Adidas firmasidan yana yangi butsa yoxud global final - Tango League. Adidas tomonidan tayyorlangan Nemeziz butsasini Londonda namoyish etish 4 nafar yosh yulduz chekiga tushdi.
Aniqrog‘i, taqdimot marosimida muxlislar o‘rtasidagi so‘rov yakuni bo‘yicha «Manchester Yunayted»ning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan ispan xavbeki Ander Errera, uning klubdoshi, «qizil iblislar» tarbiyalanuvchisi Jessi Lingard, yevromavsumning bosh kashfiyotchisi - «RB Leypsig» hujumchisi Timo Verner hamda zamonaviy futbolda jarima zarbalarining eng yaxshi ijrochilaridan biri sanalgan Leverkuzenning «Bayer» klubi yarim himoyachisi Hoqon Chalxanoglu hozir bo‘lishdi.
Yakunlangan mavsum «MYU» bilan yevroturnir g‘olibiga aylanishgan Ander Errera va Jessi Lingard yuzaga kelgan ajoyib imkoniyatdan foydalanib, YEL kubogini ham ko‘z-ko‘z qilishdi. Marosim hozirda faoliyati to‘xtagan Printworks bosmaxonasi hududida bo‘lib o‘tdi. Aytish joiz, Metro va Evening Standard gazetalari avvallari aynan shu yerda chop etilgan. Bruklinlik mashhur reper - Desiignerning taqdimot uchun maxsus yozgan Unlock qo‘shig‘i kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. «Dizayn bobidagi falsafamizning bir qismi o‘tmishga tutash. Ya’ni oldinga qadam bosish uchun ortga ham nazar solamiz,-deydi Adidas Footballning uslubiyot bo‘yicha vise-prezidenti Sem Xendi. - Xususan, Nemeziz dizayni azaliy an’analar va zamonaviy texnologiyalar g‘oyasini birlashtirgan. Umuman, to‘qilgan elastik lenta ayrim klassik mahsulotlarimiz asosiga aylanib ulgurgan. Bu uslubiyotdan boshqa sohalar, deylik, jang san’ati turlari ekipirovkalarida ham keng foydanalamiz. Xullas, ko‘p yillik tajribalarni asos sifatida olib, jahondagi eng noodatiy harakatlanishga moyil futbolchilar talabiga mos keladigan va ularning nafis to‘p surishlariga yordam beradigan mahsulot ishlab chiqarishga urindik. Kompaniyamiz bosh maqsadi - muntazam ravishda sportchilarga noodatiy harakatlanish imkoniyatini taqdim etish».
Lingard, Errera, Chalxanoglu va Verner yangi butsalarni amalda sinab ko‘rishgach, yakdil xulosaga kelishdi: «Adidas Nemezizning yuqori kengligi to‘p bilan muomala qilish darajasini yaxshilaydi». Futbolchilarning aytishlaricha, bu dribling nisbatan omadli chiqishini ta’minlaydi. Butsalarning maxsus tishlari esa yuqori tezlik va shiddat bag‘ishlaydi, ayniqsa, tabiiy maydonlarda.
Aytgancha, Lionel Messi Adidasning yangi butsasida gol urishga ham ulgurdi. Zero, u Ispaniya kubogi finalida aynan Nemezizdan foydalandi. «G‘ayritabiiiy harakat - o‘yin uslubim,-deydi Messi. - Futbolchi raqibidan o‘zib ketish uchun kutilmagan yurishlarni amalga oshirishi kerak, yana qaror chiqarishni paysalga solmaslik va hammasini maksimal tezlikda bajarish muhim sanaladi. Buning uchun oyog‘ingdagi butsaga mutlaqo ishonishing zarur. Xullas, Nemeziz shaxsiy o‘yin uslubimga ideal darajada muvofiq keldi».
Tango League xalqaro turniri finalchilari ham London kechasi qahramonlariga aylanishdi. Bunda butun jahondan taklif etilgan yosh futbolchilar to‘p bilan ishlash mahoratlarini namoyish etishdi. Tango Leaguening Rossiyadagi bosqichi g‘olibi - Yevgeniy Morev xalqaro reytingda 2-o‘rinni egalladi. U mutlaq g‘olib - myunxenlik Amar Chekichdan 6 ochko kam yig‘di.