Kelayotgan yoz tan olingan murabbiylar uchun o‘ziga xos «charxpalak» mavsumga aylansa, ajabmas. Har holda, Yevropaning ko‘plab nomdor jamoalari yangi boshqaruvchi qidirishga tushgan, ayrimlarida bosh murabbiyning o‘zgarishi aniq bo‘lib ulgurdi, hatto. To‘g‘ri, bir yil oldingidek katta ko‘lamda «aylanish» kuzatilmas, ammo yevrofutbolning umumiy qiyofasi sezilarli darajada o‘zgarsa kerak, baribir.
«BARSELONA»
Murabbiy: Luis Enrike
Ketish ehtimoli: 99 foiz
Da’vogarlar: Xuan Karlos Unsue, Xorxe Sampaoli, Ronald Kuman
Luis Enrike mart oyi boshidayoq iyungacha mo‘ljallangan shartnomasi muddatini uzaytirmasligini ma’lum qildi. Lekin ispan mutaxassisi «PSJ»ga qarshi kechgan 2ta bir-biriga sira o‘xshaman o‘yinlar orasida shunday bayonot bergandi. Balki u fikridan qaytib qolar hali, to‘g‘ri, buning ehtimoli yo‘q, hisobi. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, Enrike o‘z vorisiga ajoyib jamoani meros qoldiradi. Tushunarliki, yangi murabbiy Kataloniyada boshqatdan jamoa shakllantirishi shart emas, shunchaki, mavjud tarkibga biroz sayqal berib, ayrim murvatlarni oz-moz burab qo‘ysa, bas. «Barselona» rahbariyati ayni shu sababga ko‘ra, chetdan «begona» mutaxassis chaqirishni istamaydi. Qolaversa, bunday tajriba samara ham keltirmagan - argentinalik Xerardo Martino klubni boshqarishda omadsizlikka yo‘liqqandi. Katta ehtimolki, yozda jamoa boshqaruvini hozirgi bosh murabbiy assistenti - 49 yoshli Xuan Karlos Unsue o‘z qo‘liga oladi. «Barsa» rahbarlari bu borada og‘iz ham ochishdi, ammo hali rasmiy xabar berilganicha yo‘q. Aytgancha, Unsue «Selta»da ham Luis Enrikening yordamchisi sifatida ishlagandi. Umuman, kataloniyaliklar boshqa nomzodlarga e’tibor qaratib qo‘yishlari ham hech gap emas. Misol uchun, hattoki, Arsen Venger tilga olingandi.
«ARSENAL»
Murabbiy: Arsen Venger
Ketish ehtimoli: 50 foiz
Da’vogarlar: Tomas Tuxel, Massimiliano Allegri, Eddi Xau
Fransiyalik mutaxassis o‘tgan kuz «Arsenal»da ish boshlaganining 20 yilligini nishonladi. Tabiiyki, u o‘sha vaqt ko‘pchilik uchun notanish edi. Endi esa Vengerni tanimaydigan, bilmaydigan futbol odami yo‘q. Axir uning London klubiga chuqur ildiz otganiga ancha bo‘ldi. Boshqacha aytganda, Arsen va «Arsenal» bir-biriga batamom qorishib ketgan. Ammo bu hayotda hech narsa abadiy emas va ikkisi qachondir ajrashishi ham ta-yin. Bir qarashda, hozir xayrlashish vaqti ancha yaqinlashgandek. Zero, «kanonirlar» Venger erasidagi eng yomon mavsumni o‘tkazishyapti, fanatlar sabr kosasi tobora to‘lib bormoqda. Qolaversa, «Professor» maqomini olgan fransuzning amaldagi shartnomasi ham aynan yozda tugaydi. Xo‘sh, «Arsenal»da mutlaq hokimiyat o‘rnatgan murabbiy oxir-oqibat, ketsa, uning o‘rnini kim bosadi? Nomzodlar orasida Tomas Tuxel («Borussiya» D.) va Massimiliano Allegri («Yuventus») favoritdek, ammo har ikkisi London klubida ishlash variantini qat’iyan rad etyapti. Ammo bilamizki, zamonaviy futbolda bunday rad etishlar hech narsani anglatmaydi.
