Italiyalik Nevio Skala 2004 yili «Spartak»ning yangi davridagi ilk xorijiy murabbiyi sifatida gavdalangandi. Umuman, u Rossiya chempionatida ishlagan dastlabki italyan mutaxassisi bo‘lgandi.
Qarangki, moskvaliklar uzoq tanaffusldan so‘ng Skalaning hamyurti - Massimo Karrera boshqaruvida yana chempionlik nashidasini surishdi. «SE» nashri shu munosabat bilan 69 yoshli Skalani bezovta qildi.
- Vatandoshingiz Massimo Karrera uchun mamnundirsiz...
- Nafaqat mamnunman, balki Italiya murabbiylik maktabi sharafini munosib himoya qilayotgani bilan faxrlanaman ham. Mana, Karlo Anchelotti finishga 3ta tur qolganida, «Bavariya» g‘alabasini ta’minladi, Antonio Konte Angliya chempionati shohsupasi turibdi. Vaqtida Fabio Kapello, Jovanni Trappattoni, Marchelo Lippi va Roberto Manchini ham tarixiy g‘alabalarni qayd etishgandi.
- Sizningcha, Italiya murabbiylik maktabining ustunlik jihati nima?
- Avvalo, qulay ruhiy muhitni barpo etish zarur. O‘yinchilar murabbiyga 100 foiz ishonishlari va uning ko‘rsatmalarini to‘liq ado etish uchun bir tanu, bir jonga aylanishlari kerak.
- Taktikachi, uning roli qay darajada?
- Taktika ham muhim, lekin bu ikkinchi darajali masala. Har qanday sxema faqat yuksak kayfiyat sharoitida naf keltiradi. Xullas, ruhiyat birinchi o‘rinda turadi. Jamoada hamjihatlikka erishilmas ekan, taktika hech narsani anglatmaydi.
- Karrera ham SSKA ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng muvaffaqiyat garovi sifatida «Spartak»ning ahil oilaga aylanganini e’tirof etdi. Yosh kasbdoshingizni nechog‘li taniysiz?
- Albatta, uni bilaman, lekin faqat futbolchi sifatida. 20 yil avval «Parma»ni boshqarganman, Karrera o‘sha vaqt «Yuventus» himoyasida to‘p surardi. «Spartak»ka ustozlik qila boshlaganimda ham, u futbolchilik faoliyatini davom ettirayotgandi.
- Umuman, Karreraning muvaffaqiyatidan ajablandingizmi?
- Yo‘q. Deylik, italiyalik murabbiy oldin ham Rossiya chempionatida g‘oliblik nash’asini totib ko‘rgan - Luchano Spalletti «Zenit»ni shohsupaga ko‘targandi. Men esa «Shaxtyor» bilan Ukraina chempionligiga erishganman. Aytgancha, Moskva klubiga aynan «Shaxtyor»dan o‘tgan edim.
- Aleksandr Samedovning 12 yillik tanaffusdan so‘ng «Spartak»ka qaytganidan xabardormisiz?
- Ha, eshitdim. Sasha mening davrimda muntazam ravishda maydonga tusha boshlagan va umidli yoshlardan edi. Ayniqsa, odob-axloq bobida ajralib turardi.
- Ko‘rinishidan, Rossiya chempionatini muntazam kuzatib borasiz, chog‘i.
- Rosti, unchalik emas. To‘g‘ri, TV orqali natijalar va turnir jadvali holati bilan tanishib boraman. Boz ustiga, Italiya matbuoti rus ligasini kam yoritadi.
- Vaholanki, Italiya vakili yetakchi jamoani boshqarmoqda, bu ommani qiziqtirmaydimi?
- Karrera - yosh murabbiy. OAV xodimlari esa asosiy e’tiborni Yevropadagi top-chempionatlarda ishlayotgan mutaxassislarga qaratadilar.
- «Spartak» sohibi Leonid Fedun bilan shaxsan tanish bo‘lsangiz kerak. Zero, u aynan siz ishlagan mavsum klub aksiyalarini sotib olgandi.
- Albatta, biz yaxshi tanishmiz. Umuman, rahbariyat vakillaridan birgina u men bilan samimiy munosabatda bo‘lardi. Harqalay, fikr-mulohazalarimni eshitardi. Shu bois, Leoniddan minnatdorman va nihoyat, muvaffaqiyatga erishgani bilan tabriklayman.
Ma’lumot uchun
Nevio SKALA
Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1947 yil 22 noyabr, Losso-Atestino (Italiya)
Futbolchilik faoliyati: «Milan» - 1965-1966; 1967-1969, 1975-1976; «Roma» - 1966-1967; «Vichensa» - 1969-1971; «Fiorentina» - 1971-1973; «Inter» - 1973-1975; «Fodja» - 1976-1979; Monsa» - 1979-1980; «Adriyeza» - 1980-1981
Futbolchi sifatidagi yutuqlari: Italiya chempioni - 1967|1968; Kubok egalari kubogi sohibi - 1967|1968; Yevropa Chempionlar kubogi sohibi - 1968|1969
Murabbiylik faoliyati: «Vichensa» -1986-1987; «Redjina» - 1987-1989; «Parma» - 1989-1996; «Perudja» - 1996-1997; «Borussiya» D. - 1997-1998; «Beshiktosh» - 2000-2001; «Shaxtyor» D. - 2002; «Spartak» M. - 2003-2004
Murabbiy sifatidagi yutuqlari: Italiya kubogi sohibi - 1991-1992; Kubok egalari kubogi sohibi - 1992-1993; UYEFA kubogi sohibi - 1994-1995; Yevropa superkubogi sohibi - 1993; Qit’alararo kubok sohibi - 1997; Ukraina chempioni - 2001|2002