Kirish Ro'yxatdan o'tish
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 19:00 Al-Ayn 1-2 Al-Ahli (SA)
25/11 21:00 Istiqlol 0-0 Paxtakor
25/11 21:00 Al-G‘arafa 1-3 An-Nasr (SA)
25/11 22:30 Empoli 1-1 Udineze
25/11 23:00 Ar-Rayyan - Persepolis
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem
26/11 15:00 Ulsan Xyonde 1-3 Shangxay Port
26/11 15:00 Vissel Kobe 3-2 Sentrel Kost
26/11 17:00 Buriram Yunayted 0-3 Kavasaki Frontale
26/11 17:00 Shandong Taishan 1-0 Johor Dorul Ta'zim
26/11 21:00 As-Sadd 0-1 Al-Hilol
26/11 21:00 Ash-Shorta 1-2 Al-Vasl

Yevrosnayperlar davrasi

Yevrosnayperlar davrasi

Baho:
+ | -

Mana, navbatdagi yevromavsum ham nihoyalandi. To‘g‘rirog‘i, qit’a hududidagi asosiy milliy birinchiliklar finish marrasiga yetdi. Mavsum-2016|2017 yakunlari bo‘yicha «Oltin butsa» yana bir bora argentinalik Lionel Messiga nasib qildi.

«Barselona» goleadorining asosiy raqibi - Krishtianu Ronaldu va boshqa to‘purarlar reytingida qanday natijaga erishishdi? Deylik, milliy ligalarda  bosh to‘purar bo‘lgan futbolchilar orasida yangi ijrochilar ham bormi?

Soccer.ru sayti mavsum yakunlari turkumidagi tahlillarni aynan gollar va goleadorlar mavzusidan boshladi. Shu tariqa Lionel Messi, Edinson Kavani, Garri Keyn, Robert Levandovski, Edin Jeko va boshqa forvardlar gollariga bog‘liq qiziqarli faktlar ko‘zga tashlandi.

37ta gol - «Oltin butsa» sovrindori Lionel Messiga tegishli ko‘rsatkich. Ispaniya chempionatida urilgan  shuncha gol argentinalikka yozgi to‘y marosimlari oldidan shaxsiy kolleksiyasini boyitish imkonini berdi. Aytish o‘rinli, bu safar laureatni aniqlashda koeffisiyentlar qoidasiga amal qilinmaganida ham, «kichik» chempionatlar vakillari Leoga xalaqit berolmasdilar. Zero, Yevropadagi milliy ligalarda biror to‘purarga 37tadan ko‘proq gol urish nasib etgani yo‘q. Xullas, Messi amaldagi qoidaga ko‘ra, 74 ball to‘pladi (Ispaniya chempionatidagi 1ta golga 2 ball beriladi).

35ta gol - Fransiya chempionatining eng yaxshi snayperi natijasi. Biroq Messidan 2tagina kam gol urgan «PSJ» hujumchisi Edinson Kavani umumiy reytingda atigi 9-o‘rinni egalladi. Uning ortida esa gollari soni 9ta kam bo‘lgan Krishtianu Ronaldu bor. Xo‘sh, mantiq qani, mohiyat nima? Lekin fakt shuki, urugvaylik futbolchida oxirgi mavsum bo‘yicha yevrofutbolning bosh markaziy hujumchilaridan biri ekanligi bilan maqtanish uchun asos bor. Axir u gol urish masalasi Zlatan Ibragimovich o‘rnini bosdi, biroq sovrinlar taqsimotiga ta’sir o‘tkazolmadi. Ya’ni Kavani 35ta goldan iborat xirmon yasaganiga qaramay, parijliklar ichki arenada «Monako»dan ortda qolishdi.

