Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Yetuk murabbiylar o‘chog‘i - «Yuventus»

Yetuk murabbiylar o‘chog‘i - «Yuventus»

Baho:
+ | -

Aftidan, biz Italiya murabbiylar maktabining navbatdagi yorqin davriga guvoh bo‘lyapmiz. Aslida, bu borada so‘nish ham kuzatilmagandi, ammo bugungi kunda Apennindan chiqayotgan mutaxassislarning yutuqlari yarq etib ko‘zga tashlanmoqda. E’tiborlisi, ularning aksariyati bevosita «Yuventus»ga bog‘liqlik kasb etadi. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, 90-yillarda Marchello Lippi qo‘l ostidagi «Keksa sinyora»da to‘p surishgan.

Italiya termasini 2006 yilgi jahon chempionligi sari yetaklagan maestroning o‘zi hozirda Xitoyda yashab, faoliyat yuritmoqda. Ammo uning tarbiyasini olgan shogirdlari hozirdanoq yuksak mukofotlarni qo‘lga kiritib, katta finallarga yo‘l olishmoqda. Ayrimlari esa qulay imkoniyat yuzaga kelishiga tayyor turishibdi. Soccer.ru aynan shunday murabbiylar haqida so‘z yuritadi.

Antonio Konte («Chelsi»; Italiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1991-2004 (o‘yinchi sifatida); 2011-2014 (murabbiy sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: «A» seriya chempioni (uch marta), Italiya superkubogi sohibi (ikki marta), APL chempioni.

Antonio «Chelsi» bilan Angliyada «oltin dubl» qayd etishga yaqin. APL chempionligi naqd, may oyi oxirida o‘tkaziladigan kubok finalida esa «Arsenal»ni mag‘lubiyatga uchratish lozim. Konte zamonaviy top-murabbiylar o‘nligidan o‘rin egallagan, «Yuventus»bilan sovrinlar yutdi, Italiya termasida ishladi, endi esa tumanli o‘lkani zabt etmoqda. Garchi «Inter» kattagina maosh va keng imkoniyatlar taklif etayotgan bo‘lsada, italiyalikning ilk mavsumdan keyinoq «Chelsi»ni tark etishiga ishonish qiyin. Boz ustiga, o‘zi sog‘ingan Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Zayniddin Zidan («Real»; Fransiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1996-2001 (o‘yinchi sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: ECHL va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi, UYEFA superkubogi sohibi. La-liga chempioni.

Chempionlar Ligasining 1998 yilgi finalida maydonda «Real» va «Yuventus» to‘qnash kelishganda, Zayniddin Turin klubi sharafini himoya qilayotgandi. Oradan 19 yil o‘tib, YECHLning hal qiluvchi bahsida ro‘y beradigan shunday to‘qnashuvda yana bir bor qatnashish baxti nasib etdi. Farqi - bu safar «Real» ustozi sifatida. Fransuz o‘tgan mavsum Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi, agar bu galgi finalda «Keksa sinyora»ni mag‘lubiyatga uchratishni uddalasa, «ko‘hna qit’a»ning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnirida chempionlikni saqlab qolgan ilk murabbiyga aylanadi. Boz ustiga, La- ligada ham eng yuqori pog‘onani egalladi. Bundan ko‘rinadiki, «Yuve» hal qiluvchi bahsdagi raqibiga ajoyib mutaxassisni tarbiyalab beribdi. Zero Zizuga qo‘l kelayotgan aksariyat uslublarni u Lippi qo‘l ostida o‘zlashtirgan. Vaholanki, Marchello o‘tgan yili fransiyalik shogirdining murabbiylikka tayinlanganidan hayron bo‘lganini ta’kidlagandi.

Didye Desham (Fransiya terma jamoasi)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1994-1999 (o‘yinchi sifatida); 2006-2007 (murabbiy sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: Liga 1 va «B» seriya chempioni, Fransiya liga kubogi (to‘rt marta) hamda Fransiya superkubogi (ikki marta) sohibi, shuningdek, YECHL va Yevropa chempionati finalchisi.

Deshamga har doim ham omad kulib boqavermagan. Misol uchun, «Monako»da ishlagan kezlari YECHL finalida Mourinyo qo‘l ostidagi «Portu»ni yengganida, Fransiyada o‘tgan Yevropa chempionatining hal qiluvchi o‘yinida portugaliyaliklardan ustun kelganida - hozir vaziyat butunlay boshqacha ko‘rinish kasb etishi aniq edi. Shunga qaramay, Didye jamoa ustozi sifatida «Yuventus»ga qiyin davrda ko‘maklashgan, klubning «V» seriyadan elitaga qaytishiga katta hissa qo‘shgan. To‘g‘ri, keyinchalik rahbariyat bilan chiqisholmay, ketishga majbur bo‘ldi, ammo har qanday holatda ham, Lippi jamoasidan yana bir yetuk murabbiy chiqqanini isbotlab ulgurdi.

Paulu Souza («Fiorentina»; Portugaliya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1994-1996 (o‘yinchi sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: Shveysariya va Isroil chempioni.

1996 yilgi YECHL finalida «Ayaks»­ga qarshi bahsda «Yuventus» safida Konte va Desham bilan yelkama-elka to‘p surgan portugaliyalik keyinchalik butun Yevropani kezib chiqdi. So‘nggi ikki yildan buyon esa «Fiorentina» futbolchilariga ustozlik qilmoqda. Aytishlaricha, Paulu yangi sayohatga chiqishi mumkin ekan: Sankt-Peterburgning «Zenit» klubi Mircha Lucheskuning o‘rniga asosiy nomzod sifatida aynan Souzani ko‘rmoqda. Piterliklar hattoki, bu borada u bilan muzokara o‘tkazishga ham ulgurishgan.

