Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/12 00:30 Brayton 0-0 Brentford
28/12 01:15 Arsenal 1-0 Ipsvich
28/12 19:00 Empoli 1-2 Jenoa
28/12 19:00 Parma 2-1 Monsa
28/12 22:00 Kalyari 0-3 Inter
29/12 00:45 Lasio 1-1 Atalanta
29/12 16:30 Udineze - Torino
29/12 19:00 Napoli - Venetsiya
29/12 19:30 Lester - Manchester Siti
29/12 20:00 Tottenhem - Vulverhempton
29/12 20:00 Kristal Pelas - Sautgempton
29/12 20:00 Everton - Nottingem Forest
29/12 20:00 Fulhem - Bornmut
29/12 22:00 Yuventus - Fiorentina
29/12 22:15 Vest Xem - Liverpul
30/12 00:45 Milan - Roma
30/12 22:30 Komo - Lechche

G‘ayratingizga balli tolmas futbol afsonalari

G‘ayratingizga balli tolmas futbol afsonalari

Baho:
+ | -

Filipp Lam va Xabi Alonso har kimning havasini uyg‘otadigan samarali faoliyatlariga yuqori nuqtada xotima yasashdi. Soccer.ru sayti ijodkorlari shu bahona mavsum faxriylarini alohida superjamoa tarkibiga joylashtirishdi. Ishoning, yuzaga kelgan ramziy terma binoyidek ko‘rinishga ega bo‘ldi. Mana, tarkib bilan tanishib chiqib, o‘zingiz baho beravering.

Janluiji BUFFON (39 yosh, «Yuventus»). Antuan Grizmann joriy yil yakunida «Oltin to‘p» sovrinini «Yuventus» golkiperiga berish zarurligini ta’kidlamoqda. Ammo hamma qatori «Atletiko» hujumchisi ham yaxshi tushunadi: buyuk Buffon hattoki, CHL finalida-da bosh qahramon bo‘lsa va nihoyat, bu turnir kubogini qo‘lga olsa hamki, «Oltin to‘p»ni yana o‘sha Krishtianu Ronaldu yoki Lionel Messiga topshirishlari hech gap emas.

Ammo tan olish kerak, Antuan mutlaqo haq - afsonaviy darvozabon oliy darajadagi umume’tirofga munosib. Xullas, Jiji, shuningdek, Petr Chex ijrosidagi takrorlanmas «seyv»lardan ayni hozir rohatlanish kerak. Axir ushbu faxriylarning nafaqaga kuzatish vaqti tobora yaqinlashmoqda.

- Janluiji Buffon tez orada CHL finalida 3-marta maydonga tushadi, 39 yoshida;

- Buyuk Jiji «Yuventus»ning joriy CHLda qayd etgan «quruq» seriyasi davomida roppa-rosa 600 daqiqa ichida gol qo‘yib yubormadi (uning o‘rinbosari - Netu 90 daqiqa o‘ynadi) va turnirda jami 20ta «seyv» ko‘rsatdi.

Filipp LAM (33 yosh, «Bavariya»). Allaqachon Germaniya futboli timsoliga aylanib ulgurgan mittigina Lam butsalarini mixga ilishini e’lon qilganida, Karlo Anchelottidek sermulohaza va bosiq murabbiy xuddi sevgan qizidan muhabbatiga rad javobini olgan ehtirosi baland oshiq yigit holiga tushdi. Chunonchi, don Karlo nafaqat nemis, balki butun jahon futboli afsonasidan faoliyatini yana ozgina uzaytirishini so‘ragandi.

Biroq qat’iy Filipp bunga ko‘ngani yo‘q. U beqiyos tajribaga egaki, organizmi katta kurashlarga nechog‘li javob berishini juda yaxshi tushunadi. Qolaversa, Lam imkoni bor barcha sovrinlarni yutgan ekan, nega endi vaqtida ketib, o‘ziga yangi mashg‘ulot topmasligi kerak?

