Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Bugun terma jamoamiz uchun repetisiya, 6 kundan so‘ng imtihon

Bugun terma jamoamiz uchun repetisiya, 6 kundan so‘ng imtihon

Baho:
+ | -

Bugun O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Tailand termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. «Bunyodkor» stadionida soat 20:00da  boshlanuvchi «o‘rtoqlik» har ikki tomon uchun JCH-2018 saralashi uchinchi bosqichidan o‘rin olgan 8-tur uchrashuviga tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Milovan Rayevas bosh murabbiyligidagi Tailand terma jamoasi kecha Qozog‘istonning Almati shahri orqali poytaxtimizga yetib keldi. Bugun raqiblar bo‘lajak muhim o‘yinlar oldidan o‘ziga xos repetisiya qilib olishadi. Bir haftadan so‘ng esa haqiqiy imtihon topshirishadi.

Imtihon tailandliklardan ko‘ra, biz uchun qiyin bo‘lishi hozirdanoq ma’lum. Boisi, jamoamiz Sharqiy osiyoliklardan farqli ravishda, mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiryapti. Tailand termasida hech qanday bosim yo‘q va mehmonlar bugungi o‘yinda erkin harakatlansalar kerak. Samvel Babayan esa uchrashuvda forslarga qarshi kechadigan bahsda qo‘llanishi kutilayotgan turli taktik sxemalarni amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ega.

Terma jamoamiz deyarli bir haftaki, Toshkentda o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini davom ettiryapti. Mashg‘ulotlar asosan «Jar» stadionida olib borildi. Jamoamiz bosh murabbiyi kecha nihoyat, to‘liq tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazdi. Yig‘inga taklif etilganlardan oxirgi bo‘lib, Yaponiya J-ligasida to‘p surayotgan Fozil Musayev yetib keldi. Uning jamoasi - «Jubilo Ivata» yakshanba kuni o‘z maydonida mashhur «Gamba Osaka»ni 3:0 hisobida yengdi. Yarim himoyachimiz mazkur o‘yinda ham maydonda to‘liq 90 daqiqa harakatlandi. Terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov esa terma jamoa safiga yakshanba kuni tushdan so‘ng qo‘shildi va kecha ilk mashg‘ulotda ishtirok etdi. Ahmedovning jamoasi ham Xitoy super-ligasi navbatdagi turida ishonchli g‘alabaga erishdi. Demak, Odilning kayfiyati chakki emas. Eron termasi bilan o‘yinda aynan shunday ko‘tarinkilik juda muhim.

Terma jamoadagi yo‘qotishlar haqida gazetamizning avvalgi sonida ham yozgan edik. Asosiy himoyachilar - Vitaliy Denisov va Islom To‘xtaxo‘jayev jarohat sabab, bo‘lajak bahslarda jamoamizga yordam berolmaydilar. Denisov kuni kecha Germaniyada jarrohlik stoliga yotishga ham ulgurdi. To‘g‘ri, uning yo‘qligi - katta yo‘qotish. Lekin JCH yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoa bunday yo‘qotishlarga hamisha tayyor turishi lozim. O‘z navbatida, zaxira futbolchilari yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanib, o‘zlarini ko‘rsatishga harakat qilishlari shart.

Biz yakshanba kungi mashg‘ulotdan so‘ng jamoa darvozaboni Aleksandr Lobanovdan qisqacha intervyu oldik. Shuni aytish kerak, yig‘in chog‘i terma jamoa futbolchilari bilan suhbatlashishning o‘zi mushkul. Ular intervyu uchun rozilik beravermaydilar va ko‘pchilikdan bir xil javob eshitasiz: «Yaxshisi, o‘yindan keyin gaplashaylik». Sasha esa bu borada professional.

- Tayyorgarlik reja asosida ketyapti,-deya so‘z boshladi terma jamoamiz posboni. - Hali ham to‘liq tarkibda mashg‘ulot o‘tkazmadik. Legionerlarimiz sekin-asta safga qo‘shilishyapti. Mana bugun (4 iyun kungi suhbat) Odil ham Toshkentga yetib keldi. Lekin mashg‘ulotga ertadan qo‘shiladi. Shunga qaramay, yig‘inga chaqirilgan boshqa futbolchilar bilan kuchaytirilgan tartibda shug‘ullandik.

- Oldinda Eron termasiga qarshi kechadigan muhim uchrashuv turibdi. Raqib jamoa o‘yinini qay tarzda o‘rganyapsizlar?

- Ha, barchamiz bizni qanday o‘yin kutib turganini juda yaxshi tushunib turibmiz. O‘ta mas’uliyatli va shu bilan birga muhim o‘yinda maydonga tushamiz. Uchrashuvning oson kechmasligi aniq. Shunday bo‘lsada, xuddi finalda maydonga tushgandek harakat qilamiz. Eron termasi kuchli ekanligini kimgadir isbotlash shart emas. Forslar bejiz guruhda peshqadamlik qilishmayapti. Ularning so‘nggi o‘yinlari videoyozuvini tomosha qilish orqali puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz. deylik, alohida futbolchilarni ham o‘rganyapmiz.

- Xo‘sh, Eron termasini nimaning evaziga mag‘lub etish mumkin?

- Keling, hozircha bu savol javobini kadr ortida olib qolaylik. Faqat aytishim kerak, raqibning mayda-chuyda jihatlarini ham o‘rgan­yapmiz.

- Eronliklar ortda qolgan 7ta o‘yinda o‘z darvozalaridan hali gol qo‘yib yubormadilar.

- Har qanday seriya bir kun kelib uziladi. Umid qilamanki, Eron termasi darvozabonining quruq seriyasi 12 iyun kuni Tehronda tugaydi.

- Siz oldin ham «Ozodi» stadio­nida o‘ynagansiz.

- Ha, u yerdagi muhit bir tomondan bizga yordam berishi mumkin. Shuncha muxlis ko‘z o‘ngida to‘p surish hamisha yoqimli.

- E’tiborlisi, eronliklar o‘z maydonlarida ham himoyaviy taktika asosida o‘ynashadi...

- To‘g‘riku-ya, lekin ana shu taktika ularga g‘alaba keltiryapti. Eronlik himoyachilar o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishmoqda. Himoyada o‘ta tartibli harakatlanishadi. Nachora, shu «qo‘rg‘on»ni yorib o‘tish yo‘lini topishimiz shart.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:24, 06.06.2017.
O'qildi: 4806 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.