Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«MYU» katta mablag‘ sarflamoqchi bo‘layotgan Perishich kim o‘zi?

«MYU» katta mablag‘ sarflamoqchi bo‘layotgan Perishich kim o‘zi?

Baho:
+ | -

Yevropa Ligasidagi muvaffaqiyatdan so‘ng YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan «Manchester Yunayted» tarkibni kuchaytirishga jiddiy bel bog‘lagan. O‘z safiga kuchli futbolchilarni jalb etish taraddudini allaqachon boshlab yuborgan «qizil iblislar» «Inter» o‘yinchisi Ivan Perishichga 50 million yevro to‘lashga tayyor. Aslida, xorvatiyalik yarimhimoyachi shunga munosibmi? Mutaxassislar ushbu savolga ijobiy javob qaytarib, Perishichning «MYU» uchun Antuan Grizmanndan ham foydaliroq bo‘lishini ta’kidlashmoqda.

Kim o‘zi u?

Odatda, futbolchining otasi shaxsiy qarashlarini deb farzandining faoliyatiga putur yetkazadi. Ante Perishich oilani boqish lozimligini aytib, o‘g‘lining karyerasini 180 gradusga o‘zgartirib yubordi. «Ivan parrandachilik fermamni qutqarish maqsadida Fransiyaga yo‘l oldi», deydi u. Kichik Perishichning bolaligida farang o‘lkasida o‘tdi: tovuqxonada otasiga ko‘maklashdi, jo‘jalarni parvarishladi. Hattoki, «Koka» (xorvatchasiga «tovuq») degan laqab oldi.

Ivan 1998 yilgi JCH qahramonlaridan biri Alyosha Asanovichga havas qilishi bois, o‘zini Asa deb chaqirishlarini xohlardi. Aynan shu futbolchi kabi «Xayduk» safida o‘ynashni orzu qilardi. 17 yoshida Niko Kranchar Xorvatiyadan ketdi, «Xayduk» murabbiyi Zoran Vulich o‘yinchini yig‘inga taklif qildi. Perishich bu muhitdan rohatlandi, maydonda to‘p yig‘ishtirish orqali jamoaga sodiqligini isbotlamoqchi bo‘ldi... So‘ngra «Sosho»dan tushgan taklif, Fransiyadan xususiy samolyotdagi parvoz, ajoyib shartnoma, onasi va singlisi uchun kvartira, ko‘plab va’dalar... Ayniqsa, klub murabbiyi Alen Perren bu borada faollik ko‘rsatdi.

Ammo Ivanning ishi yurishavermadi, u «Sosho»ning ikkinchi jamoasida yuqoriga ko‘tarilmadi, sobiq va amaldagi klubida qiyinchiliklarga duch keldi, keyinchalik o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish maqsadida bosh­qa maskanlarga ko‘z tikdi. Belgiya chempionatida «jon» saqlashga urinayotgan «Ruselar» shular jumlasidan. Perishich u yerda jamoaga yordam berdi, «Bryugge» darvozasini ikki marta ishg‘ol qildi, so‘ngra ushbu klubdan taklif tushdi - uning o‘yini hammaga ma’qul keldi. Bir safar «Partizan»ga qarshi kechgan bahsda Ivan penaltini «Panenka» uslubida amalga oshirishga urindi. «Nuqta»dan zarba yo‘llash huquqini sardordan so‘rab olgach, ikki marta izza bo‘ldi - dastlab raqib jamoa darvozaboni uning ayyorona harakatini payqab qoldi, murabbiy Adri Koster esa Perishichni haqoratlarga ko‘mdi. Mazkur holat xorvatga shu qadar kuchli ta’sir etdiki, ikkita gol urib, so‘ngra mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaslikka qaror qildi.

Keyinchalik vaziyat o‘nglanib ketdi. Perishich Dortmundning «Borussiya»si safida bundesligada zafar quchdi, Kevin de Bryuyne bilan bir jamoada to‘p surdi, beqarorlikni boshdan kechirayotgan «Inter»ning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi. O‘tgan yilning yozida nafaqat parrandachilik fermasi, balki butun Xorvatiyani qutqardi - Yevro2016da «shaxmatlilar»­ning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi, turnir davomida soch turmagiga o‘z mamlakati xaritasini muhrladi, Portugaliya termasiga qarshi bahsida esa uning boshida qizil-oq katakchalarni ko‘rdik. Bu yozda Perishich yana yangi sarguzashtlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda - unga hozirdanoq transferlar oynasining asosiy figurasi sifatida qaralmoqda.