35 nafar - milliy ligalarda 20tadan ko‘p gol urgan futbolchilar soni. Top-ro‘yxatda mashhur va tanilgan futbolchilar ko‘p. Shuning barobarida yangi nomlar ham bor. Misol uchun, «Anderlext»da samarali to‘p surgan polyak Lukash Teodorchikni alohida e’tirof etish mumkin, yana ingliz faxriysi Mett Derbishir Kiprda «Omoniya» (Nikosiya) klubi uchun 20ta gol urdi. Elit ro‘yxatdan o‘rin olgan eng yosh goleador esa nemis yigiti - Timo Verner. 21 yoshli hujumchi «Leypsig RB»ning bundesligadagi tetik debyutiga 21ta gol bilan munosib hissa qo‘shdi. 20ta gol marrasini zabt etgan 35 nafar futbolchi orasida eng yoshi kattasi - bu Vagner Lav. Rossiyada yayrab-yashnab to‘p surgan va keyin Xitoy safarida ham bo‘lib qaytgan braziliyalik 32 yoshli hujumchi Turkiya super-ligasida kamtarin «Alaniya-spor» goleadoriga aylanib, Yevgeniy Ginerga salom yo‘lladi. Shuningdek, ro‘yxatda Rossiyaning o‘zidan ham vakil borligi e’tiborga molik - Evgeniy Kabayev o‘tgan yili yakunlangan Estoniya chempionatida «Kalev» sharafini 25ta gol urish asnosida munosib himoya qildi va Romelu Lukaku yonidan joy oldi. Aytgancha, Yevgeniy ayni payt Chexiyada to‘p surmoqda, ammo avvalgi samaradorlikni qayd etolmayapti.

34ta gol - 5ta kuchli liga (Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya chempionatlari)dan tashqarida qayd etilgan eng yuqori natija. Portugaliya primerosida «Sporting» sharafini himoya qilgan Bas Dost dahshatli samaradorlik qayd etib, chempionat davomida raqiblar darvozasini naq 34 bora nishonga oldi. «Xerenven»da o‘zini ko‘rsatgan hujumchining Germaniya bundesligasida «Volfsburg» uchun 4tadan 16tagacha gol urganiga ancha bo‘lgandi. Xullas, uning Portugaliya ligasida bir urinishda mega-goleadorlarga xos natija qayd qilgani tahsinga sazovor.

31ta gol - Pyer-Emerik Obameyang natijasi. Gabonlik hujumchi tan olingan to‘purar Robert Levandov-skini 1ta golga ortda qoldirib, o‘z faoliyati davomida ilk marta Germaniya bundesligasi bosh snayperi maqomini oldi. U to‘purarlar poygasida shunchaki, birinchi bo‘lgani yo‘q, balki bu ishni oxirgi 40 yilda 30tadan ortiq gol urgan holda uddalagan ilk futbolchiga aylandi. Obameyangdan oldin bunday yuqori mahsuldorlik «Kyoln»da o‘ynagan Diter Myuller tomonidan ko‘rsatilgan edi.

29ta aniq zarba - APL bosh to‘p-urari natijasi. Garri Keyn ajo-yib samaradorlik o‘laroq, nafaqat prem­er-liga bosh merganiga atalgan sovringa ega chiqdi, balki mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da’vogarlar orasida favoritga aylandi. Har holda, muxlislar «Tottenxem» yetakchisini bosh qahramon sifatida e’tirof etishga ulgurishdi. Bir qarashda, fanatlar Keynning seriyali muvaffaqiyatini baholashda biroz ehtirosga berilgandek. Axir angliyalik futbolchi 29ta golidan 7tasini oxirgi 2ta o‘yinda nishonladi, boz ustiga, u mamlakat chempioni ham emas. Ammo unutmaslik kerak, 23 yoshli hujumchi ketma-ket uch mavsumdan buyon 20ta gol chegarasidan oshib o‘tyapti. Bu borada o‘sish dinamikasi ham chakki emas: 21ta - 25ta - 29ta. Xo‘sh, keyingi mavsum nima bo‘ladi?

