Shveysariyaning «Lugano» klubi Behruz Karimovni to‘liq transfer qilganini ma’lum qildi. O‘zbekistonlik yosh o‘ng qanot himoyachisi «Surxon» PFKdan Tessinga ko‘chib o‘tdi. 19 yoshli Karimov «Lugano» 2031 yil 30 iyuniga qadar amal qiladigan besh yillik shartnomaga imzo chekdi.
Karimov O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi hisoblanadi va yaqinda Fabio Kannavaro boshqarayotgan milliy terma jamoa tarkibida AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etdi. Unda yosh himoyachi 2006 yilgi jahon chempioni bo‘lgan italiyalik mutaxassis ishonchini qozonib, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi uchrashuvlarda maydonga tushdi.
Himoyachi uchun bu xalqaro maydondagi eng yuqori darajadagi o‘ziga xos tajriba bo‘ldi. Endi Karimov hali yosh bo‘lgan professional faoliyatida yana bir muhim qadam tashlash arafasida.
«Lugano» klubining sport bo‘yicha bosh direktori Sebastyan Pelser:
«Behruzning transferi «Lugano» klubi tanlagan yo‘lning tasdig‘idir. Klubimiz yosh iqtidorlar o‘z faoliyatini rivojlantirishi uchun munosib muhit va zarur sharoitlarni topa oladigan klub sifatida xalqaro maydonda ham tobora ko‘proq tanilishni istaydi. Behruz uchun «Lugano» Yevropa futbolidagi ilk manzil hisoblanadi. Bu yerda u faoliyatidagi keyingi qadamni tashlashi mumkin.
Uning profilini bir nechta klub diqqat bilan kuzatib bordi. Shu bois, yakunda «Lugano» klubi g‘olib chiqqanidan juda xursandmiz. Qarorlar qabul qilishda sport nuqtai nazaridan istiqbol va loyihaning sifati moliyaviy jihatlardan ustun turishi kerak. Biz yosh futbolchilarga qiziqarli va yuqori maqsadlarni ko‘zlagan muhitda rivojlanish imkoniyatini berishni istaymiz».













