O‘zbek klublarining har ikkisi Osiyo chempionlar ligasining guruh bosqichini so‘nggi o‘rinda yakunladi. "Lokomotiv" pley-off bosqichiga chiqish uchun so‘nggi turda BAAning "Al-Ahli" klubini safarda mag‘lub etishi kerak edi.
Bahs boshida o‘zbekistonliklar raqib bilan tengma-teng o‘yin olib borishdi. Uchrashuvning 25-daqiqasida "temiryo‘lchilar" o‘ta qulay imkoniyatga ega bo‘lishdi. Sardor Mirzayev o‘ng tomondan jarima maydonchasiga kirdi va Bobojonovga uzatma berdi. Ammo Murod yaqin masofadan darvozaga aniq zarba berdi. "Lokomotiv" professional futbolchiga yarashmagan ish qildi, ochig‘i.
Oradan 2 daqiqa o‘tib "Al-Ahli" hisobni ochdi. Mezbonlar jarimadan to‘pini o‘yinga kiritgan paytda Ma’mur Ikromov o‘ta ishonchsiz tarzda oldinga chiqdi va darvozani bo‘sh qoldirdi. Salmin Xamis darvozani ishg‘ol qildi.
Ushbu gol o‘yinning borishi ta’sir ko‘rsatdi. Toshkentliklarning hujumlari o‘tmaslashib qolgan bo‘lsa, "Ahli"ning qarshi hujumlari ancha keskin ko‘rinish ola boshladi. Agar dubayliklar vaziyatlardan foydalana olishganida, ular tanaffusga qadar o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishlari mumkin edi.
Ikkinchi bo‘limni vakillarimiz hujumkor ruhda boshlashdi. "Lokomotiv" 2-3ta vaziyat yaratdi, ammo ularni golga aylantira olmadi. Bahsning 59-daqiqasida esa Ma’mur Ikromov g‘alati avtogol muallifiga aylandi. Himoyachilarimiz Hammadiyga jarima maydonchamizga kirib zarba berish imkonini berishdi. To‘p olis ustunga tegib qaytdiyu, darvozabonning beliga tegib, to‘rga borib tushdi.
Mazkur gol bahs taqdirini hal qilib bo‘ldi. Yelichich tomonidan amalga oshirilgan o‘yinchi almashtirishlari ham hech qanday naf bermadi. Kone maydonni tark etganidan keyin mezbonlar ketma-ket xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Ikki marta darvoza to‘sini "Loko"ni goldan qutqargan bo‘lsa, bir marta Gyan Ikromovni ayab o‘tirmadi va hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. Boz ustiga, "Al-Ahli"ning braziliyalik futbolchisi Everton Ribeyro ham o‘z hisobiga bitta gol yozdi va hisobni xunuk ko‘rinishga keltirib qo‘ydi.
Shu tariqa, pley-off bosqichi umidida BAAga yo‘l olgan "Lokomotiv" guruhning so‘nggi pog‘onasi bilan Toshkentga qaytadigan bo‘ldi.
OCHL, "A" guruhi, 6-tur
Dubay, BAA, «Ar-Rashid» stadioni, soat 20:50
«Al-Ahli» - «Lokomotiv» 4:0 (1:0)
Gollar: Salmin Xamis (25), Ma’mur Ikromov (59-avtogol), Asamoa Gyan (72), Everton Ribeyro (77)
Ogohlantirishlar: Oleg Zoteev (18), Islom To‘xtaxo‘jayev (58)
«Al-Ahli»: Majid Nosir, Salmin Xamis, Asamoa Gyan (Volid Husayn 78), Habib Fardan (Volid Ambar 81), Valid Abbos, Ismoil Hammadiy, Everton Ribeyro, Xamis Ismoil, Said Ahmad, Abdulaziz Haykal (Muhammad Sebil 82), Abdulaziz Sanqur
«Lokomotiv»: Ma’mur Ikramov, Kaxi Maxaradze, Ikrom Aliboyev, Marat Bikmayev (Diyor Turopov 79), Sardor Mirzayev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Murod Bobojonov, Shuhrat Muhammadiyev, Oleg Zoteev, Muhammad Kone (Temur Kapadze 61), Jaloliddin Masharipov (Quvondiq Ro‘ziyev 67)