Ozarbayjon poytaxtida davom etayotgan “Islom birdamlik o‘yinlari”ning yettinchi kuni o‘zbekistonlik sportchilar uchun har jihatdan omadli va barokatli keldi. Musobaqaning dastlabki olti kunida jami 8 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimiz, yettinchi kun davomida 6 ta oltinga ega chiqishdi.
Shubhasiz, kun qaxramonlari bokschilarimiz bo‘lishdi. Zero finalga qadar yetib kelgan uchchala bokschimiz o‘z raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, delegasiyamizga bir yo‘la 3 ta oltin medalni taqdim etishdi.
56 kg. vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Abdulhay Sharahmatov finalda turkmanistonlik Yoqub Meredovga qarshi jang o‘tkazdi. Bahs davomida tashabbusga ega bo‘lgan hamyurtimiz raqibini ortiqcha qiyinchiliksiz taslim etib IV “Islom birdamlik o‘yinlari”ning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
64 kg. vazn toifasidagi bokschilar bahsida oltin medal uchun jang o‘zbekistonlik Aliyor Noraliyev va misrlik Muhammad Eslan o‘rtasida kechdi. Aliyor final bahsida o‘zbek boks maktabining dovrug‘i butun dunyoga mashhur ekanligini yana bir bor amalda isbotladi va raqibi ustidan sof g‘alabaga erishib, delegasiyamiz hisobiga navbatdagi oltinni qo‘shib qo‘ydi.
Kechagi kunning eng dramatik janggi 69 kg. vazn toifasida hamyurtimiz Bobo-Usmon Batruov va mezbonlar vakili Tamerlan Abdullayev o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Hamyurtimiz ilk daqiqalardan tashabbusni qo‘lga oldi va raqibiga bir necha aniq zarbalar berishga muvaffaq bo‘ldi.
Ammo ozarbayjonlik bokschini butun zal qo‘llab quvvatlab turdi. Bu esa Baturovga qo‘shimcha bosim o‘tkazmay qolmadi. Bobo-Usmon shunga qaramay tashabbusni qo‘ldan bermadi va yakunda xaqli ravishda g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Bokschilarimizning final uchrashuvlarini bevosita kuzatish uchun, “Crystal Hall” arenasiga O‘zbekistonning Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulotda va Muhtor Elchisi Sherzod Fayziyev ham tashrif buyurdi. Bellashuvlar yakunlangach O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov unga qo‘mitaning esdalik nishonini topshirdi.
Musobaqaning yettinchi kunida taekvondochilarimiz ham muvaffaqiyatli ishtirok etishdi va delegasiyamiz hisobiga bitta oltin, bitta kumush medallarini qo‘shib qo‘yishdi. Vazni 74 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Nikita Rafalovich birorta ham jangni boy bermadi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Umida Abdullayeva esa -62 kg. vazn toifasida kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Yengil yetletika bo‘yicha bellashuvlarda Nadiya Dusanova balandlikka sakrash bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etib, 1 metru 80 santimer balandlikni zabt eta oldi va yakunda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bir kun avval 100 metrga yugurish bahslarida kumush medaliga ega chiqqan Nigina Sharipova esa 200 metr masofaga o‘tkazilgan bahslarda bronza medali bilan taqdirlandi.
Para-atletika bo‘yicha musobaqalarda Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarining chempioni Aleksandr Svechnikov nayza uloqtirish bahslarida 70 metr natija bilan nafaqat IV “Islom birdamlik o‘yinlari”ning oltin medalini qo‘lga kiritdi, balki ushbu natijasi evaziga jahon rekordini ham yangiladi.
Yunon-rum kurashida 130 kg. vazn toifasida gilamga chiqqan Mo‘minjon Abdullayev yarim finalda mezbonlar vakili, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Shariati Sabahni mag‘lub etib yaxshigina shov-shuv ko‘targandi. Ammo hal qiluvchi final bahsida turkiyalik Osman Yildirimga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan cheklandi.
Ana shu tariqa 7 kun yakunlariga ko‘ra sportchilarimiz hisobidagi medallar soni 54 taga yetdi. Ularning 14 tasi oltin, 14tasi kumush va 26 tasi bronza medallaridir. Musobaqalar davom etadi.