Kiyevning «Dinamo» klubi yoshlari (U-19) chempionat yakunlanishiga to‘rt tur qolganida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Ushbu jamoa murabbiylar shtabida Maksim Shaskix ham faoliyat yuritmoqda. Ukraina chempionati to‘purarlaridan biri hisoblangan hamyurtimiz hamkasbi Yuriy Morozga yordam bermoqda. Yaqinda zbirna.com sayti Maksim bilan suhbat uyushtirib, turli mavzudagi savollariga javob oldi.
— Maksim, saytimiz «Dinamo» yoshlarini chempionlik bilan tabriklaydi. Yaqin ta’qibchi 15 ochko ortda qolganini inobatga olsak, ayni paytda jamoangizga teng keladigani yo‘qmi?
— Rahmat. Bugungi kunda «Dinamo»ning raqiblardan bir bosh ustun ekani borasida hech kim tortishmasa kerak. Ta’qibchilardan bunchalik oldinlab ketganimiz bejiz emas. To‘g‘ri, mavsum davomida xavotirlanishlar ham uchradi. O‘shanda ochkolar yo‘qotdik. Agar yigitlar o‘zlariga bo‘lgan talabni pasaytirishmasa, ishonchim komilki, kelajakda «Dinamo»ning asosiy tarkibidan muntazam joy olishadi. Buni tezroq amalga oshirishlarini istardim. Murabbiylar shtabi ham mazkur masalada katta ishlarni amalga oshirmoqda. Shuni alohida aytish lozimki, har qanday holatda ham maqsadimiz chempionlik emas. Muhimi - yoshlarni katta futbolga tayyorlash.
— Jamoaning eng iqtidorli futbolchilari kimlar?
— Menimcha, bu haqda gapirish yaramaydi. Albatta, shunday o‘yinchilar bor. Qolaversa, 22 yoshgacha bo‘lgan jamoamiz ham chempionlikka yaqin turibdi.
— Maksim Shaskix uchun yoshlar bilan ishlash osonmi?
— Ha. Yigitlarga bilganlarimni o‘rgatishni istayman. Ular ham o‘z ishlariga professionallarcha yondashishmoqda.
— «Dinamo» UYEFA yoshlar ligasi guruh bosqichida «Benfika»ni ikki bor mag‘lub etgandi. Keyinchalik jamoa finalga qadar yetib bordi. Ammo hal qiluvchi bahsda Avstriyaning «Zalsburg»iga imkoniyat boy berildi. Portugaliyaliklar haqiqatan ham kuchlimi?
— Xuddi shunday. Jamoa yaxshi shakllangan. To‘g‘ri, «Dinamo» «Benfika»ni kuzda ikki marta yengdi. Har ikkisida ham haqli ravishda g‘alaba qozondik. O‘sha paytda biz kuchliroq edik. Jamoalar avvaliga yaxshi o‘yin ko‘rsata olmay, keyinchalik yuqori marralarni zabt etishganiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Misol uchun, Portugaliya termasini olaylik. Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi jamoa Yevro-2016 guruh bosqichidan zo‘rg‘a chiqqandi. Yakunda esa chempionlikni nishonladi. Portugaliyada, xususan, «Benfika»da akademiya xuddi soat mexanizmidek ishlaydi. Shu bois ham bu jamoaning finalga chiqishini tasodifga yo‘ymaslik kerak. Yaqinda «Benfika» ustozi U-19 murabbiylari simpoziumida Yuriy Moroz bilan suhbatda «Dinamo»ning «pley-off» bosqichidagi birinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchraganidan hayron qolganini aytdi. O‘z navbatida, Joao Tralyau «Ayaks»ga qarshi uchrashuvimizni ko‘rib, xursand ham bo‘ldi. Ke-yingi bosqichda gollandlarni «Real» to‘xtatgandi.
— «Dinamo» fevralda «Ayaks» to‘sig‘idan o‘tolmadi... Sabab?
— Hozir har qancha gapirish mumkin. Ammo bahorda Ukraina klublarining yevrokuboklarda qiynalishini barchamiz yaxshi bilamiz. Muhimi, bunday raqiblarga duch kelganda yuqori formada bo‘lish lozim. O‘shanda jismonan tayyor emasdik. Chunki raqibga guruh bosqichidagidek qarshilik ko‘rsata olmagandik. Qolaversa, «pley-off»ning bir o‘yindan iborat ekanini ma’qullamayman. Har bir jamoa o‘z maydonida o‘ynashi lozim. Bunda hech qanday muammo ko‘rmayapman, vaqt yetarli. UYEFAdagilar kelgusi mavsumda ham o‘zgarishlar bo‘lmasligini aytishdi. Ammo «pley-off»dagi javob uchrashuvlari bo‘yicha vaziyatni o‘rganib chiqishayotganini ma’lum qilishdi.
— Aytishlaricha, bunday yoshda futbolchilar stabil o‘yin ko‘rsata olishmas ekan.
