Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Rustam Umarov: «Pulpisga juda o‘rganib qolgan edik»

Rustam Umarov: «Pulpisga juda o‘rganib qolgan edik»

Baho:
+ | -

2-3 may kunlari futzal bo‘yicha O‘zbekiston va Turkmaniston milliy terma jamoalari Toshkentda o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishdi. Dastlabki o‘yin biroz kutilmagan natija bilan yakunlandi. Shu kuni sharmandali natija qayd etilishi ham mumkin edi. Yaxshiyamki, futzalchilarimiz 0:5 hisobidagi mag‘lubiyatni yakunda 5:6 ko‘rinishiga olib kelishdi. Bunga bir tomondan tarkibning keskin tarzda yoshartirilishi ham sabab bo‘lgandir?! Terma jamoamizning eski tarkibidan 6 nafar futzalchi - Rustam Umarov, Akmal Hazratqulov, Artur Yunusov, Konstantin Sviridov, Davron Choriyev va Farhod Abdumavlonov qolgan. Xose Mariya Mendez termani shu tariqa keyingi jahon chempionatiga tayyorlab borishni maqsad qilgan. Afsuski, tez orada u jamoa bosh murabbiyligidan ketadi. Yoshlar (U-20) o‘rtasidagi Osiyo chempionati ispaniyalik mutaxassis uchun so‘nggi musobaqa bo‘ladi. Uning ishini Bahodir Ahmedov davom ettiradi. Biz Turkmanistonga qarshi kechgan ilk o‘yindan so‘ng tajribali darvozabon Rustam Umarovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Rustam, Turkmaniston terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi salbiy natija bilan yakunlandi. Bu siz uchun ham kutilmagan holat bo‘ldimi?

- Umuman o‘yinimiz o‘xshamadi. Buning o‘ziga yarasha bir nechta sabablari bor. Yig‘ilganimizga 3 kun bo‘ldi. O‘zi yaqindagina futzal mavsumi chempionat bahslari bilan yakuniga yetgan edi. Biz uchun ancha qiyin va murakkab mavsum bo‘ldi. Ochig‘i, dam olishga ham fursat topilmadi va yana terma jamoa yig‘iniga to‘plandik. E’tibor bergan bo‘lsangiz, oldingi tarkibdan 6 nafar futzalchi bor, xolos. Qolganlari yosh o‘yinchilar. Mazkur bahs oldidan 5ta mashg‘ulot o‘tkazdik. Menimcha, bizga jamoaviy o‘yin  yetishmadi. Bosh murabbiyimiz Xose Mariya Mendez barcha futzalchilarga o‘ynash imkoniyatini taqdim etdi. Uchta to‘rtlik maydonda navbati bilan harakat qildi. Uchrashuvni ko‘rganingizdek, yomon boshlamadik. Raqibga nisbatan pressing uyushtirdik. Ketma-ket hujumlar qildik. Lekin mehmonlar bizni xato qilishga majbur etishdi va qarshi hujumda jazolashdi. Bilmadim, balki raqibga to‘g‘ri baho bermagan yoki mensimagandirmiz?! Turkmaniston terma jamoasini so‘nggi o‘yinda yirik hisobda mag‘lub etganimiz uchun ham xotirjamroq harakat qilgandirmiz?! Birinchi bo‘limda 0:5 hisobida yutqazayotgandik. Lekin tanaffusdan so‘ng o‘zimizga kelib, muvozanatni tikladik. Afsuski, yana qarshi hujumda gol o‘tkazib yubordik. Butun o‘yin davomida juda ko‘p xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirgan bo‘lsak-da, mag‘lubiyatdan qutulib qololmadik. Balki, bugun bizning kunimiz bo‘lmagandir?!

- Yosh futbolchilarning harakati ma’qul bo‘lyaptimi?

- Terma jamoamizning birinchi to‘rtligini tajribali futzalchilar, ya’ni asosiy tarkib o‘yinchilari tashkil qiladi. Ikkinchi to‘rtlikdan «Ardus» futzalchilari joy olishgan. Yoshlar harakatchan, lekin ularga xalqaro tajriba yetishmaydi. Buning uchun esa vaqt kerak.