«PSJ»
Murabbiy: Unai Emeri
Ketish ehtimoli: 40 foiz
Da’vogarlar: Arsen Venger, Massimiliano Allegri
Arab shayxlari aslida Emeri bilan uzoq muddat hamkorlik qilishni rejalashtirishgan. Zero, bask mutaxassisining «Sevilya» boshqaruvida yevroarenada ko‘rsatgan karomatlari ko‘pchilik qatori ularni ham sehrlab qo‘ygandi. Umuman, fransuzlarga Chempionlar Ligasida baland sakrash uchun shunday inson kerak edi. Biroq Emerining debyut mavsumi omadsiz o‘tmoqda. Birinchidan, «PSJ» oxirgi 5 yil ichida ilk marta yevroturnirning chorak finalidan chetda qoldi. Ikkinchidan, Fransiya ligasida ham kutilmagan muammolarga yo‘liqdi. Shularni hisobga olsak, parijliklar iyun oyiga borib, Emeriga javob berishlari hech gap emas. L~Equipe nashri ma’lumotlariga tayansak, shunday taqdirda «PSJ» boshqaruvi Massimiliano Allegri yoki Diyego Simeonega topshirilishi mumkin. Shuningdek, «Tottenxem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettinoning sobiq klubi radariga tushgani haqida ham gap-so‘zlar urchidi. Ammo argentinalik mutaxassis Londondan ketmasa kerak-ov... Venger esa Angliya poytaxtidan ketishi mumkin. Fransuz mutaxassisi «Arsenal» bilan xayrlashgan taqdirda ham, faoliyatini davom ettirishni istashi tayin. «PSJ» esa uning uchun zo‘r variant!
«YUVENTUS»
Murabbiy: Massimiliano Allegri
Ketish ehtimoli: 30 foiz
Da’vogarlar: Luchano Spalletti, Paulu Souza
Allegri har bir matbuot anjumanida o‘z kelajagi xususidagi savollarga javob beraverishdan zerikdi. Italyan mutaxassisi o‘rnida boshqa kishi bo‘lganida, allaqachon «portlab», qandaydir kinoya o‘yinini boshlab yuborardi. «Yuve»ning bosiq ustozi har safar bu kabi so‘roqlarga xotirjam va muloyimgina izoh beryapti: «Hozircha bilmayman, kelajagim xususida hech qanday aniq gap yo‘q». Chetdagilar esa o‘qishni ham bilishadi, eshitishni ham va sira tinmayotgan mish-mishlardan to‘liq xabardorlar. Xullas, OAV Allegrini London qolib, goh Barselonaga, Parij qolib, yana qayerlargadir «jo‘natyapti». Xususan, italiyalik jurnalistlar bu masalada haddan oshib ketishdi. Harqalay, ular yaqinda «Yuventus»ni Luchano Spalletti ixtiyoriga «topshirib» qo‘yishdi. Go‘yoki, murabbiy turinliklar bilan og‘zaki kelishuvga erishgan emish. Ammo buni inkor etuvchi xabarlar ham bor. Boshqa nomzodlarga to‘xtalsak, «Fiorentina» ustozi Paulu Souza varianti qiziqarli ko‘rinmoqda. Yana Diyego Simeone bor va bu oddiy hol bo‘lib qoldi. Axir Yevropada argentinalikni ishga «chorlamagan» grand klub qolmadi, chog‘i.
«ROMA»
Bosh murabbiy: Luchano Spalletti
Ketish ehtimoli: 30 foiz
Da’vogar: Unai Emeri
Spalletti «Roma»ning «Sassuolo»ga qarshi kechgan g‘alabali o‘yinidan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashish chog‘i g‘azabini to‘kib-sochdi: «Hamma bizning holatimizni chetdan turib, muhokama qilmoqda. Aslida hech kim aniq ma’lumotga ega emas. Matbuotda berilayotgan xabarlar g‘irt yolg‘on. Istaysizmi, barchangizga har kuni ishlarimiz qanday ketayotgani xususida SMS-xabar yozib turaman... Jiddiy gapirsam, bu yerda futbolni muhokama qilsak, mayli, aks holda, matbuot anjumaniga kirmay qo‘yaveraman!» Xullas, u shu tariqa o‘zi va «Yuventus»ga bog‘liq gap-so‘zlar mavzusidan charchaganini bildirdi. Biroq bu kabi xabarlar shunchalik ko‘pki, ularga e’tibor qaratmaslikning iloji yo‘q. Boz ustiga, Rimda murabbiyning ishidan lol qolishayotgani yo‘q. Italiya OAV Spallettiga o‘rinbosar qidirishni allaqachon boshlab yuborgani ham ayni haqiqat - Unai Emeri, Roberto Manchini, Maurisio Sarri («Napoli»).... Lekin yozda qiziqarli «rokirovka» kuzatilishi ham mumkin: Venger «PSJ»ga, Allegri «Arsenal»ga, Spalletti «Yuventus»ga va Emeri «Roma»ga...