- Filipp Lam oxirgi mavsumda yosh va baquvvat Joshua Kimmix bilan raqobatda ustun kelib, «Bavariya» qanot himoyachilari orasida eng ko‘p daqiqa to‘p surgan futbolchilardan biri bo‘ldi. Ya’ni faqat David Alaba maydonda undan ko‘proq harakatlandi, xolos;

- Filipp afsonaviy Oliver Kan davridan buyon nemis grandi «Shuhrat zali»ga kiritilgan birinchi futbolchidir;

- «Bavariya» tarbiyalanuvchisi - Germaniyaning 8 karra chempioni. Tarixda bunday natija atigi 4 nafar futbolchiga nasib etgan. Xullas, Lam bu borada Mehmet Sholl, Bastian Shvaynshtayger va Oliver Kan qatoriga qo‘shildi.

PEPE (34 yosh, «Real»). Portugaliyalik himoyachining xarakteri, maydonda o‘zini tutishi hammaga ham yoqavermaydi. Biroq Yevro-2016 qahramonlaridan birining shubhasiz, futbol yulduzi ekanligi xususida bahslashish o‘rinsiz. Qarang, Pepe necha yilki, «Real»da barqaror o‘ynamoqda.

Uning ayniqsa, o‘yinni tushunish qobiliyati va ishga yondashuvi maqtovga loyiq. To‘g‘ri, portugaliyalik yozda «Madrid» bilan xayrlashishi mumkin. Aytgancha, Pepe milliy terma jamoasida 30tadan ko‘p o‘yin o‘tkazgan va bu faxriy uchun chakki natija hisoblanmaydi.

- Pepe La-liganing oxirgi mavsumida xavbek Luka Modrichdan ko‘proq gol urdi va forvard Lukas Vaskes bilan bir xil natija qayd etdi. Ya’ni raqiblar darvozasini 2 bora nishonga oldi;

- Ayni payt Xosep Gvardiola va Unai Emeri yozda ozod agent maqomini olishi ehtimoli baland portugaliyalik himoyachini tegishlicha «Manchester Siti» hamda «PSJ»ga chorlamoqdalar.

Andrea BARSALI (36 yosh, «Yuventus»). CHLda yana bir final, Italiya kubogi va «A» seriyasida yana g‘alaba - Barsali oxirgi yillarda Buffon kabi sovrinlar yig‘ishdan sira charchamayapti. Shuning barobarida jahon chempioni muntazam maydonda, vaholanki, u 36 yoshni urib qo‘ydi. E’tiborli fakt, Andrea hamon Italiya terma jamoasi safida.

Massimiliano Allegri kelganidan so‘ng «Yuventus» 2 nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynash tizimiga o‘tgani ham Barsaliga qandaydir muammo tug‘dirgani yo‘q.

- Andrea Barsali «A» seriyasida Klaudio Markizio va Dani Alveshdan ham ko‘proq o‘ynadiki, bu faxriyning jismoniy kuchi hali yetarli ekanligidan dalolat;

- Aytishlaricha, «qariya» Buffon himoyachi bilan mudom hazillashar ekan: «Erta-indin «pishasan», yaxshisi, butsalaringni mixga ilib qo‘ya qol...». Barsali ham bo‘sh kelmaydi: «Yo‘q, faqat sendan keyin...»;

- Barsali yozda «Yuventus»dan ketadigan bo‘lsa, uning oldida variantlar yetarli. Deylik, AQSH klublari qiziqishi katta. Ammo Andrea va Turin jamoasi o‘rtasidagi shartnoma 2018 yilgacha mo‘ljallangan va u hech qayerga shoshilayotgani yo‘q.

Patris EVRA (36 yosh, «Marsel»). Haftaning dushanba kunini yoqtiruvchi kamsonli kishilardan biri. Evra doimo xushkayfiyati bilan ajralib turadi va boshqalarga o‘rnak bo‘lishga shay. Uning ishga yondashuvi har kim uchun xuddiki, bepul qo‘llanma.

Patris tinmay kuylaydi, raqs tushadi, hazil-mutoyiba orqali duch kelgan kishini o‘zini yaqin oladi. Mana, «Marsel»da talab darajasida o‘ynadi, bungacha CHL finalchisi - ajoyib Aleks Sandro bilan raqobatda ustun kelolmagani esa boshqa masala.

