Oliy liganing 12-turida “Mash’al” Toshkentning “Obod” jamoasini qabul qiladi.
«Obod» ayni damda turnir jadvalida 9 ochko jamg‘arib, 15-o‘rinni band etib turibdi. Lekin shunga qaramay, “Obod” kuchlilar safida asta-sekin xurmat qozonib bormoqda. Har bir raqib ushbu jamoaga ham jiddiy qaramoqda. O‘tkan yilgi chempionatning birinchi davrasida ushbu jamoalar Muborakdagi “B.Vafoyev” nomli stadionda o‘zaro ilk bor to‘qnash kelgandi. Mazkur bellashuv “gazchilar”ning benefisiga aylanib ketgandi. Qolaversa shu kuni omad ham “Mash’al” tomonidan bo‘lgan. Boisi “Obod” futbolchilari naqd ikkita (!) penaltini aniq oshira olmagandi.
10.06.2016 yil. 11-tur.
“Mash’al” – “Obod” - 5:0 (3:0).
Gollar:
1:0 – Shahboz Erkinov, 40
2:0 – Mirzohid G‘ofurov, 44
3:0 - Mirzohid G‘ofurov, 45+2
4:0 – Shahboz Erkinov, 52
5:0 – Zohir Qo‘ziboyev, 75
Amalga oshirilmagan penalti:
Sanjar To‘raqulov (“Obod”), 15 (darvozabon)
Sherzod Jalilov (“Obod”), 82 (ustun)
24.10.2016 yil. 26-tur.
“OBOD” – “MASH’AL” - 0:1 (0:1).
GOL: 0:1 – Kenja To‘rayev, 41.
O‘tgan yili Oliy ligada o‘z o‘rnini arang saqlab qolgan “Obod”ni bu yilgi mavsumda kuchlilar safida qolishini bosh murabbiy Rauf Inileev avvalgi o‘yinlarning biridan so‘ng matbuot anjumanida ta’kidlagandi. Biroq yaqinda “Obod”ni ikkinchi davrada oliy ligada ishtirok etishi so‘roq ostida ekanligi to‘g‘risida xabarlar urchiy boshladi. Shunga qaramay tarkibdagi yigitlarning ko‘zi “yonmoqda” deyish mumkin. Kamtarona sharoitlar evaziga jamoa futbolchilari katta ishtiyoq bilan o‘ynab kelayotgani esa tahsinga loyiqdir. Shuningdek o‘z vaqtida Osiyoda teng deya topilgan murabbiy Rauf Inileev ham bunday xolatda jamoani hamon boshqarishda davom etayotgani e’tiborga molikdir.
“Obod” shu kungacha safarda “Buxoro”ni 1:0 hisobida taslim etib, yaqinda o‘z uyida “Dinamo”ni 3:1 natijasi bilan taslim etdi. “Qo‘qon-1912”,”Bunyodkor” hamda “Qizilqum” jamoalariga qarshi kechgan bahsda esa bir xil – 1:1 hisobida durang qayd etgan. Jamoaning joriy mavsumdagi eng yirik hisobdagi mag‘lubiyati hozircha “Lokomotiv”dan (7:0) uchralgan mag‘lubiyati bo‘lib turibdi.
Aleksandr Xomyakov boshqaruvidagi “Mash’al” jamoasi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak. “Gazchilar” hisobida hozircha 15 ochko mavjud va jamoaning egallab turgan o‘rni - 8-o‘rindir. “Mash’al” o‘tkan hafta Kubok bahsida maydonga tushdi. Safarda birinchi liga ishtirokchisi “Yozyovon-Lochinlari”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda murabbiylarimiz asosiy e’tiborni yoshlarga qaratib, o‘yin amaliyoti kamroq bo‘lgan yigitlarni maydonga tushirdi. Shunday bo‘lsada O‘zbekiston Kubogining 1/8 final javob o‘yini oldidan Xomyakov shogirdlari juda ham ijobiy natija (0:4) qayd eta oldi. Shu bois aytish mumkinki, katta extimol bilan “Mash’al” Kubok bahsda ¼ finalga yo‘l olishga juda yaqin turibdi.
Bo‘lajak uchrashuvni toshkentlik FIFA referisi Sherzod Qosimov boshqarib boradigan bo‘ldi.
12-tur. 26 may (juma)
«Mash’al» (Muborak) – «Obod» (Toshkent)
Bosh hakam: Sherzod Qosimov (Toshkent).
Qanot hakamlari: Rasul Fozilov (Namangan), Mo‘minjon Majidov (Namangan).
Zaxiradagi hakam: Sherzod Rajabov (Buxoro).
Nazoratchi: Alisher Abdullayev (Toshkent).
O‘zPFL vakili: Noil Lutfulin.
Eslatib o‘tamiz, “Mash’al” – “Obod” o‘yini soat 18:30da boshlanadi. Bir kun oldin o‘tkaziladigan yoshlar ligasi uchrashuvi esa soat 18:00da start olishi ko‘zda tutilgan.