«BORUSSIYA» D.
Murabbiy: Tomas Tuxel
Ketish ehtimoli: 30 foiz
Da’vogarlar: Yulian Nagel-smann, Ralf Xazenxyuttl
Angliyadagi ayrim bukmekerlik idoralari Tuxelni «Arsenal» bosh murabbiyi vakolatiga asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatmoqda. Shuning o‘zi Dortmund «Borussiya»sini ham yozda yangi murabbiyga murojaat etadigan klublar qatoriga qo‘shishni taqozo etadi. Germaniyada Tomas Tuxelni tez-tez Yurgen Klopp bilan taqqoslashmoqda. Zero, ularning faoliyat yo‘llarida o‘xshash tomonlari ko‘p va asosiysi, har ikkisi hujumkor futbol uslubiga mo-yil. Shuni nazarda tutsak, Dortmund klubining yosh ustozi «Arsenal»ga juda mos tushadi. Shunday holatda «Borussiya» kimga yuzlanadi? Germaniya matbuotida Xorxe Sampaolidan tashqari, «Xoffenxaym» bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann va «Leypsig»ga qanot bag‘ishlagan Ralf Xazenxyuttl nomzodlari alohida tilga olinmoqda. Buning g‘ayritabiiy tomoni yo‘q. Zero, ular bu yil bundesligaga o‘zgacha fayz olib kirishdi.
«SEVILYA»
Murabbiy: Xorxe Sampaoli
Ketish ehtimoli: 20 foiz
Da’vogar: Unai Emeri
Chililik ehtirosli murabbiyning yevrofutbolga qadam qo‘yganiga hali bir yil bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, qit’aning yetakchi klublari uni «burda-burda» qilib olishga ham tayyorlar. Sampaolining o‘zi hozircha amaldagi ishi, ya’ni «Sevilya»ga e’tibor qaratgancha boshqa takliflar haqida bosh qotirmayotganini ta’kidlamoqda. Janubiy Amerika murabbiylik maktabi vakili yaqinda hattoki, birov ishonishi mushkul bo‘lgan gapni aytishdan ham tiyilmadi: «So‘nggi nafasimgacha «Sevilya»ga bog‘langanman». Senyor Sampaoli uzoq kelajakka reja tuzmay, balandparvoz va’dalar bermay turgani ma’qulmidi? Axir u shu yozdayoq qaysidir grandning ajoyib taklifidan yuz o‘girolmasligi mumkin. Qolaversa, argentinaliklar uni o‘z milliy jamoalariga chorlamoqdalar. To‘g‘ri, «Sevilya» hozircha munosib o‘rinbosar qidirayotgani yo‘q, biroq jamoaga juda yaqin murabbiylardan biri, ya’ni Unai Emeri yozda bo‘sh qolishi hech gap emas. Muqobil variant ham bor - «Las-Palmas» ustozi - Kike Setyen. U iyunda hozirgi jamoasidan ketishini ma’lum qilib ulgurdi.
«INTER»
Murabbiy: Stefano Pioli
Ketish ehtimoli: 20 foiz
Da’vogarlar: Antonio Konte, Diyego Simeone
Pioliga shunchaki, omad kulib boqdi. Agar Frank de Bur «Inter»da bir necha oylik ishidan so‘ng tiliga erk bermaganida, italiyalik mutaxassis hozir ham ta’til vaqtini davom ettirarmidi? Xullas, taqdir inoyati bilan Milan klubini qutqarishga kirishgan Pioli bu ishni ma’lum darajada uddaladi. Harqalay, «Inter» qishda 9ta o‘yindan iborat g‘alabali seriya qayd etdi. Biroq jamoaning yangi xo‘jayini - Suning korporasiyasi vakillari Milanga nisbatan nomdor va tajribali «figura»ni chaqirmoqchilar. Xitoyliklar hattoki, Antonio Konte yoki Diyego Simeone darajasidagi top-murabbiyni ko‘ndirish uchun cho‘ntakni chuqurroq kavlashga ham tayyor turishibdi. Mehribon xitoyliklar shuning barobarida Pioliga boshqa yumush taklif etishni unutmayaptilar: Football Italia xabariga ko‘ra, murabbiy rozi bo‘lsa, Suning ixtiyoridagi «Jiangsu Sunin» klubida Ramires va Aleks Teysheyra kabi futbolchilarga ustozlik qilishi mumkin.