- 36 yoshli Patris Evraning o‘ynash ishtiyoqi shu qadar balandki, u qishda «Yuventus» bilan xayrlashib, «Marsel» safiga qo‘shildi. Vaholanki, Turinda qolib, hozir CHL finalchisiga aylanishi mumkin edi;

- Patris Fransiyada xuddi Turindagidek 2,5 million yevro (mukofot pullarisiz)ga teng yillik maoshga ega. Ha, xushchaqchaq faxriyning xizmati hamon munosib baholanmoqda!

Dani ALVESH (34 yosh, «Yuventus»). «Yuventus» tarkibida ikkinchi yoshligini boshlagan himoyachiga xos o‘yin harakatlarini nazarda tutib, uni bemalol o‘rta chiziq futbolchisi sifatida ta’riflash mumkin. Gollari va samarali uzatmalarini hisobga olsak, braziliyalik hattoki, hujumchi maqomiga ham tortadi.

Alveshning sport formasi, jismoniy tayyorgarligi va ishtiyoqi «Yuven-tus»ga juda qo‘l keldi. Endi hattoki, faol harakatni talab qiladigan APL ham faxriy yigitga ko‘z «olaytirmoqda». «Barselona» Danini qo‘yib yuborib, to‘g‘ri qildimi? Bu fakt emas!

- CHLning navbatdagi finali Dani Alvesh uchun 2006 yildan keyingi 14-hal qiluvchi o‘yin bo‘ladi. Braziliyalik shu oraliqdagi finallar soni bo‘yicha hattoki, barcha klublardan ham oldinda. Misol uchun, «Barselona» shu vaqtda 12ta final yuzini ko‘rgan;

- Turinda «qariya»ni ispaniyalik model Xoana Sans alohida qo‘llab-quvvatlamoqda. U futbolchidan 10 yosh kichik;

- Dani CHL-2016|2017da 4ta golga assistentlik qildi. «Yuventus»ning qolgan barcha futbolchilari jami 6ta samarali uzatmaga egalar. Qolaversa, 3ta gol urgan braziliyalik himoyachi klubning turnirdagi uchinchi to‘purari bo‘lib turibdi. Ya’ni faqat Paulo Dibala (4ta) va Gonsalo Iguain (5ta)dan ortda qolyapti.

Xabi ALONSO (35 yosh, «Bavariya»). Alonsoning aytishicha, unga omad kulib boqqan: «Ajoyib klub - «Real Sosyedad»da tahsil olganim - omad. Keyin Angliyaning eng yaxshi jamoasiga o‘tganim - omad. Shundan so‘ng Ispaniya va Germaniyada ham eng zo‘r klublarda to‘p surganim - yana omad». To‘g‘ri, deylik, «MYU» va «Barselona» muxlislari uning «eng yaxshi klub» masalasidagi fikriga qo‘shilmasliklari mumkin. Ammo Xabining faoliyati chinakamiga yorqin chiqqani - fakt.

Ispan futbolchisi terma jamoa bilan barchasini yutdi, klublarda ko‘p narsalarga erishdi. Misol uchun, CHLning o‘zida 2 marta shohsupaga ko‘tarildi.

- Stiven Jerrard so‘zlaridan iqtibos: «Faoliyatim davomida men bilan birga o‘ynagan xavbeklar orasida eng yaxshisi - Alonso»;

- Ispaniyalik faxriy oxirgi mavsum davomida deyarli 40 marta maydonga tushib, 2500 daqiqadan ko‘proq harakatlandi. 35 yoshli yarim himoyachining ayniqsa, uzatmalar aniqligi bo‘yicha ko‘rsatkichi hayratlanarli - 89,5 foiz holatda to‘pni jamoadoshiga to‘g‘ri yetkazib berdi;

- Xabi Alonso yana o‘ta kamtar. U shuncha sovrin yutgani va esda qolarli o‘yinlarda ishtirok etganiga qaramay, faoliyati davomida maydondagi harakatlarini umumiy tarzda «4»ga baholamoqda.