Ivan Perishichning yuksalish davrida bir narsa o‘zgarishsiz qolgani ajablanarli - Ante Perishichning parrandachilik biznesi hamon qarzdorlik girdobida.

U qanday o‘ynaydi?

Perishichning transferi mablag‘ va xorvatning o‘sish ehtimoli nuqtai nazaridan bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkin, ammo Ivan Joze Mourinyo uslubiga to‘liq mos tushadi. Mehnatkash, texnikasi yuqori, harakatlari samarali, mas’uliyatni zimmasiga olishdan qochmaydi.

Perishich - sifatli insayd sifatida markazga ko‘chishni ham uddalaydi, bo‘sh hududlarni topa biladi, tezligi yomon emas, har qanday himoya­chini ortda qoldirishi mumkin.

Xullas, Ivanda «MYU»dagi eng yaxshi o‘yinchilardan biriga aylanish uchun zarur bo‘ladigan sifatlar yetarlicha. Tezlik bobida Xuan Matadan, himoyaviy harakatlar bo‘yicha esa Antoni Martialdan ustun. «Volfsburg» va «Inter»ning mudofaa chizig‘idagi zaifliklar, chap qanot himoyachining tez-tez o‘zgarishi Perishichning yanada chiniqishiga zamin hozirladi: yakuniga yetgan mavsumda xorvat bir o‘yinda o‘rtacha 1,6ta holatda raqibidan to‘pni olib qo‘ygan bo‘lsa, 1,1ta vaziyatda to‘pni egallab olgan. Pressing ishlatish paytida juda faol.

Mabodo Perishichning tezligi APL himoyachilarini ortda qoldirish uchun kamlik qilsa, xorvat bosh­qa tomonlama - sof hujumchi sifatida foyda keltirishi mumkin. «Inter» murabbiylar shtabi mavsum davomida uni shu chiziqda to‘rt marta sinovdan o‘tkazdi, Stefano Pioli davrida havodan keladigan to‘plarni egallaydigan futbolchi sifatida ko‘rinish berdi. Perishich baquvvat, har qaysi himoyachini yakkakurashda yengishga qodir, ochiq hududlarni topa biladi, ikkinchi forvard chizig‘ida samarali o‘ynaydi.

Umuman, Antuan Grizmanning transferidan farqli ravishda Perishichning xaridi «Manchester Yunayted» uchun mantiqan to‘g‘riroq qarorga aylanadi. Fransiyalik hujumchining moslashish jarayonida taktik sxemani 4-3-3ga o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi, aks holda, Grizmann o‘zi uchun noqulay chiziqda o‘ynashga mahkum bo‘ladi. Perishich uchun esa «MYU»dagi uslub to‘liq mos tushadi. Mazkur transfer hamma uchun foydali - hattoki, kimnidir sotish orqali moliyaviy «feyr-pley»dan qutulishni ko‘zlayotgan «Inter»ga ham.

Kimdan namuna oladi?

Perishich «Volfsburg»ga ketayotganda qaysar futbolchiga aylanib ulgurgandi. «Zaxira o‘rindig‘ida o‘tirganimda, o‘zimni yomon his qilaman», - degandi xorvat Dortmundning «Borussiya»sida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotganidan nolib: «sariq-qoralar» Marko Roysni sotib olishdi, bu futbolchi sog‘lomligida u bilan raqobatlashish qiyin. Boz ustiga, Yurgen Klopp Perishichni o‘zini yosh bolalardek tutganlikda ayblab, uni «Volfsburg»ga berdi. Bu yerda esa Ivisa Olich hamyurtini o‘z qaramog‘iga oldi. Ivan mahoratli hujumchidan nafaqat astoydil mehnat qilishni, balki mentalitetga ko‘nikishni ham o‘rgandi.

«Olichning o‘ynashini ko‘rib, hali ko‘p ishlashim kerakligini tushundim. Professionallikka erishib, uning yonida bo‘lish uchun ayrim odatlarimdan voz kechishim lozimligini angladim. Ivisadan har taraflama namuna oldim, u to‘g‘ri yo‘lni tanlashimda ko‘maklashdi», - deydi Perishich. O‘sha paytdagi «Volfsburg»da hamma Kevin de Bryuynening iqtidori yoki Bas Dostning har bir uzatmani aqlli tarzda qabul qilish xususiyati haqida gapirardi. Ammo Dostni qanotdan ajoyib uzatmalar bilan ta’minlagan futbolchi yoddan chiqdi.

