Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Oliy liga: kutilgan natija, amalga oshmagan taxmin

Oliy liga: kutilgan natija, amalga oshmagan taxmin

Baho:
+ | -

O‘zbekiston chempionatida birinchi davra yakuniga yetdi. Oliy ligada shu vaqtga qadar kutilgan natijalar juda ko‘p bo‘lgan.

Ko‘raverib ko‘zimiz pishib ketgan. Shu bois ham ancha-muncha o‘yin bilan bizni hayron qoldirish qiyin. Ammo o‘tgan 15ta tur bahslari davomida bir qator shov-shuvli voqealar ham ro‘y berdiki, bu haqida endi alohida suhbatlashishga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston chempionati qaysi jihatlari bilan muxlislarning diqqatini o‘ziga tortdi? Biz kutgan qanday voqealar darhaqiqat ro‘yobga chiqdi-yu, qay biri hayron qoldirdi? Hozir shu haqida...

KUTILGAN VOQEALAR

YETAKCHI

O‘zbekiston chempionatida yangi mavsumda ham «Lokomotiv»ning yetakchilik qilishi oldindan kutilgan edi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Garchi mavsum boshlanishi oldidan «temiryo‘lchilar» safini bir qator yetakchilar tark etishgan bo‘lsada, bu holat ichki birinchilikdagi gegemonlikka aslo ta’sir o‘tkazmadi. «Lokomotiv»dan Server Jeparov, Temurxo‘ja Abduholiqov va Sanjar Shoahmedov ketishdi. E’tiborli jihati, ularning hech biri oliy ligada qolmadi va xorij klublariga yo‘l oldi.

Shunga qaramay, jamoada barqarorlik saqlanib qoldi. «Lokomotiv» birinchi davra yakunlariga ko‘ra, 10ta o‘yinda g‘olib chiqib, ikkita durang va ikki mag‘lubiyat bilan yaqqol yetakchi bo‘lib turibdi. «Temiryo‘lchilar» sal qolsa, birinchi davraning o‘zidayoq masalani hal qilib qo‘yishlari mumkin edi. Betaraf muxlislar baxtiga 15-turda «Bunyodkor» o‘z maydonida «Lokomotiv»ni 1:0 hisobida yengib, mavsumning ikkinchi yarmi uchun intrigani saqlab qoldi. Lekin baribir, «Lokomotiv»­ning chempionlik imkoniyati hamon yuqori bo‘lib turibdi - ikkinchi o‘rindagi «Qo‘qon-1912» bilan oradagi farq 5 ochko. Shu o‘rinda «Lokomotiv»­ning zaxirada bitta o‘yini borligini ham qo‘shimcha qilish darkor.

AUTSAYDER

Elitani tark etishga da’vogarlar borasida ham mavsum oldidan qilingan taxmin o‘zini oqlamoqda. «Obod» o‘tgan mavsum yakunida yaxshi o‘yin namoyish etib, oliy ligada qolishning uddasidan chiqqan bo‘lsa-da, bu yil yana «jon» saqlash uchun kurashishi aytilgandi. Hozircha hammasi o‘ylangan «ssenariy» ostida kechmoqda: «obodchilar» ayni vaqt musobaqa jadvalining so‘nggi pog‘onasida borishmoqda. Bu jamoa yangi mavsum oldidan tarkibni ko‘ngildagidek kuchaytira olmadi. Natijada mazkur holat qator muammolarni keltirib chiqardi. Toshkentliklar 15 uchrashuvdan faqat 2tasida g‘alaba qozonishgan. Yana 3 o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa, oz emas, ko‘p emas, naq 10 uchrashuv mag‘lubiyat bilan yakuniga yetgan.

Natijada 9 ochko jamg‘argan «Obod» yaqqol autsayderga aylanib qoldi. Katta ehtimol bilan shu klub joriy mavsum yakunida elitani tark etadi. Ushbu taxminga nafaqat jamoaning musobaqa jadvalidagi o‘rni, balki moliyaviy holati ham sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. «Obod»dagi inqiroz haqida turli xabarlar tarqaganiga ancha bo‘lgandi. Yaqinda buni jamoa bosh murabbiyi Rauf Inileev ham tan oldi. «Biz uch oydan buyon maosh olmadik, safar o‘yinlariga ham o‘z hisobimizdan borib kelmoqdamiz. Bunday sharoitda g‘alaba uchun kurashish juda qiyin», - dedi tajribali murabbiy.

