O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz G‘aniyevning Jahon chempionatida ishtirok etishi so‘roq ostida bo‘lib turibdi.
Futbolchi Kanadaga qarshi bahsning 23-daqiqasida jarohat olib maydonni erta tark etdi. “Daryo” manbasiga ko‘ra, agar uning jarohati jiddiy bo‘lib chiqsa va musobaqani o‘tkazib yuboradigan bo‘lsa, uning o‘rnini Jasur Jaloliddinov egallashi mumkin.
Avvalroq Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, 26 nafar futbolchidan iborat ro‘yxatga Jaloliddinov kiritilmagan. O‘zbekiston futbol assosiasiyasi hozircha Aziz G‘aniyevning jarohati yuzasidan aniq ma’lumot bergani yo‘q. Futbolchining holati yakuniy tibbiy tekshiruvlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi 2 iyun, seshanba kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Fabio Kannavaro jamoasi Jahon chempionati oldidan oxirgi nazorat o‘yinini Niderlandiyaga qarshi o‘tkazadi.