— Bo‘lishi mumkin. Lekin ortga nazar tashlab, shuni aytishim mumkinki, bizning jamoamizda bunday holat kuzatilmadi.
— Sizlar ham «Dinamo»ning asosiy tarkibi kabi uch nafar himoyachi bilan o‘ynaysizlarmi?
— Hozircha yo‘q. Ammo qolgan uchrashuvlarda ushbu variantlarni ham sinovdan o‘tkazish niyatimiz bor.
— Asosiy jamoa bunday taktik sxema bilan qiziqarliroq o‘yin namoyish qilyaptimi?
— Buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin hujumning o‘zgacha ko‘rinish olayotganini tan olish kerak. «Dinamo» ko‘proq gol urmoqda. Umuman, bu narsa jamoa bilan har kun ishlaydigan Sergey Rebrovga yaxshiroq ko‘rinadi.
— «Dinamo»ning faxriy futbolchisi hisoblanasiz. Jamoaning joriy mavsumdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokiga qanday baho berasiz?
— Menimcha, eng asosiy sabab - keraksiz joyda ochko yo‘qotilishi. Bundan bosh murabbiyning o‘zi ham xabardor. Futbolda har narsa bo‘lishi mumkin. O‘tgan mavsumda «Shaxtyor» ham shunday holatga tushgandi. Endilikda xatolardan to‘g‘ri xulosa yasab, bor e’tiborni Ukraina kubogiga qaratish lozim.
— «Dinamo» kubokdagi g‘alaba bilan chempionatdagi muvaffaqiyatsizlikni yuvishi mumkinmi?
— Kubok — bu sovrin. Shuning o‘zi ham katta gap.
— Kelgusi chempionatda ham joriy yilgi format saqlanib qoladi. Bu holat sizga ma’qul kelyaptimi?
— Bir narsa deyishim qiyin. Chunki musobaqada o‘zim ishtirok etmayapman. O‘ylashimcha, Ukrainadek mamlakat chempionatida kamida 16ta jamoa qatnashishi lozim. Ammo iqtisodiy vaziyat aksariyat klublarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shunday ekan, hozirgi kunda premyer-ligada 12ta jamoaning ishtirok etishi eng optimal variant. Ammo boshqa tarafdan, «Vorskla» hamda «Stal» klublari yevrokuboklarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishgandi. Ammo bir ochko tufayli ikkinchi oltilikka to‘g‘ri kelishdi. Natijada mazkur jamoalarda ishtiyoq so‘ndi. Shu jihatlarni inobatga olsak, biroz adolatsizlik bo‘ldi.
— Premyer-ligada klublar ko‘paysa, terma jamoa uchun tanlov oson kechadi, deb hisoblaysizmi? Axir bunday holatda futbolchilar soni ham ortadi.
— Haqiqatan shunday. Qayerdadir bo‘lajak yulduzlar chiqib qolishi mumkin. Boz ustiga, Andrey Shevchenko yangi jamoa tuzyapti va ko‘plab yosh futbolchilarga imkoniyat yaratmoqda.
— Ukraina terma jamoasining JCH-2018 saralash bahslaridagi ishtirokiga qanday baho berasiz?
— Hozircha o‘rtacha deyish mumkin. O‘yinni yanada kuchaytirish mumkin. Ukraina termasi asosiy raqiblaridan biri hisoblangan Xorvatiyaga imkoniyatni boy berdi. Ammo hali oldinda ko‘p o‘yinlar bor. Shunday ekan, vaziyatni o‘nglasa bo‘ladi. Eng muhimi - o‘z kuchiga ishonish. Kamchiliklar kuzatilsa ham jamoani tanqid qilish yaramaydi.
— O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynab yurgan kezlaringiz Ukrainaga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazgansizlar. O‘sha uchrashuvlarni eslaysizmi?
— Albatta. Kiyevdagi V.Lobanovskiy nomidagi stadionda to‘qnash kelganmiz. Ukraina 2007 yilning avgustidagi bahsda 2:1, 2011 yilning iyunida esa 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Kuchli raqibga qarshi o‘ynash hamisha qiziqarli. Agar O‘zbekiston termasi shunday o‘yinlarni ko‘proq o‘tkazganida, rasmiy uchrashuvlarda yanada yaxshiroq natijalarni qayd etardik.
— Bu bahslarda to‘p kiritolmagansiz. Ukrainaliklar o‘yin uslubingizni bilishgani uchun shunday bo‘lganmi?
- Nima ham derdim, hamma uchrashuvda ham gol ura olmayman-ku. 2007 yilgi o‘yinda Ukraina termasi darvozasini Andrey Pyatov qo‘riqlagandi. «Dinamo»da o‘ynab yurgan kezlarim ham uning darvozasini ishg‘ol qila olmagandim. «Arsenal» safida to‘p surganimda esa buning uddasidan chiqqanman.
— O‘zbekiston termasida bir necha yil faoliyat olib bordingiz. Ammo jahon chempionatiga chiqish nasib etmadi. Bundan afsuslanasizmi?