Aryen ROBBEN (33 yosh, «Bavariya»). Ramziy jamoa tarkibida «Bavariya»dan vakil ko‘pligi nimadan dalolat? Ehtimol, Myunxen klubiga ozgina yangi «qon tomchisi» yetishmayotgandir. Har holda, jamoa CHL finalidan chetda qoldi. Ammo bu faxriylar xizmatiga soya sololmaydi, baribir.

Xususan, Aryenni olaylik, u yakunlangan mavsum yubiley - 10-chempionlik unvonini tantana qildi va bu borada afsonaviy hamyurti Yoxan Kroyffga tenglashdi. Endi esa yana bir bora chempion bo‘lib, undan o‘zib ketish haqida o‘ylamoqda. Umuman, Robbenning irodasiga qoyil qolish kerak - behisob jarohatlarga parvo etmay, hamon katta futbolda o‘z so‘zini aytmoqda. Bir o‘yinini ko‘z oldingizga keltiring-a...!

- Aryen Robben 33 yoshida bundesliga o‘yinlarida 13ta gol urishdan tashqari, yana 9ta samarali uzatmaga mualliflik qildi. Xususan, Filipp Lam va Xabi Alonsoning xayrlashuv uchrashuvida 1ta gol urib, 2tasiga assistentlik vazifasini bajardi;

- Aryen bitta mavsum davomida 5 marta jarohatga yo‘liqqan va hattoki, 2012 yiliyoq butsalarini mixga ilish haqida o‘ylagan, ammo u hamon safda.

Frank RIBERI (34 yosh, «Bavariya»). Fransiyalik futbolchi 34 yoshga to‘ldi, «Bavariya» shunga qaramay, o‘tgan mavsum 2018 yilgacha mo‘ljallangan shartnomani rasmiylashtirgandi. To‘g‘ri, bu holat Frankning «Trabzonspor» safiga qo‘shilishiga xalaqit bermaydi.

Futbolchi oldin ham Turkiyada o‘ynagan va yana mahalliy super-ligaga yo‘l olsa, unda chaqqon-abjir xavbekning chap qanotdagi yurishlarini kuzatish imkoniyati ancha pasayadi. Ha, Riberi oxirgi vaqtlarda doim ham avvalgidek, yorqin futbol ko‘rsatgani yo‘q, lekin gollari va uzatmalari soni sezilarli darajada kamaymagani ham fakt.

- Frank Riberi bundesliganing oxirgi mavsumida 11ta samarali uzatmaga mualliflik qildi - bu chempionat bo‘yicha 3-yaxshi ko‘rsatkich;

- Fransiyalik futbolchi «Bavariya»ning mavsum doirasidagi o‘yinlarida jami 18ta samarali harakatni amalga oshirdi.

Aris ADURIS (36 yosh, «Atletik»). Aduris «Atletik» uchun gol urishdan to‘xtagani yo‘q. Diqqat qiling, 36 yoshli hujumchi jamoaning mavsumdagi eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. YEL doirasida «Genk» klubiga qarshi kechgan uchrashuvda esa 5ta gol urib, butun Yevropa sport nashrlarining muqovasidan joy oldi.

«Qariya»ning jismoniy qudrati tugamaydigandek, boshqa gavdali forvardlar unga qarab, qanday harakatlanishni o‘rganishlari mumkin. Umuman, shu yoshda ajoyib sport formasida bo‘lish - ibrat namunasi.

- Aris Aduris - YEL tarixidagi birinchi va yevrokubok mavsumidagi yagona «penta-trik» muallifi;

- «Atletik» hujumchisi Ispaniya terma jamoasida gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. U 35 yoshu 9 oyu 2 kunligida Makedoniya termasi darvozasini nishonga oldi (JCH-2018 saralash bosqichida).