29ta gol - «A» seriyasining eng yuqori natijasi. Muallif - Edin Jeko. Bosniyalik goleador Franchesko  Tottining yaxshi kayfiyatda ketishi va «Roma»ni CHL yo‘llanmasini kafolatlashiga katta ulush qo‘shdi. Aytgancha, Ispaniya primerosi ikkinchi goleadori - Luis Suares ham aynan 29ta gol marrasida to‘xtadi. Urugvaylik hujumchi ba’zi vaziyatlarda hattoki, Leo Messidan to‘pni shunchaki, qizg‘andi, garchi argentinalikning loaqal birorta individual sovrin yutish xohishini yaqqol sezib turgan bo‘lsada.

25ta gol - Krishtianu Ronaldu uchun La-ligadagi eng past natija. Ha, portugaliyalik yulduz Madriddagi 8 yil ichida har safar bundan ko‘proq gol urgandi. Hattoki, birinchi mavsumda jarohatlar bilan kurashishiga to‘g‘ri kelganida ham, chempionat bahslarida «Real» uchun 26ta gol hosil qilgandi. Nima, u o‘yin uslubini o‘zgartirdimi? Ehtimol, biroq shuning barobarida hujum markaziga nisbatan yaqinlashdi - paradoks. Lionel Messi aksincha, bu nuqtadan nisbatan uzoqlashgandi - yana paradoks. Demakki, Leo sof hujumchi Luis Suaresdan ko‘proq gol urish va «Oltin butsa» olish uchun ortga chekingan ekan-da...

18ta gol - Rossiya premyer-ligasining eng yaxshi goleadori - Fyodor Smolovga tegishli ko‘rsatkich. Tabiiyki, bu bilan ortiqcha maqtanish noo‘rin. Misol uchun, «Yang Boyz» «qariya»si Giyom Oaro ham shuncha gol urishni uddaladi. 21 yoshli Dele Alli esa Angliya premyer-ligasida aynan 18ta gol to‘pladi. To‘g‘ri, unda o‘yinlar soni nisbatan ko‘p, qolaversa, «Tottenxem»da «Krasnodar»ga qaraganda, hujumkorroq futbol yo‘lga qo‘yilgan. Xullas, Rossiya elit ligasi bosh snayperi Yevropa birinchiliklari goleadorlari ro‘yxatida 16-o‘rinni egalladi. Aytgancha, Smolovdan orqada Zlatan Ibragimovich, Samuel Eto~O, Mario Gomes va Aris Aduris kabi aslar bor. Ha, nisbatan yosh Fyodor tetik «qariyalar» davrasida. Xullas, xulosa shuki, uning natijasi Rossiya chempionati o‘lchamlari bo‘yicha ham, yevrofutbolnikiga ko‘ra ham, chakki emas. Ammo samaradorlikni yanada oshirish imkonini topsa bo‘ladi.

16ta gol - Yevropa futbolidagi eng samarador «talaba» natijasi. «Ayaks» tarbiyalanuvchisi Kasper Dolberg 19 yoshida Gollandiya eredivizionida yaxshigina taassurot qoldirdi. Axir 16ta gol muallifiga aylangan yigitcha e’tibordan chetda qolishi mumkinmi-di? Shuningdek, Fransiya elit divizionida 15ta gol urgan Kilian Mbappening natijasi ham diqqatga sazovor. Xullas, daniyalik yigit 20 yoshdan kichik futbolchilar orasida bosh to‘purar bo‘ldi, fransiyalik Mbappe esa kelajak uchun zo‘r zamin hozirladi. Ayni payt uning kelajakda futbol tarixidagi eng qimmatbaho o‘yinchiga aylanishini baralla taxmin qilishmoqda.