Shu ketishda agar biror mo‘’jiza ro‘y bermasa, «Obod»dan faqat xotira qolmasa edi, degan hadik ham yo‘q emas. Agar mavsum oxirida u ham «MHSK», «Traktor» va «Do‘stlik» singari moziy qa’riga singib ketmasa, shuning o‘zi «Obod» uchun ulkan yutuq bo‘lardi. Oliy liga esa bir gap bo‘lar...

KUTILMAGAN VOQEALAR

YETAKCHI

«Qo‘qon-1912» o‘tgan mavsum oliy ligada qolish uchun kurashgandi. Jamoa boshqaruviga No‘’mon Hasanov kelgach, qo‘qonliklar barqaror o‘yin namoyish eta boshlashdi va elitada qolishning uddasidan chiqishdi. O‘shanda ba’zilar shu natijani ham ancha kutilmagan, deb topishgandi. Ammo ular adashgan ekanlar. «Qo‘qon-1912» haqiqiy sensasion natijalarni bu yilga olib qo‘yibdi va mavsum boshidan buyon bizni hayron qoldirmoqda. Vodiyning ushbu klubi birinchi davrada qatorasiga 11 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi va ayni payt haqli ravishda musobaqa jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

«Qo‘qon-1912» joriy mavsum o‘tkazilgan 14 uchrashuvdan 10tasida g‘alaba qozondi, yana ikkitasida durang qayd etdi. Jamoa faqat 2ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan. Agar kimdir chempionat boshlanishi oldidan shunday taxmin bildirganda, aniqki, uni aqldan ozganga chiqarardik. «Qo‘qon 1912» mana shunday aql bovar qilmas natijalari bilan ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Agar No‘’mon Hasanov shogirdlari mavsum yakuniga ko‘ra kuchli uchlikdagi o‘rnilarini saqlab qolishni uddalashsa, nafaqaga chiqqach, bemalol nevaralariga so‘zlab berishga arziydigan natija bo‘ladi...

AUTSAYDER

«Qo‘qon-1912» hayratomuz o‘yini bilan muxlislarni xursand qilayotgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatining boshqa klubi - «Neftchi»ning ishlari ancha yomon. Jamoaning shonli davri ortda qolganiga ko‘nikkandik, lekin bu qadar pastga sho‘ng‘ishini ko‘pchilik kutmagani ayni haqiqat. «Neftchi» uzoq yillardan buyon yetakchilar safidan uzoqda qolmoqda, ammo bu qadar yiroqlashib ketishi farg‘onaliklar uchun noxush yangilikka aylandi. Jamoa birinchi davrada naq sakkizta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Bu ko‘rsatkich esa 15-o‘rindan yuqorisiga tortmasligi tayin edi.

Yomon tomoni - hozirda 14-o‘rindagi «Sho‘rtan» bilan oradagi farq 4 ochkoni tashkil etadi. Bu esa «jon» saqlash uchun kurash olib borayotgan jamoa uchun ko‘plik qiladi. Hatto bosh murabbiyning almashishi ham vaziyatni o‘zgartira olganicha yo‘q. «Neftchi» boshqaruvidan Andrey Fyodorov ketib, uning o‘rnini Vadim Abramov egallagach, farg‘onalik muxlislar biroz yengil tin olishgandi. Ammo klubni «erto‘la»dan olib chiqish hozircha hatto O‘zbekiston terma jamoasi sobiq bosh murabbiyining ham qo‘lidan kelmayapti. Vadim Karlenovich «Neftchi» boshqaruvida ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrab, bittasida durang qayd etdi. Agar vaziyat o‘zgarishsiz qolaversa, farg‘onaliklar tarixda ilk marta quyi ligaga tushib ketishlari mumkin.

SOBIQ YETAKCHILAR

Bundan uch-to‘rt yil muqaddam oliy ligada g‘oliblik uchun kurash asosan ikki jamoa - «Paxtakor» va «Bunyodkor» o‘rtasida kechardi. Bu ikki klubning galma-galdan chempion bo‘lishlari esa tendensiya darajasiga chiqqandi. Ammo shundan buyon ko‘p suvlar oqib o‘tdi va endilikda vaziyat ancha o‘zgargan. Futbolga yaqinda muxlislik qila boshlagan ukalarimiz bu klublarni ko‘proq o‘rtamiyona sifatida tanib bormoqdalar.