Zlatan IBRAGIMOVICH (35 yosh, «MYU»). Bo‘ydor hujumchi ayni payt basseynda suzish orqali jarohatdan keyingi tiklanish jarayonini faol o‘tkazmoqda. Achinarlisi, Ibra jonajon yurti - Shvesiyada o‘ziga begona sanalmagan «Ayaks»ga qarshi kechgan YEL finalida maydonga tusholmadi. Muhimi shuki, Zlatan to‘liqsiz mavsumda 28ta gol urdi va buning «qariya» uchun ajoyib natija ekanligi tushunarli.

To‘g‘ri, baho berishda «tosh» hisoblangan ekspertlar bu statistika shohona maosh va sharoitga muvofiq emasligini ta’kidlashmoqda. Biroq unutmaslik kerak, shvedga tegishli futbolkalar qisqa vaqt ichida qo‘lma-qo‘l bo‘ldi, demakki, «MYU» ushbu hamkorlikdan zarar ko‘rmagan - ham sport, ham biznes masalasida.

- Zlatan Ibragimovich 35 yoshida ilk marta yevrokubok g‘olibi sifatida medal oldi;

- Shvedning yillik maoshi 11,5 million yevroga teng. Taqqoslash uchun aytsak, APL bosh to‘purari Xarri Keyn dekabrda tuzilgan yangi shartnomaga asosan, chamasi 7 million yevro oladi;

- 28ta gol - bu «MYU» futbolchilari uchun mavsumning eng yaxshi natijasi. Deylik, klubda ikkinchi yaxshi natijaga erishgan yosh Markus Rashford hisobida 11tagina gol yig‘ildi.

BONUS - CHEMPION QAHRAMON

Dirk KUYT (36 yosh, «Feyenoord»). Ha, gollandiyalik futbolchi oxirgi mavsum top-ligalarda ko‘rinish bergani yo‘q. Lekin uning o‘z faoliyatiga ajoyib tarzda nuqta qo‘ygani e’tiborga molik. Kuyt «Feyenoord» tarkibidagi oxirgi o‘yinida «xet-trik»ka erishdi va jamoasi bilan chempion bo‘ldi.

Aytish o‘rinli, rotterdamliklar yangi asrda Gollandiya eredivizioni taxtiga ko‘tarilmagandilar. Mana, klub Yevropadagi sayohatdan qaytgan sodiq o‘g‘loni yordamida nihoyat, yana «oltin»ga burkandi. Rotterdam bayram og‘ushida, bu Kuyt uchun haqiqiy ertakdagi kabi xayrli yakun.

AYTGANCHA...

Yevropaning 5ta yetakchi ligasida eng yoshi katta futbolchi kim? Ramziy jamoa maydonda ko‘p harakatlangan futbolchilardan tuzildi. Lekin eng «qadimiy»larni ham e’tirof etish o‘rinli. Aytish o‘rinli, «Lokomotiv» (Moskva) klubi Dmitriy Loskov bilan chiroyli tarzda xayrlashdi. Ya’ni unga 43 yoshida maydonga tushish imkonini berdi. Top-ligalarda esa 40 yoshdan katta 2 nafargina futbolchi maydonda ko‘rinish berdi. «Stok Siti» tarkibidan o‘rin olgan irlandiyalik Shey Given aprelda 41 yoshga to‘ldi, «Kalyari» safida 1 daqiqa harakatlangan Roberto Kolombo esa avgustda 42 yoshini qarshilaydi. Bu klubda yana Marko Storari ham bor. «A» seriyasi doirasidagi 15ta o‘yinda ishtirok etgan kiper yanvarda 40 yoshlik yubileyini nishonladi. Franchesko Totti undan biroz katta. 1976 yili tug‘ilgan «Rim shahzodasi» bu mavsum 16ta o‘yinda maydonga tushdi, ammo daqiqa bo‘yicha Markodan birozgina ortda qoldi. Shuningdek, «Monako»ning zaxira posboni Morgan de Sanktis ham yuqoridagilar kabi 40 yosh chegarasidan o‘tgan. Demak, Kolombo maydonga tushgan eng yoshi katta futbolchi bo‘lsa, Storari binoyidek amaliyot hosil qilgan eng «qariya» o‘yinchidir.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:56, 02.06.2017.
O'qildi: 5472 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.