13ta gol - Artyom Dzyuba natijasi. Hujumchiga baho berish yoki uning ustidan kulishga shoshilmagan ma’qul. Ya’ni avvalo, shunga o‘xshash natijalarga e’tibor qaratish zarur. Mana, chempion jamoa - «Benfika» forvardi Jonas aynan 13ta gol urdi, yana Felippe Koutinyo va Sadyo Mane («Liverpul»), Jeymi Vardi («Lester») kabilar  ham. Endi o‘ylang, ular nimadan qiynalishgan? Qarang, hattoki, Neymar ham La-ligada 13ta gol urish bilan cheklandi. Nima, «Barselona» vingeri uchun raqib darvozasini nishonga olish «Zenit» markaziy hujumchisining aniq zarba berishiga nisbatan mushkulroqmi? Ehtimol, rossiyalik futbolchilar hamma aytayotganidek, o‘ta noshud emasdirlar. Balki hamma gap ularni terma jamoa safida va yevrokuboklarda sifatli o‘ynashga unday olmayotgan mutaxassislardadir...? Ha, Smolov va Dzyubaning no‘noq emasliklari aniq.

11ta gol - Karim Benzemaning La-ligadagi natijasi. Xavbek sanalgan Raja Nainggolan ham shunday ko‘rsatkichga erishdi. Demakki, Krishtianu Ronalduning yangi pozisiyaga moslashuv jarayoni, Alvaro Moratani o‘ynatish majburiyati fransiyalik hujumchiga salbiy ta’sir o‘tkazdi, chog‘i. «Barsa»da Neymar assistentlik roliga ixtisoslashayotgan vaqt «Madrid»da Benzemaning noxushlik sezgani ham rost. Chunonchi, «Real»ning Karim o‘rniga Kilian Mbappeni sotib olishi haqida gap-so‘zlar «qaynadi» - 130 million yevroga!

5,7ta zarba - 1ta o‘yinga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha eng yuqori ko‘rsatkich. Zarba yo‘llash bobida Yevropa bo‘yicha eng yaxshi natija Krishtianu Ronalduga tegishli, albatta. Yo‘q, bundan kelib chiqib, portugaliyalik futbolchini xudbinlikda ayblamaslik kerak. Misol uchun, Lionel Messining natijasi ham deyarli shunday, Edin Jeko esa bitta o‘yinda o‘rtacha hisobda raqiblar darvozasi tomon 5,2 marta zarba yo‘llagan. Bas Dostga tegishli ko‘rsatkich esa hammani birdek hayratlantiradi: 1ta o‘yinda o‘rtacha atigi 2,8ta zarba mahsuli - 34ta gol. Endi ayting, kim effektliroq - Ronaldu va Messimi yoki Dost?

5 nafar hujumchi - milliy ligalarda 30tadan ko‘p gol urgan goleadorlar soni. Gap Lionel Messi, Edinson Kavani, Bas Dost, Pyer-Emerik Obameyang va Robert Levandovski haqida ketmoqda. Luis Suares, Garri Keyn va Edin Jekoga ushbu tor doirani kengaytirish uchun atigi 1tadan aniq zarba yetishmadi.

4  nafar futbolchi - 10tadan ko‘p gol urgan 20 yoshga to‘lmagan o‘yinchilar soni. Demak, Kasper Dolberg va Kilian Mbappedan tashqari, Belgiya ligasidagi 19 yoshli ikki yigitcha - Landri Dimata («Ostende») va Anri Onyekuru («Eupen») 12 martadan gol quvonchini tuyishdi. Tabiiyki, har ikkisi e’tibor markaziga tushdi, qiziqarli takliflar olyapti. Deylik, Onyekuru «Arsenal» kuzatuvida turibdi. Uning o‘zi Arsen Venger qo‘l ostida o‘ynamoqchi. Har holda, yosh futbolchi hozircha boshqa klublar taklifiga qiyo ham boqmayapti, ammo uzoq kutishga sabri chidamasa kerak. Shunday ekan, «kanorirlar» tezroq bir to‘xtamga kelib, aniq harakatlanishlari zarur.

3 nafar futbolchi - «Oltin butsa»-2016|2017 reytingi yuqori qismida joy olgan qanot hujumchilari soni. Doimiy yetakchilar - Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu qatoriga  mehmon-vinger - Dris Mertens qo‘shildi. «Napoli»ning belgiyalik mitti vakili natijasi shu bilan hayratlanarliki, u bungacha faqat Gollandiyada bir marta sermahsul mavsum o‘tkazgandi - 21ta gol. Qarangki, Mertens Nea-polda avvaliga o‘sha effektni ko‘rsatolmagan bo‘lsada, yakunlangan mavsum birdaniga shaxsiy rekordini yangilab qo‘ya qoldi - 28ta gol.