«BUNYODKOR»

Joriy mavsum ayniqsa, «Bunyodkor» uchun juda og‘ir kechmoqda. Bir vaqtlari bu klub sharafini qit’aning va hattoki, dunyoning yetakchi futbolchilari himoya qilishgan bo‘lsa, hozirda O‘zbekiston chempionati darajasida ham o‘rtamiyona hisoblangan futbolchilar to‘p surishiga ko‘nikib qoldik. O‘z tarbiyalanuvchilariga bo‘lgan haddan ziyod ishonch va besamar seleksiya tufayli «Bunyodkor»ning ishlari ancha ortga ketdi. Ayni payt klub musobaqa jadvalida 12-o‘rinda bormoqda.

Hattoki, murabbiy almashishi ham vaziyatni o‘zgartira olmadi. Sergey Lushan ketib, o‘rniga Mirjalol Qosimov kelsa hamki, «Bunyodkor» ochko yo‘qotishda davom etmoqda. Hozir klubning asosiy umidi O‘zbekiston kubogi bo‘lib turibdi. «Qaldirg‘ochlar» kelasi mavsum Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etishni o‘z oldilarga maqsad sifatida qo‘yishgan. Aftidan, bu vazifani bajarish uchun klubga faqat shu kubok yordam bera oladi, shekilli.

«PAXTAKOR»

«Paxtakor»ning ahvoli esa nisbatan durustroq. Garchi birinchi davraning o‘zida jamoa bosh murabbiyi 4 marta o‘zgargan bo‘lsa-da, klub asta-sekin o‘zini o‘nglashda davom etmoqda. Har holda «sherlar» beshinchi o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Eng muhimi, kuchli uchlik bilan oradagi farq bor-yo‘g‘i ikki ochkodan iborat. Xuddi «Bunyodkor» bilan bo‘lgani singari, «Paxtakor» ham kelasi mavsum Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etishga umid qilmoqda. Buning uchun esa kamida eng yuqori o‘rindagi trio safidan joy olish lozim bo‘ladi.

Hozir musobaqa jadvaliga nazar tashlasak, «sherlar» mazkur vazifani bemalol bajara olishlariga amin bo‘lamiz. Biroq buning uchun hali ko‘p ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

NIMA KUTYAPMIZ?

Ikkinchi davra oldidan oliy liganing aksariyat klublarida katta o‘zgarishlar ro‘y berishi kutilmoqda. Xususan, yuqorida tilga olingan «Bunyodkor» va «Paxtakor»ga yangi futbolchilar taklif etilishi haqida gaplar yuribdi. «Sherlar» qarorgohida bu borada ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jamoa boshqaruviga Shota Arveladze keldi, shuningdek, Chernogoriya terma jamoasi himoyachisi Dario Simich ham ikkinchi davrani «Paxtakor»da o‘tkazadi. Qo‘shimchasiga «Liverpul»ning o‘tmishdagi yulduzi Rayan Babel haqida ham turli mish-mishlar bor. Mabodo bu xabar o‘z tasdig‘ini topmagan taqdirda ham, toshkentliklar safiga baribir, Yevropadan kuchli futbolchi kelsa kerak. Chunki «Paxtakor»ning yangi rahbariyati superklub tashkil etish haqida bayonot berdi.

«Bunyodkor» esa bu qadar yuqori maqsadni o‘z oldiga qo‘ya olmasada, tarkibni sezilarli tarzda kuchaytirishi aniq. Har holda, Mirjalol Qosimov jamoani qabul qilib olish oldidan rahbariyatga tegishlicha shart qo‘ygan bo‘lsa kerak.

Xullas, oliy ligada raqobatbardosh klublar soni yana oshishidan umidvormiz. «Lokomotiv»ning chempionlik kurashida katta ustunlikka egaligi va «Nasaf»ning har doimgidek kuchli uchlik uchun kurashda barqaror ishtirok etayotganini inobatga olsak, kurash yanada qizg‘in ko‘rinish olsa kerak. Bu kurashning qanday yakun topishini bilish uchun esa oliy ligani kuzatib borish lozim bo‘ladi. Nasib qilsa, ushbu mavzu yuzasidan mavsum oxirida bafurja suhbatlashamiz...

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:49, 04.07.2017.
O'qildi: 4223 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.