Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton 2-0 Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul 3-1 Lester
28/12 00:30 Brayton - Brentford
28/12 01:15 Arsenal - Ipsvich
28/12 19:00 Empoli - Jenoa
28/12 19:00 Parma - Monsa
28/12 22:00 Kalyari - Inter

Obid Jo‘raboyev: "Sho‘rtan" oxirgi marta yanvar oyida maosh berdi"

Obid Jo‘raboyev: "Sho‘rtan" oxirgi marta yanvar oyida maosh berdi"

Baho:
+ | -

G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi birinchi davra o‘yinlarini notekis o‘tkazyapti. E’tiborlisi, jamoa o‘z maydonida «Bunyodkor», «Paxtakor» va «Lokomotiv»ni mag‘lubiyatga uchratdi. Bu raqiblar hattoki, mezbonlar darvozasi tomon yo‘l topa olishmadi.

«Sho‘rtan» shuning barobarida o‘rtamiyona klublarga qarshi kechgan o‘yinlarda qimmatli ochkolarni yo‘qotdi. Xullas, biz jamoaning yetakchi vakillaridan biri Obid Jo‘raboyevdan ayni mavzu yuzasidan intervyu oldik.

- Obid, FIFA kunlari munosabati bilan yuzaga kelgan tanaffus qanday o‘tyapti?

- Murabbiylar avvaliga qisqa ta’til e’lon qilishdi va 4 iyundan yana mashg‘ulotlarga qaytdik. Hozir kuniga ikki mahal shug‘ullanyapmiz. Ushbu tayyorgarlik jarayoni birinchi navbatda, «Nasaf»ga qarshi kechadigan navbatdagi o‘yinga qaratilgan.

- Lekin jamoa nazorat uchrashuvlariga ehtiyoj sezmayapti, shekilli.

- Ha, hozircha o‘zimiz ikki tarkibga bo‘lingan holda o‘ynadik, xolos. Muhimi, avvalgi uchrashuvlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Albatta, tegishli xulosalar chiqardik. Endi qolgan o‘yinlarda xato-kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Ko‘z tegmasin, bizda yaxshigina tarkib shakllangan. O‘ylaymanki, keyingi natijamiz shunga yarasha, yaxshiroq bo‘ladi.

- Beqaror o‘yinlar xususida shaxsiy fikringiz qanday? Muammoning ildizi nima...?

- Ochig‘ini aytish kerak, yetarlidan ko‘p xato qildik. Shuningdek, grand klublarni yengganimizdan so‘ng rahbariyat futbolchilar va murabbiylarni rag‘batlantirmadi. Demoqchimanki, qo‘llab-quvvatlash kuzatilmadi va buning ta’siri ham bor, menimcha.

- Ha, «Lokomotiv», «Paxtakor» va «Bunyodkor»ni mag‘lub etgan holda, o‘rtamiyona raqiblarga ochko ulashdinglar. Bunda ruhiy tayyorgarlikka bog‘liq holat ulushi kattami yoki  siz aytgan sababniki?

- Albatta, ruhiy tayyorgarlik ham pand bergani aniq. Keyin o‘zimizdan xatolar o‘tdi. Deylik, xavfli vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Xullas, omadsizlikda sabablar ko‘p.

- Balki murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar ham salbiy ta’sir qilgandir...

- Yo‘q, menimcha, bu holat murabbiylar bilan bog‘liq emas. Jamoaga har qanday kuchli murabbiy kelgan taqdirda ham, muammolar bartaraf etilmasa, natija chiqishi dargumon.

- Xo‘sh, aynan qanday muammolar bor va ular hal etilyaptimi?

- Keling, shu savol javobini ke­yingi suhbatimizga qoldiraylik...

- Unda savolni biroz boshqacha qo‘yamiz: maoshlarni vaqtida olyapsizlarmi?

- Ochig‘i, oxirgi marta yanvar oyi uchun maosh olganmiz. Shundan buyon qo‘limiz pul ko‘rmadi. Tabiiyki, mukofot pullari ham bir chetda turibdi.

- Oldinda «Nasaf»ga qarshi kechadigan muhim uchrashuv turibdi. Kuchli klublarni yengish an’anasini davom ettirishinglarga ishonsak bo‘ladimi?

- Qanday muammolar borligidan qat’iy nazar, «Nasaf»ni mag‘lub etishga urinib ko‘ramiz. Bu futbolchilar faoliyati uchun muhim. Tayyorgarlik shunga monand tarzda olib boril­yapti. Qarshiliklardan o‘z kuchimizga ishonch hissi evaziga 3 ochko tortib olishimiz mumkin.

- Obid, vaqtida «Bunyodkor»da o‘ynagansiz, ammo «qaldirg‘ochlar» safida uzoq vaqt qololmadingiz.

- Buning sababi oddiy - jamoa o‘yi­niga moslasholdim. Lekin jamoadan o‘z xohishimga ko‘ra, ketdim. Aslida jamoa tarkibida qolishim ham mumkin edi, ammo ikkinchi davrada ham o‘yin amaliyotisiz o‘tirishni istamadim.

- Joriy mavsum qayd etilayotgan kutilmagan natijalarni qanday izohlaysiz? Bu chempionat saviyasi oshganidan dalolatmi yoki hammasi vaqtinchalik tasodif?

- Menimcha, bu yil raqobat darajasi ancha oshdi. Harqalay, qayd etilayotgan natijalar tasodif mahsuli emas. Axir tasodif 1-2, boringgi, 3ta o‘yinda kuzatilar, ammo deyarli bir davra davom etmaydi.

- Qiziq, «Qo‘qon-1912», «Navbahor» va «Buxoro» kabi jamoalarning oxiriga qadar sovrinli o‘rinlarga da’vo qilishiga nechog‘li ishonasiz?

- Sport olami kutilmagan natijalarga to‘la. Oliy ligamiz ham bundan mustasno emas. Demak, viloyat klublaridan birining yakunda sov­rin yutishini kutish mumkin. 

- O‘zi «Sho‘rtan» oldiga ham qandaydir vazifa qo‘yilganmi?

- Ha, albatta - mavsumni yuqori sakkiztalikda yakunlashimiz kerak.

- Futbolchi borki, u muayyan oliy orzu sari intiladi. Obid Jo‘raboyevniki nima?

- Shukrki, orzularim ro‘yobini ko‘ryapman. Eng kattasi esa hali oldinda - milliy jamoamiz libosida maydonga tushish.

- Sizningcha, terma jamoamiz bu safar jahon chempionatiga chiqa oladimi? Imkoniyatlarni qanday baholaysiz?

- Nasib qilsa, mundialga chiqamiz. Chunonchi, jamoamizda kuchli va iste’dodli futbolchilar yetarli.

- Faoliyatingiz davomida biror qaroringizdan qattiq afsuslanganmisiz?

- Ha, shunaqasi ham bor. Lekin hammasi ortda qoldi, endi faqat oldinga intilish kerak.

- Afsuslanarli holat biror klub safiga o‘tmaganingiz bilan bog‘liqmi yoki...?

- Balki shundaydir. Ammo tarixni ortga qaytarish - ilojsiz.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:51, 22.06.2017.
O'qildi: 3905 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.