O‘zbekistonlik jangchi Anvar Boynazarov Xitoy mezbonlik qilayotgan EM-Legend turnirida yarim final chiptasini qo‘lga kiritdi. Bunga qadar u ikki raqibini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgandi.
Anvar Boynazarovning chorak finaldagi raqibi tailandlik Manas bo‘ldi. Har biri uch daqiqadan iborat bo‘lgan va uch raund davom etgan jangda o‘zbekistonlik sportchi ochkolar bo‘yicha g‘olib chiqdi.
Yarimfinal jangini Boynazarov 9 iyul kuni o‘tkazadi. Turnirda bor-yo‘g‘i to‘rt nafar jangchi qolgani inobatga olinsa, navbatdagi g‘alaba unga final chiptasini taqdim etadi.
K-1 tik turib jang qiluvchi sportchilarning eng yaxshilarini o‘zida jamlagan jang turi hisoblanadi. Bunda boks, kikboks, muaytay, karate kabi sport turlarida o‘zini ko‘rsata olgan jangchilar K-1 yo‘nalishida ishtirok etishi mumkin.
Anvar Boynazarov so‘nggi besh yil davomida 100 dan ortiq jangda ishtirok etib, bu borada rekord qo‘ygan sportchi hisoblanadi. Uning hisobida hozircha 90 ta g‘alaba va 22 ta mag‘lubiyat bor. 51 jangda Boynazarov raqiblarini muddatidan oldin taslim qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Boynazarov Xitoyning 3 ta telekanali translyasiya qiladigan EM-Legend musobaqasining 2016 yilgi mavsumida finalga qadar yetib borgan bo‘lib, viza bilan bog‘liq muammo sabab hal qiluvchi jangga tashrif buyura olmagandi. Qiziq tomoni, o‘shanda Boynazarov aynan tailandlik Manasga qarshi jang qilishi kerak edi. 2017 yil esa Anvar musobaqaning amaldagi g‘olibini chorak finalda yengishga muvaffaq bo‘ldi.