«Dinamo» jamoasi safida o‘tgan 2016 yilda mavsum kashfiyotiga aylangan yosh hujumchi Amirjon Safarov Birinchi Ligadagi ilk mavsumida 23 ta gol urib, eng yaxshi to‘purarlar safiga qo‘shilgandi. Joriy yilda ham Amirjon Safarov muxlislarni quvontirishda davom etmoqda.
Jumladan, Samarqanddagi so‘nggi ikki o‘yinda zaxiradan maydonga tushib, dastlab «Buxoro» darvozasini ishg‘ol etgan bo‘lsa, kuni kecha «So‘g‘diyona»ga qarshi ikkinchi bo‘limda «dubl» qayd etdi va jamoasiga muhim bir ochkoni keltirdi. O‘yindan keyin futbolchining fikrlari bilan qiziqdik.
- «So‘g‘diyona» bilan bahsda faqat g‘alabani ko‘zlagan edik. Afsuski, durangga erishdik. Menimcha, raqibni kuchiga to‘g‘ri baho bera olmadik. Jamoamga foyda keltira olganimdan xursandman» - deya so‘z boshladi Amirjon Safarov.
«Birinchi bo‘lim 0:0 hisobi bilan yakunlanganidan keyin murabbiylarimiz ikkinchi bo‘limda maydonga tushishimni aytishdi. Ular hujumkorlikni oshirib, to‘pni ko‘proq o‘zimda saqlashim lozimligini va qulay vaziyatlarga chiqishimni uqtirishgandi. Jamoadoshim zarba berayotganda to‘g‘ri joy tanlay oldim va darvozabon qaytargan to‘pni golga aylantirdim. Ikkinchi golimdagi vaziyatda esa, darvozaning yaqin burchagiga zarba yo‘lladim va to‘p darvoza ustuniga tegib, to‘rdan joy oldi. G‘alaba bo‘lmasada, bir ochko ham hozirda biz uchun juda muhim edi» - deydi Safarov.
«Hozircha Oliy Ligada 3 ta gol urishga, bitta golli pas amalga oshirishga erishdim. Murabbiylarimiz imkoniyat berishda davom etishsa, ishonchni oqlashga intilaman. O‘tgan yili Birinchi Ligada bejizga to‘purar bo‘lmaganligimni Oliy Ligada ham isbotlamoqchiman. Murabbiylar ishonchi va har o‘yindagi minglab muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi yordamida keyingi o‘yinlarda ham jamoamizga foyda keltirishga bor kuch va imkoniyatimni sarflayman» - deya fikrini yakunladi 22 yoshli «Dinamo» hujumchisi.