- Xose Mariya Mendezning tez orada terma jamoadan ketishi haqida xabarlar chop etildi. Bu ma’lumotni terma jamoa a’zolari qanday qabul qilishdi?

- Biz Pulpis (Mendezni shunday chaqirishadi, - muallif)ga juda ham o‘rganib qolgandik. Uning mashg‘ulotlari va o‘yin sxemasiga ko‘nikib bo‘lgandik. Nachora, bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. U boshlagan ishni Bahodir Ahmedov davom ettiradi. Ishonchim komil, Ahmedov ispaniyalik mutaxassisga munosib davomchi bo‘la oladi. Uning yonida yurib, murabbiylikdagi tajribasini oshirishga erishdi.

- Mendez hayotda qanday inson?

- Hech qachon yo‘q, bilmayman, degan so‘zlarni ishlatmaydi.  Har doim yordamga oshiqadi. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, u bilan do‘st sifatida gaplashamiz. Joyi kelganda hazil qilishni yaxshi ko‘radi. Mashg‘ulotlar chog‘ida esa o‘ta talabchan.

- «Ardus» bu yil ham chempionatda ikkinchi bo‘ldi. «Olmaliq»ni birinchi turda mag‘lub etgandinglar. Lekin final seriyasida 2ta mag‘lubiyat. Buni qanday izohlaysiz?

- O‘tgan yil bilan taqqoslaganda bu yilgi mavsumda «Ardus» tarkibi 80 foizga o‘zgardi. Yosh futbolchilar va hatto futzal o‘ynamagan bolalar ham safimizga kelib qo‘shilishdi. Ularning aksariyati katta futboldan kelishdi. Chempionat boshlanishi oldidan Pulpis meni «Ardus»ga taklif qildi. Maqsad - yosh futzalchilarga bilmaganlarini o‘rgatish, ularga har tomonlama o‘rnak bo‘lishdan iborat edi. Birinchi turda «Olmaliq» bilan o‘ynadik. O‘sha uchrashuvda kuchli raqibni ishtiyoq evaziga mag‘lubiyatga uchratdik. Menimcha, «Olmaliq» bizni mensimagan holda maydonga tushdi va buning uchun jazolandi. Tezkor to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Ikkita g‘alabagacha davom etadigan o‘yinlarga «Olmaliq» futzalchilari yaxshigina ruhiy tayyorgarlik bilan chiqishdi. Bizning yosh o‘yinchilarga esa tajriba yetishmadi. Natijada ikkala uchrashuvda ham mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdik. Boshqa tomondan, chempionat va kubok bahslari boshlanishidan oldin hech kim bizni finalgacha yetib boradi, deb o‘ylamagandi. Tajribali futzalchilarimiz boshqa klublarga o‘tib ketishgandi. Shunga qaramay, finalga chiqdik. «Ardus»ga o‘tganimdan hecham afsuslanmayman. To‘g‘ri, biz bu yil bironta ham sovrin yutmadik. Lekin bir narsadan juda ham xursandman. U ham bo‘lsa, ispaniyalik murabbiydan ko‘p narsa o‘rgandim.

- Tez orada yoshlarimiz ilk marotaba o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida qatnashishadi. Guruhdagi raqiblar ma’lum. Terma jamoamizning imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Tarixiy Osiyo chempionatiga barcha ishtirokchi davlat terma jamoalari jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rishyapti. Jamoamizning shakllana boshlaganiga 3-4 oy bo‘ldi. Bu juda kam muddat. Shunga qaramay, Mendez termani raqobatbardosh tarzda tayyorlashga harakat qilyapti. O‘ylaymanki, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati jamoamiz uchun omadli o‘tadi. Ona Vatanga yorug‘ yuz bilan qaytib kelishadi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:57, 08.05.2017.
O'qildi: 4018 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.