«Real» klubi futbolchilari va murabbiylari chempionlik unvoni qo‘lga kiritilgach, Madridning Plasa Sibeles maydoniga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, «Qirollik klubi» katta g‘alabalarni har doim Plasa Sibelesda nishonlaydi. Bu safar ham futbolchilar muxlislar bilan birga o‘z hissiyotlarini yashirishmadi.
Jumladan, «Real»ning ashaddiy raqiblari bo‘lmish «Barselona» va «Atletiko» klubi futbolchilari sha’niga «iliq» so‘zlar aytildi. Xususan, so‘nggi paytlarda «Real»ga ta’na toshlarini otuvchi Xerard Pikega hammadan ko‘p «ulush» tegdi. Marca xabariga ko‘ra, futbolchi va muxlislar bir ovozdan: «Pike, eshak, chempionni tabrikla» - deb xitob qilib turishdi.