Xitoylik ishbilarmonlarning qo‘li ostiga o‘tgan “Milan” jamoasi tez orada o‘zining boy o‘tmishini yana takrorlay boshlashi mumkin. Transferlar bozorida ancha faollik ko‘rsatayotgan milanliklar kelasi mavsumda qanday ko‘rinish hosil qiladi? France Football nashri bu haqda to‘xtalib o‘tdi.
Yozgi transferlar bozori ochilishi va bosh murabbiy Vinchentso Montellaning shartnomasini uzaytirishi ortidan, jamoa rahbariyati qisqa fursat ichida umumiy qiymati 100 million yevro bo‘lgan to‘rt transferni amalga oshirdi. Mateo Musakkyo (“Vilyarreal”), Frank Kessie (“Atalanta”), Rikardo Rodriges (« Volfsburg ») va Andre Silva (“Portu”) faqatgina yagona maqsad – klubning boy berilgan sharafini qayta tiklash uchun olib kelindi. Adriano Gallianining o‘rniga kelgan Marko Fassone jamoa imkon qadar tezroq Chempionlar Ligasini yutishni maqsad qilganini aytib o‘tdi.
Barcha chiziqlarda yangilanish
Buni amalga oshirish uchu 13 apreldan buyon klub rahbariyatiga kelgan xitoylik ishbilarmonlar mablag‘ni tejashni o‘ylamayapti. Klubning yangi sport ishlari bo‘yicha direktori Massimiliano Mirabelli ana shu maqsadlarni amalga oshirishi uchun azaliy raqib “Inter”dan olib kelindi. Yakuniga yetgan mavsumda 6-o‘rinni band etgan “Milan” jamoasini katta o‘zgarishlar kutmoqda. Himoya chizig‘iga katta tajribaga ega Musakkyo sotib olindi. Argentinalik himoyachiga sherik sifatida 22 yoshli Romanyoli qaralmoqda. “Volfsburg”dan sotib olingan Rodriges esa chap qanot yarim himoyasiga mustahkamlik olib kirishi umid qilinmoqda. O‘yinida pasayish kuzatilgan De Shilyo esa jamoani tark etishi kutilmoqda. Yarimhimoya markaziga 20 yoshli Kessie yangi kuch bag‘ishlashi kerak bo‘ladi. Unga Bonaventura va Lokatelli yordam beradi. Hujum chizig‘iga esa “rossoneri”lar 38 million yevro evaziga “Portu”ning iqtidorli a’zosi Andre Silvani olib keldi. Bir qator grand jamoalar e’tiborida bo‘lgan 21 yoshli hujumchi Karlos Bakkaga raqobatchilik qiladi.
Tuzatilishi kerak bo‘lgan chiziqlar
Jamoada o‘z yechimini kutayotgan yana bir qator masalalar bor. Dastlabkisi 18 yoshli darvozabon Donnarummaning jamoadagi kelajagiga oydinlik kiritib olish. Kelasi mavsumda yakuniga yetadigan amaldagi shartnomasini uzaytirishni istamayotgan Donnarumma shu mavsumdayoq jamoani tark etishni niyat qilgan. Sky Sport Italia nashriga ko‘ra jamoa iqtidorli darvozabonidan ayriladigan bo‘lsa «Jenoa” posboni Mattiya Perinni olib kelishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, « Yuventus » posboni Neto, Pepe Reyna (« Napoli ») yoki ShchYEnsni (“Arsenal”) nomzodlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, yarimhimoyani yanada kuchaytirish maqsadida “Lasio”dan Lukas Bigliya kelib qo‘shilish ehtimoli yuqori. Uning transfer qiymati 20 million yevroni tashkil etadi.
Shu bilan bir qatorda chap qanot hujumchisi masalasiga ham oydinlik kiritilishi kerak. O‘tgan mavsumda bu nuqtada Nyang, Okampos va Deulofeu harakat qilishgan edi. Nyang « Uotford »ga mavsumning ikkinchi qismida ijaraga berilgan bo‘lsa, Okampos va Deulofeu « Marsel » va «Everton»dan ijaraga olingan edi. Klub Deulofeuni o‘zida saqlab qololmasa, uning o‘rniga Keyta Balde («Lasio») yoki Emil Forsberg («Leypsig»)lar olib kelinishi ham mumkin. Ikki yosh iqtidor egalari o‘tgan mavsumda ajoyib harakat qilishdi va «Milan»ning yangi loyihasi uchun albatta mos keladi.