Har 90 daqiqada 1,2ta gol - Yevropa milliy chempionatlarida gol urish bo‘yicha eng yuqori sur’at. Lionel Messi 37ta gol urish uchun maydonda jami 2833 daqiqa harakatlandi. Bu uning har 90 daqiqada 1,2tadan gol urganini anglatadi. Boshqacha aytganda, Leo bitta gol uchun 76,56 daqiqa sarflagan. Ke-yingi yaxshi natija Edinson Kavani va Bas Dostga tegishli - 90 daqiqada 1,1 gol. Aleksandr Lakazett, Garri Keyn, Alvaro Morata, Pyer-Emerik Obameyang, Radamel Falkao, Dris Mertens, Robert Levandovski va yosh Gabriel Jezus - bular elit klublar safidagi 1ta to‘liq o‘yin vaqti uchun o‘rtacha hisobda 1ta gol to‘g‘rilagan futbolchilar.

0 - Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi hisobidagi «Oltin butsa»lar soni farqi. Ha, argentinalik yangi reytingda asosiy raqibini ancha ortda qoldirdi va «Oltin butsa»lar soni bo‘yicha unga yetib oldi. Endi hamma gap Krishtianuda qoldi: portugal yulduzi 2017 yil yakunlariga ko‘ra, «Oltin to‘p»ni yutsa, bu boradagi hisob ham tenglashadi - 5:5. E’tibor qarating, portugaliyalik va argentinalik futbolchi oxirgi 10ta mavsumda 8 bora (4 martadan) yevromavsumning bosh goleadori bo‘lishdi. Ular o‘rtasidagi raqobatga faqat urugvaylik Diyego Forlan va Luis Suares (ikki marta)gina qo‘shila olishgan. Lionel va Krishtianu raqiblar darvozasini tinmay ishg‘ol qilishlariga qaramay, ularning biror mavsum yakuni bo‘yicha teng miqdorda gol urmaganliklari qiziqarli faktdir. Umuman, Ronaldu ham, Messi ham asta-sekin faxriylik yoshiga yaqinlashmoqda, shunday bo‘lsada, bemalol taxmin qilish mumkin - har ikkkisi yana bir necha mavsum eng sara snayperlar qatoridan joy oladi.

«Oltin butsa»-2016/2017 reytingi

T|r.

Futbolchi

Klubi

Gol

Koef.

Ball

 1.

 Lionel Messi

 «Barselona»

37

2

74

 2.

 Bas Dost

 «Sporting»

34

2

68

 3.

 Pyer-Emerik Obameyang

 «Borussiya» D.

31

2

62

 4.

 Robert Levandovski

 «Bavariya»

30

2

60

 5-7.

 Garri Keyn

 «Tottenxem»

29

2

58

 5-7.

 Luis Suares

 «Barselona»

29

2

58

 5-7.

 Edin Jeko

 «Roma»

29

2

58

 8.

 Dris Mertens

 «Napoli»                    

28

2

56

 9.

 Edinson Kavani

 «PSJ»

35

1,5

52,5

 10-13.

 Andrea Belotti

 «Torino»

25

2

50

 10-13.

 Antoni Modest

 «Kyoln»

25

2

50

 10-13.

 Romelu Lukaku

 «Everton»

25

2

50

 10-13.

 Krishtianu Ronaldu

 «Real»

25

2

50

 14-16.

 Mauro Ikardi

 «Inter»

24

2

48

 14-16.

 Gonsalo Iguain

 «Yuventus»

24

2

48

 14-16.

 Aleksis Sanches

 «Arsenal»

24

2

48

 

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:30, 10.06.2017.
O'qildi: 6552 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.