«MILAN»
Murabbiy: Vinchenso Montella
Ketish ehtimoli: 15 foiz
Da’vogar: Kristian Brokki
Yana bir Milan-xitoycha dilemma. Farqi shuki, «rossonerlar» sohibiga aylangan osiyoliklar hozircha amaldagi murabbiy tarafida turibdilar. Ma’lumki, Silvio Berluskoni oxir-oqibat, «Milan»ning 99 foiz aksiyasini Xitoy kompaniyasi - SESga sotdi. To‘g‘ri, bu boradagi kelishuvni rasmiylashtirish 2 marta ortga surilgandi va nihoyat, barchasi hal etildi. Italiya OAVda ta’kidlanishicha, yangi sohiblar Vinchenso Montellani iste’foga chiqarish fikridan yiroqlar. Ammo «Milan»ning joriy mavsum barqaror o‘ynamayotganini inobatga olsak, «qizil-qoralar» ustozi yozda o‘z ishidan ayrilishi hech gap emas, baribir. Ehtimoliy o‘rinbosarlar? Avgustdan buyon hordiq chiqarayotgan Roberto Manchini, «Milan» yoshlarining sobiq murabbiyi Kristian Brokki... Aytgancha, Brokkining «Breshia»dan ketganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q.
«ATLETIKO»
Murabbiy: Diyego Simeone
Ketish ehtimoli: 15 foiz
Da’vogar: -
Simeone va «Atletiko» o‘rtasidagi shartnoma muddati 2018 yili tugaydi va argentinalik mutaxassis joriy mavsum davomida bir necha marta qat’iy bayonot berdi: «Kelishuv oxiriga qadar Madridda qolaman». Katta ehtimolki, u o‘z so‘zi ustidan chiqadi. Ammo fakt shuki, oxirgi yillarda Yevropaning eng sara jamoalari Simeoneni o‘z tomonlariga og‘dirish harakatini to‘xtatishmayapti. Faqat shunisi borki, murabbiy har qanday takliflarni rad etyapti. Kelasi yozda ham umumiy manzara shundayligicha qolsa kerak: «matraschilar» ostonasiga eng martabali «sovchi»lar qadam bosishadi va ortga mahzun holda qaytishadi. Ammo shuning barobarida Simeonening jamoa bilan xayrlashish ehtimoli hech qachon yo‘qolmaydi. Axir yosh va tadbirkor murabbiyga da’vogar klublar haddan ortiq ko‘p. Muxbirlarning Janubiy amerikalik mutaxassis o‘rniga nomzodlar xususida sukut saqlayotganlari esa mutlaqo boshqa masala. Chunonchi, «Atletiko» hozircha qidirish ishlarini boshlagan emas. Demak, madridliklar Diyegoning yana bir mavsum qolishiga aminlar.
Hozirda ishsiz yurgan mashhur murabbiylar
Murabbiy Oxirgi klubi Ishdan ketgan vaqti
Tomas Shaaf (55 yosh) «Gannover» 2016 yil 3 aprel
Lui van Gal (65 yosh) «MYU» 2016 yil 23 may
Loran Blan (51 yosh) «PSJ» 2016 yil 22 iyun
Gus Xiddink (70 yosh) «Chelsi» 2016 yil 30 iyun
Roberto Manchini (52 yosh) «Inter» 2016 yil 8 avgust
Marselino (51 yosh) «Vilyarreal» 2016 yil 10 avgust
Franchesko Gvidolin (61 yosh) «Suonsi» 2016 yil 3 oktyabr
Roberto di Matteo (46 yosh) «Aston Villa» 2016 yil 3 oktyabr
Frank de Bur (46 yosh) «Inter» 2016 yil 1 noyabr
Leonid Sluskiy (45 yosh) SSKA 2016 yil 8 dekabr
Alan Pardyu (55 yosh) «Kristal Pelas» 2016 yil 22 dekabr
Xuande Ramos (62 yosh) «Malaga» 2016 yil 27 dekabr
Chezare Prandelli (59 yosh) «Valensiya» 2016 yil 30 dekabr
Klaudio Ranyeri (65 yosh) «Lester» 2017 yil 23 fevral
Rojer Shmidt (50 yosh) «Bayer» 2017 yil 5 mart
Paulu Bentu (47 yosh) «Olimpiakos» 2017 yil 6 mart
Stiv Maklaren (55 yosh) «Derbi Kaunti» 2017 yil 12 mart
Aytor Karanka (43 yosh) «Midlsbro» 2017 yil 16 mart
Dik Advokaat (69 yosh) «Fenerbaxche» 2017 yil yoz*
Luis Enrike (46 yosh) «Barselona» 2017 yil yoz*
Izoh: * - Joriy mavsum yakunlangach, ishdan ketishadi.