoliyatidagi eng sermahsul mavsumini o‘tkazmoqda. Biroq ushbu raqam “El Matador”ning jamoa foydasiga qo‘shayotgan hissasini butunlay ko‘rsata olmaydi. Asosiy to‘purar Ibragimovich jamoani tark etishi Kavanini asosiy hujumchiga aylantirdi va urugvaylik futbolchi jamoaning asosiy goleadoriga aylanib oldi. Mario Balotelli esa “Nissa”ga mashhur hujumchi sifatida tashrif buyurdi. Bahtga qarshi, italiyalik hujumchi o‘z statistikasini yaxshilay olmayapti. Jamoaga o‘tgan mavsumda kelib qo‘shilgan Balotelli 13 gol ura olgan.