Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Federiko Valverde kelayotgan yozda jamoani tark etishi mumkin. Urugvaylik futbolchining sotib yuborilishi haqidagi gap-so‘zlar uning jamoadoshi Orelyen Tchuameni bilan sodir bo‘lgan janjalidan keyin yanada avj oldi.
Le Journal du Real nashrining xabariga ko‘ra, «qirollik klubi» rahbariyati 27 yoshli xavbekning xulq-atvori tufayli u bilan xayrlashish masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Bunga faqatgina yaqinda yuz bergan mojaro emas, balki futbolchining jamoa sobiq ustozi Xabi Alonso bilan bo‘lgan kelishmovchiliklari ham sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, «Real» rahbariyati Valverdeni sotish orqali boshqa futbolchilarga «dars» berib qo‘ymoqchi. Bu qadam har qanday nufuzli va obro‘li o‘yinchiga ham intizomsizlik kechirilmasligini ko‘rsatuvchi muhim ishora bo‘lishi mumkin. Shuningdek, transfer bozorida Valverdega bo‘lgan talabning yuqoriligi va ko‘plab klublar u uchun katta mablag‘ taklif qilishga tayyorligi ham «madridliklar»ning sotuv bo‘yicha qaroriga ta’sir qilishi aytilmoqda.