Massimo Karrera («Spartak»; Italiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1991-1996 (o‘yinchi sifatida); 2009-2014 (yoshlar sektori koordinatori, keyinchalik bosh murabbiy yordamchisi sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: Rossiya chempioni, Italiya superkubogi sohibi (bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida).

Yaqindagina Rossiya chempionligini nishonlab, «spartakchilar» ishqibozlari kumiriga aylangan mutaxassis ham o‘sha «oq-qoralar» safidan chiqqan. Massimo umumiy hisobda o‘n yilini «Yuventus»ga bag‘ishlagan. Turin jamoasi libosida 150tadan ortiq o‘yin o‘tkazib, turli sov­rinlarni qo‘lga kiritgan. Ular orasida Chempionlar kubogi va UYEFA kubogi bor. Keyinchalik klub tizimida faoliyat yuritib, yoshlar sektoridagilarga koordinatorlik vazifasini o‘tadi, shuningdek, Antonio Kontega yordamchilik qildi. Joriy mavsumgacha Karrera bosh murabbiy sifatida ishlamagandi, unga bunday sharafli lavozimni Moskvaning «Spartak» jamoasi taqdim etdi. Ko‘rinib turibdiki, bu tanlov yanglish emas ekan.

Igor Tudor («Galatasaroy»; Xorvatiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1998-2005 va 2006-2007 (o‘yinchi sifatida).

Murabbiylikdagi yutuqlari: Xorvatiya kubogi.

O‘z yurtida «Xayduk» futbolchilariga ustozlik qildi, Gresiyaning PAOK jamoasida ishladi, «Karabyukspor»da faoliyat yuritdi. Joriy yil fevralidan boshlab Turkiyaning boshqa bir yirik klubi - «Galatasaroy» bosh murabbiyi lavozimini egalladi.

Paolo Montero («Rosario Sentral»; Urugvay)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1996-2005 (o‘yinchi sifatida).

Turinda Monteroni qo‘pol va aslo bo‘sh kelmaydigan himoyachi sifatida eslab qolishgan. U «Yuve» libosida o‘tkazgan o‘yinlarida 21 marta qizil kartochkaga munosib ko‘rilgan. Paolo murabbiylik faoliyatini boshlash maqsadida Janubiy Amerikaga yo‘l oldi. Hozirda «Rosario Sentral» klubini boshqarayotgan mutaxassis jamoasi bilan Argentina primera-divizionida 11-o‘rinni egallab turibdi.

Filippo Inzagi («Venesiya»; Italiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1997-2001 (o‘yinchi sifatida).

Garchi Inzagining nomi «Milan» bilan uzviy bog‘lansada, uning yetuk o‘yinchi sifatidagi iste’dodi aynan «Yuve»da namoyon bo‘lgan. Modalar poytaxti sharafini himoya qiluvchi «qizil-qoralar»ga ustozlik qilishi esa muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Hozir «Venesiya»da ishlamoqda. Joriy mavsum yakunlariga ko‘ra, Filippo ushbu jamoani «V» seriyaga olib chiqdi.

Chiro Ferrara (klubsiz; Italiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1994-2005 (o‘yinchi sifatida); 2009-2010 (murabbiy sifatida).

«Yuventus»ning afsonaviy himoyachisi qadrdon klubini boshqarishga ulgurdi, ammo «A» seriya turnir jadvalida bor-yo‘g‘i 7-o‘rin bilan cheklandi. Ferrara joriy yil martida Xitoyning «Uxan Chjoer» jamoasi bosh murabbiyligidan bo‘shatildi.

Janluka Zambrotta («Deli Daynamos»; Italiya)

«Yuventus»da o‘tkazgan yillari: 1999-2006 (o‘yinchi sifatida).

Janluka dastlab Lippi qo‘l ostida «Yuventus»da o‘ynadi, keyinchalik buyuk murabbiyning navbatdagi qaytishiga ham guvoh bo‘ldi. O‘zi Shveysariyaning «Kyasso» klubini bosh­qardi, ayni payt Hindistonning «Deli Daynamos»ini shug‘ullantirmoqda. Hozircha jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritmadi, ammo «Yuve»ning aksariyat sobiq futbolchilari kabi millionlar o‘yinidan yiroqlashmagan.

Yana kimlarning «Yuventus»ga bog‘liqligi bor?

Massimiliano Allegri «Yuventus»­ni YECHLning navbatdagi finaliga olib chiqdi, yana bir bor skudettoni qo‘lga kiritdi. Don Karlo Turin grandidagi faoliyati kelajakka poydevor qo‘yganini tan olgan. qizig‘i, «ko‘hna qit’a»ning olti yetakchi chempionatlaridan beshtasida «Yuventus»ga aloqador bo‘lgan murabbiylar g‘olib chiqishdi: Karlo Anchelotti («Bavariya», Germaniya), Massimo Karrera («Spartak»), Antonio Konte («Chelsi», Angliya), Massimiliano Allegri («Yuventus», Italiya), Zayniddin Zidan («Real», Ispaniya). YECHLning joriy mavsumida ham «byankoneri»ning sobiq futbolchisi Zizu yoki «Keksa sinyora»ning hozirgi ustozi Allegri muvaffaqiyat qozonadi. Ajoyib holat, shunday emasmi?

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:02, 29.05.2017.
O'qildi: 4513 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.