Tavakkalchilik nimada?

Ivan Perishichning o‘yinchilik salohiyatini vaqtincha unutilsa, mazkur transfer payti kishini o‘ylantiradigan ikkita jihat borligin ta’kidlash darkor. Birinchidan, albatta, pullar: dastlab «Inter» xorvat uchun 60 million yevro so‘ragandi, endi esa klublar 50-52 millionga kelishadigandek. Perishich uchun bu summa biroz ko‘pdek, vaholanki, «MYU» bunday holga avval ham tushgan. Hamma gap sotib olingan futbolchi uchun qilingan xarajatning oqlanish yoki oqlanmasligida. Pol Pogba bilan ro‘y bergan voqeani eslang.

Ikkinchidan, Perishichning yoshi. Tahlilchi Kolin Treynorning o‘tgan yilgi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, vinger uchun eng yuqori nuqta 26 yoshga to‘g‘ri keladi, 28 yoshdan esa muntazam pasayish kuzatiladi. Ehtimol, Ivanning aynan 28 yoshda ekanligi u qadar xavotirli emasdir, ammo xorvatning kelajakni o‘ylab xarid qilinayotganini unutmaslik darkor. Perishichning tezligini yo‘qotishi mumkinligi borasida bahslashishga hojat yo‘q, uning bugungi holati yana 2-3 mavsumga yetishi ehtimoli yuqori. Ushbu transferga qarshi faktlarni umumiy holatda ko‘rib chiqish ham mumkin: «Inter» yuksak formasini yo‘qotish arafasida turgan asosiy futbolchilaridan biri uchun yirik summaga ega bo‘lmoqchi.

Joze Mourinyoning bu borada o‘z qarashlari bor, u hozirning o‘zida hamma musobaqada g‘olib chiqishni xohlaydi. «MYU»ning chempionlik tarkibini tuzish chog‘ida «Benazir»ga Perishich transferi aniq asqotadi.

«Manchester Yunayted»ga bo‘lmasa, unda qayerga?

Yana bir yaqqol variant - «Chelsi». Londonliklar bir yil avval Perishichni sotib olish harakatiga tushib qolishgan, o‘shanda tavakkal yanada ortgandi - Ivan endigina Yevro-2016da porlayotgan, «Inter» uning narxini ko‘tarib yuborgandi, yirik turnirdan so‘ng bunday futbolchi uchun nisbatan ko‘proq pul to‘lash esa kishini o‘ylantirishi tabiiy. Perishich Kontening 3-4-3 taktik sxemasiga to‘liq mos tushardi, aynan shu uslubni qo‘llagan Stefano Pioli jamoasida ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etdi - ammo hozir «Chelsi»da Azar, Pedro, Villian bor. Bunday holatda Ivanning zaxira o‘rindig‘iga «mixlanishi» ehtimoli oshadi. Yaxshisi, «MYU»ga borgani ma’qul, u yerda asosiy tarkibdan joy kafolatlanadi, taktik shart-sharoitlar binoyidek. Ayni payt «qizil iblislar»ga katta foydasi tegishi aniq.

«Manchester Yunayted» «Inter» yarim himoyachi Ivan Perishichning transferi uchun 50 million yevro to‘lashga tayyorligini ma’lum qildi. Oldinroq mankunianliklar futbolchi uchun Milan klubiga 40 million yevro taklif qilishgan. Biroq «Inter» rad javobini bergandi.

Italiya matbuotining xabar berishicha, «Inter»Perishichni 55 millionga baholamoqda. Bundan tashqari klubning yangi ustozi Luchano Spalletti xorvatiyalik o‘yinchini jamoada olib qolishni rejalashtirmoqda.

«MYU»dan tashqari Perishichga «PSJ» ham da’vogar bo‘lib turibdi.

Ma’lumot uchun

Tug‘ilgan sanasi: 1989 yil 2 fevral (28 yosh)

Fuqaroligi: Xorvatiya

Bo‘yi: 187 sm. Vazni:74 kg.

Ampluasi: yarim himoyachi

O‘ynagan klublari: «Sosho» (2006-2009); «Ruselare» (2009); «Bryugge» (2009-2011); «Borussiya» Dortmund (2011-2013); «Volfsburg» (2013-2015); «Inter» (2015-h.v.).

Xorvatiya milliy terma jamoasida 53ta o‘yin o‘tkazib, 16ta gol urgan.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:21, 23.06.2017.
O'qildi: 8967 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.